O‘zbekiston elektr energiyasi ta’minotida 25-yanvar kuni yirik ko‘lamli uzilishlar sodir bo‘ldi. Buning oqibatida deyarli barcha tarmoqlar faoliyati bir muddat izdan chiqdi. Xususan, aeroportlar yopildi, jamoat transportlari, katta-kichik ishlab chiqarish obyektlari faoliyati to‘xtatildi.
“Daryo” muxbirlari Toshkent shahrining bir nechta tuman hokimlaridan yaqin tarixda kuzatilmagan bunday favqulodda vaziyatda qanday choralar ko‘rilgani to‘g‘risida suhbatlashdi.
“Koronavirus paytidagidek birlasha oldik”
Olmazor tumani hokimi Azizxon Umarxonov hududda elektr ta’minoti uzilgach, hokimlik aholiga yordam ko‘rsatishga imkon qadar harakat qilganini aytdi.Elektr uzilishi bilan birinchi navbatdagi harakatlarimiz tibbiyot muassalariga yordam berishga qaratildi. Chunki og‘ir kasallar bor edi. Generatorlar yetkazish orqali ular uchun sharoit yaratdik. Tumanning qayerida biror masala bo‘lsa, fuqarolar hokimlikka murojaat qildi. O‘sha kuni kechqurun xalq orasida non masalasida vahima boshlandi. Tumanda 4 ta katta non ishlab chiqaradigan sexlar, 300 ga yaqin novvoyxonalar bor. Ertasiga ertalab 70-80 mingta non aholiga vaqtida yetkazib berildi.Tuman rahbarining aytishicha, favqulodda holatlarga oldindan tayyorgarlik mavjud bo‘lgan, ammo oziq-ovqat masalasida zaxirani kattalashtirish zarur.To‘g‘risini aytaman, o‘sha kuni tuman elektr tarmoqlari korxonasiga o‘zim borib o‘tirdim. Bir tomondan xalqimizning huquqiy ongi oshganini o‘sha yerda ham ko‘rsa bo‘ladi. Bir yarim-ikki soat kuzatdim, navbatchining telefoni tinmadi. U to‘xtamay qo‘ng‘iroqlarga javob berdi. Aytmoqchi bo‘lganim, fuqarolarimiz o‘zi murojaat qilishga o‘rgangan. Ya’ni “nimaga yo‘q” deb to‘palon qilmayapti. “Qachon bartaraf bo‘ladi?, Tinchlikmi ishqilib”, degan savollar berildi.
Misol tariqasida aytaman, bir onaxon telefon qildi. “Bolam svetim qachon keladi?”, deydi. O‘shanda soat taxminan 18:30 yoki 19:00 edi. Onaxon ‘Malika’mi, ‘Melek’mi degan kino bo‘layotgani haqida aytib, serialimga ulguramanmi yoki yo‘qmi?”, deydi. “Xudo xohlasa ulgurasiz, keyin takroran ko‘raverasiz”, degan gaplar ham bo‘ldi. Aytmoqchimanki, hammada o‘zaro tushunish bo‘ldi. Odamlar baqir-chaqir bilan e’tiroz bildirishmadi. Hamma to‘g‘ri qabul qildi. Elektr energiyasi taqa-taq to‘xtagach, aholimiz xuddi kovid paytida birlashganidek, jipslasha oldi.
Azizxon Umarxonov, Olmazor tumani hokimi
“Oziq-ovqat zaxiralarini ko‘paytirishimiz kerakligini tushundik. Oddiygina misol qilib aytsam, ayrim insofsiz tadbirkorlar 1 litr suvni 7—10 ming so‘mdan ham sotdi. Shamni ham qimmat pullashdi. Aholining og‘ir holatidan foydalanib bunday ishga qo‘l urish insofdan emas. Lekin biz bu masalada davlat soliq qo‘mitasi xodimlari bilan bozorlarda yurib tadbirkorlarga tushuntirish ishlarini olib bordik. Ya’ni og‘ir vaziyatdan foydalanmanglar dedik”, — deya mulohazalarini aytdi Azizxon Umarxonov.
“Vaziyat joyiga tushgunga qadar ishxonada — hokimlik binosida yotib, faoliyat yuritdim”
Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov ham respublikada svet o‘chgan kunni xotirlab, o‘z mulohazalarini aytdi. Hudud rahbarining ta’kidlashicha, favqulodda vaziyat yuzaga kelgani tufayli ishxonada qolib ishlashga to‘g‘ri kelgan.Rahbar sifatida “biz bunday vaziyatga tayyor edik, xavotirga tushmadim”, desam xato bo‘ladi. Elektr enegriyasi uzilgach, zudlik bilan tumandagi beshta organ rahbariyati birgalikda shtab tashkil etdik. Turli vaziyatda qolgan fuqarolar murojaat qilishi uchun qo‘shimcha bir qancha telefon raqamlarni ishga tushirdik. Bu haqda Sergelidagi barcha tashkilotlarning ijtimoiy sahifalari orqali aholiga yetkazishga harakat qildik.Elbek Shukurovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda shu vaqtgacha shamol va quyoshdan elektr energiya ishlab chiqarish bo‘yicha qator qonun hujjatlari qabul qilingan. Ammo 25-yanvar kungi vaziyatdan kelib chiqib, bu sohaga katta ahamiyat qaratish, jarayonni tezlashtirish zarur.Bundan tashqari, hududdagi metro liniyalarini nazorat qildik, tumandagi mavjud ikkita qozonxonaning ishlash faoliyatini ko‘zdan kechirdik. Prokuratura xodimlari esa ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narxi asossiz ravishda oshib ketmasligi bo‘yicha nazorat tadbirlarini olib bordi. Bu harakatlarimizdan maqsad — fuqarolar vahimaga tushishining oldini olish edi. Vaziyat joyiga tushgunga qadar ishxonada — hokimlik binosida yotib, faoliyat yuritdim. Buni yashirishning hojati yo‘q. Ishxonada barcha sharoitlar bor.
