Oliy ta’lim muassasalari, akademik litsey va professional ta’lim muassasalari talabalari hamda o‘quvchilari uchun avia hamda poyezd chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi imtiyozi saqlab qolinadi. Bu haqda SSV ma’lum qildi.
Bunda Transport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ta’lim muassasalari talabalari hamda akademik litsey va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari tomonidan avia hamda poyezd chiptalari xarid qilinishini tartibli ravishda talabalar va ularning ota-onalari uchun tashkil etadi.
Yuqoridagi vazirlik va idoralarda doimiy ishlaydigan shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
“Umuman, hech bir o‘quvchi va talaba chiptasiz qolmaydi”, – deyiladi xabarda.
Shuningdek, xalqaro tajribadan kelib chiqib, koronavirus infeksiyasining omikron shtammining yashirin davri qisqaligini inobatga olib, koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarning karantin muddati 14 kundan 7 kungacha qisqartiriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til 25-dekabrdan boshlangan edi. Ta’til 2022-yilning 10-yanvarigacha davom etishi va dars jarayonlari 11-yanvardan boshlanishi belgilangandi. Keyinroq oliy ta’lim muassasalarining talabalari, akademik litsey va hunar maktablari o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 24-yanvargacha uzaytirildi. Bunga sabab qilib rektorlar, prorektorlar, dekanlar va moliya masalalariga mas’ullar uchun o‘z kasbiy mahoratini oshirish, yangicha tartibda ishlashni boshlash maqsadida 2022-yil 10—24-yanvar kunlari amaliy seminar-treninglar tashkil etilishi ko‘rsatilgan.
Qishki ta’til munosabati bilan Uzbekistan Airways va “O‘zbekiston temir yo‘llari” Yangi yil munosabati bilan maxsus chegirmalar e’lon qilgan. Keyinchalik talabalarga avia va temiryo‘l chiptalarni 24-yanvargacha bepul almashtirish imkoni berilgandi.