AQSh Rossiyaning mudofaa sohasiga aloqador 22 ta kompaniyasiga nisbatan cheklov sanksiyalari qo‘llashga qaror qildi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar bergan.
“Bugun amalga oshirilgan chora-tadbirlardan biri Rossiya mudofaa tuzilmalariga nisbatan to‘liq cheklash yuzasidan sanksiyalar qo‘llanilishi bo‘ldi”, – deyiladi Oq uy rasmiy saytida e’lon qilingan press-relizda.
“Sanksiyalar mudofaa sohasi bilan bog‘liq Rossiyaning 22 ta kompaniyasiga taalluqli, ular harbiy samolyotlar, quruqlikdagi qo‘shinlar uchun harbiy mashinalar, elektron qurol tizimi, shuningdek uchuvchisiz parvoz apparatlari ishlab chiqadi”, – deyilgan hujjatda.
Shuningdek, Oq uy bayonotida AQSh administratsiyasining Rossiyadan neft va gazni qazib olishga nisbatan eksport nazorati choralari ko‘rilgani qayd etilgan.
“Eksport nazorati asosida neft hamda gaz qazib olish uskunalariga nisbatan, shuningdek Savdo vazirligi texnologiyalar eksportiga nisbatan cheklovlar kiritadi, taqiqlar uzoq muddat davomida Rossiyaning neftni qayta ishlashdagi quvvatini ta’minlab kelgan”, – deb yozilgan hujjatda.
Hujjatda neftni qayta ishlash Rossiya qurolli kuchlarini rivojlantirishning asosiy manbayi ekanligi aytiladi.
AQSh va uning ittifoqchilari energiya resurslarini yetkazib berishning butun dunyoda pasayishini istamaydi, shu sababli ulardan tushgan mablag‘lar sanksiyalar ta’sir doirasidan chiqarilgan, deyiladi Oq uy e’lon qilgan hujjatda.
“Biroq AQSh va bizning ittifoqchilar Rossiyaning uzoq kelajakda energiya resurslarini yetkazib beruvchi yetakchi maqomiga ega chiqishga bo‘lgan manfaatlariga kuchli qarshilik ko‘rsatish borasida hamfikrmiz”, - deya ta’kidlangan hujjatda.
Avvalroq AQSh davlat departamenti vakili Ned Prays Vashingtonning sanksiyalar siyosati Rossiyaning Ukraina bilan munosabatlariga hamohang tarzda o‘zgarishini bildirgan edi.
“Nizoni bartaraf qilish uchun qo‘llanilgan ushbu iqtisodiy choralar Rossiya iqtisodiyotiga nisbatan bosimni yuzaga keltiradi. Hammasi barham topsa, ko‘rilgan chora-tadbirlar o‘zini oqlagan va “o‘q nishonga teggan bo‘ladi”. Bordi-yu hammasi o‘zgarmasa va Rossiya harbiy harakatlarni davom ettirsa, u holda sanksiyalarning ta’sir qamrovi yanada kengayadi”, – degan u.
Avvalroq Avstraliya Putin, Shoygu va Lavrovning mamlakatga kirishini taqiqlagani, AQSh ham ularga qarshi sanksiyalar e’lon qilgani, Rossiyaga qarshi qo‘llangan sanksiyalar oltinning qimmatlashishiga sabab bo‘lgani, Kanada hukumati Putin, Medvedov va Rossiyaning bir qator vazirlariga qarshi sanksiyalar kiritgani, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning yetti banki SWIFT tizimidan uzib qo‘yilgani va mamlakatga yevro ajratish taqiqlanganini e’lon qilgani haqida xabarlar berilgandi.
Rossiya—Ukraina urushiga oid tezkor, ishonchli yangiliklar va ma’lumotlarni “Daryo”ning Live sahifasi orqali kuzatib boring → @Daryo_Live