Bilasizmi, o‘sha kungi vaziyat biz uchun bir sinov, saboq bo‘ldi. To‘g‘ri, odam bunday kutilmagan holatdan o‘ziga saboq olishni istamaydi. Lekin bu holat menga dars bo‘ldi, mavjud kamchiliklar ko‘zga tashlandi, sohani chuqur tahlil qildik.
Elbek Shukurov, Sergeli tumani hokimi
“Bu borada Amerika ixtiro qilish shart emas. Tadbirkorlarga soliq imtiyozlari, subsidiyalar ajratib, qo‘llab-quvvatlash kerak, xolos. Mazkur tartibni shu soha rivojlangan qator davlatlarda uchratish mumkin. Shu orqali davlatga yengillik yaratiladi, ma’lum miqdordagi mablag‘lar iqtisod qilinadi”, — deydi hudud rahbari.
Shuningdek, hokim yo‘l patrul va post patrul xizmatlari xodimlari haqiqiy qahramonlik ko‘rsatganini ta’kidladi.
“Xayriyatki, insonlarni evakuatsiya qilishga hojat bo‘lmadi”
Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov ham respublikada tok uzilgan paytda ko‘rilgan choralar to‘g‘risidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Hudud rahbari favqulodda holat xuddi imtihondek bo‘lgani, ammo hokimlik undan o‘ta olmaganini afsus bilan aytdi.
25-yanvar kuni soat 11:00 larda “Sharq” va “Sharaf” mahallalarida hokim yordamchilari bajargan ishlarni o‘rganayotgan edik. Ko‘p qavatli uyning yer to‘lasiga tushganimizda svet o‘chdi. Zudlik bilan tuman hokimligiga keldik. O‘zim boshchiligimda ishchi guruh tuzdik. 55 ta mahallaga xodimlarni biriktirdik. Mahallalardagi ishchi guruhlar aholiga elektrning uzilishi respublika miqyosida bo‘layotgani, uni tiklash ishlari olib borilayotganidan ogohlantirdi. Tumandagi 7 ta shifoxonaga ham mas’ullarni biriktirdik va kerakli yordamlarni berdik. Hayriyatki, insonlarni evakuatsiya qilishga hojat bo‘lmadi. Xalqimiz vaziyatni to‘g‘ri tushundi.Tuman miqyosida gapiradigan bo‘lsam, elektr energiyasining o‘chishi biz uchun imtihon bo‘ldi, afsuski bundan o‘tolmadik. Kamchiliklarimiz juda ham ko‘p ekan. Bu bo‘yicha o‘z tahlillarimizni boshladik. Qayerlardagi kamchiliklarni birinchi to‘g‘rilash haqida o‘yladik. Gazdagi bosim tushib ketdi, qozonxonalar ham ishlamadi. Sekin-sekin ishlashni boshladi, bularning hammasiga qo‘shimcha energiya resurslari kerak ekan.
Shavkat Mavlonov, Chilonzor tumani hokimi
O‘zbekistonda kuzatilgan elektr energiyasining yirik nosozligi xronologiyasi
25-yanvar kuni soat 11:00 larda Sirdaryo IESda yuz bergan qisqa tutashuv tufayli 6 ta energoblok o‘chib, umumiy ishlab chiqarish quvvati 1500 megavattdan ortiq yo‘qotilgani oqibatida O‘zbekistonning qator viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti uzildi. Buning natijasida Toshkent metropoliteni faoliyati ham to‘xtab qoldi. Respublikaning ko‘pgina hududlarida suv o‘chdi, Toshkent xalqaro aeroporti aviareyslarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi.Keyinroq Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan elektr energiyasida kuzatilayotgan nosozlik bo‘yicha komissiya tuzildi. 26-yanvar soat 02:30 holatiga ko‘ra O‘zbekistonning yettita hududida, jumladan, Toshkent shahrida ham elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklandi.
Shavkat Mirziyoyev 26-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham mamlakatda sodir bo‘lgan elektr energiyasi bilan bog‘liq holat yuzasidan munosabat bildirdi. Davlat rahbari mamlakatda kuzatilgan elektr energiyasi bilan bog‘liq holatda “eng ko‘p Sirdaryo IES yonib ketishdan qo‘rqqanini” ta’kidladi.
Energetika vazirligi 27-yanvar kuni soat 16:00 da respublikadagi barcha hududlarda elektr ta’minoti to‘liq tiklangani haqida xabar berdi. Shunday qilib mamlakat hududlarida elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklanish uchun 48 soatdan ortiqroq vaqt kerak bo‘ldi.