Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smailovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuv avvalida bosh vazir Alixan Smailov davlat rahbariga Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
2021-yil dekabr oyidagi sammitda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari erishgan kelishuvlarning amalga oshirilishini ta’minlash borasida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan qabul qilinayotgan choralar ko‘rib chiqilgan.
Tovar ayirboshlash hajmini orttirish va uning ko‘rsatkichlari muvozanatli bo‘lishiga erishish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yangi sanoat kooperatsiyasi va logistika markazlari tashkil etishni jadallashtirish, suv, energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, hududlararo muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Izoh (0)