Daryo

Uzbekistan Airways Yangi yil munosabati bilan maxsus chegirmalar e’lon qildi

Imtiyozlar turli toifadagi yo‘lovchilar uchun taqdim etiladi va O‘zbekiston shaharlari o‘rtasidagi barcha qatnovlarga amal qiladi

1 daqiqa o‘qish43 402 ko‘rishlar0 izoh0

Uzbekistan Airways AJ Yangi yil bayrami munosabati bilan 31-dekabrdan 4-yanvarga qadar O‘zbekiston bo‘ylab amalga oshirilayotgan ichki reyslar aviachiptalariga 30 foizdan 50 foizgacha chegirmalar e’lon qildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, chegirmalar O‘zbekiston shaharlari o‘rtasidagi barcha qatnovlarga amal qiladi va quyidagi toifadagi yo‘lovchilar uchun taqdim etiladi:
  • yakka tartibdagi yo‘lovchilar uchun 30 foiz;
  • turistik guruhlar (5 va undan ortiq kishi), maktab o‘quvchilari, kollej, litsey, OTM talabalari, IIV, MV, DXX, DSQ, DBQ tizimi talabalari va tinglovchilari, boshqa idoralar uchun 40 foiz;
  • oila uchun 50 foiz (2 va undan ortiq, ya’ni: er-xotin va ularning 18 yoshdan oshmagan farzandlari, ota va uning 18 yoshdan oshmagan farzandlari yoki ona va uning 18 yoshdan oshmagan farzandlari);
  • nafaqaxo‘rlar uchun 50 foiz;
  • nogironligi bor shaxslarga 50 foiz;
  • 1941—1945-yillar urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga 50 foiz;
  • 1941—1945-yillarda urush va mehnat frontida ko‘rsatgan fidokorligi uchun orden va medallar bilan taqdirlanganlar uchun 50 foiz;
  • Chernobil AES halokati oqibatlarini oldini olishda ishtirok etgan ishtirokchilar uchun 50 foiz.
2 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga chegirmalardan 1 tasini qo‘llashga ruxsat beriladi. Bir nechta chegirmalarni birlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yuqorida ko‘rsatilgan chegirmalar chaqaloqlar va 2 yoshga to‘lmagan bolalar uchun amal qilmaydi. Aviachipta xarid qilayotganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari bo‘lishi kerak. Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston temir yo‘llari” ham Yangi yil munosabati bilan chegirmalar e’lon qilgandi. Mavzuga doir:
Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar