DXXning Namangan va Andijon viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirida katta miqdordagi chet el valyutasini noqonuniy ravishda xorijga chiqarish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali orqali efirga uzatilgan lavhada ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanining chegaraoldi hududida yashovchi 32 yoshli mahalliy fuqaro boshqaruvidagi Damas avtomobili to‘xtatilib, tekshirilganda, uning saloni qismida 968,9 ming dollar borligi ma’lum bo‘lgan va protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, ushbu tumandagi yog‘och bozorida uni kutib turgan 58 yoshli, muqaddam sudlangan jinoiy sherigi ham ushlanib, uning Damas’da bo‘lgan 672,2 ming dollar miqdoridagi pul ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda vaqtincha ro‘yxatdan o‘tib yashayotgan ushbu guruh yetakchisi qirg‘izistonlik shaxs (1974-yilda tug‘ilgan) Toshkent shahrida va guruh a’zolari bo‘lmish besh nafar Qirg‘iziston fuqarolari Andijon shahrida qo‘lga olingan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1,641 million dollarning mamlakatdan noqonuniy olib chiqib ketilishiga chek qo‘yilgan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq DXX Qozog‘istonga 1 mln dollarga yaqin valyutani noqonuniy olib chiqishga uringan poyezd mashinistlarini qo‘lga olgani to‘g‘risida xabar berilgandi.