Toshkentda elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgani bois 25-yanvar kuni poytaxt metropolitenining ayrim yo‘nalishlari bo‘ylab avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Toshshahartransxizmat” tarkibidagi MAN RR3 (sayyohlik) rusumli avtobuslar ajratilgan bo‘lib, ular Buyuk ipak yo‘li va Olmazor yo‘nalishi bo‘yicha metropolitenning barcha stansiyalarida to‘xtab o‘tish asosida yo‘lovchilarga transport xizmatlarini ko‘rsatadi.
25-yanvar kuni soat 11:00 larda O‘zbekistonning qator viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti uzildi. Toshkent metropoliteni faoliyati ham to‘xtagan, Respublikadagi barcha poyezdlar o‘z manzillariga kechikib yetib borishi aytilmoqda. Toshkent shahar IIBB esa tibandliklarning oldini olish maqsadida ko‘chaga zarurat bo‘lmasa, shaxsiy mashinada chiqmaslikni tavsiya qilmoqda.
Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Toshkent viloyatidagi Chorvoq, Hojikent va Tovoqsoy gidroelektr stansiyalari, Navoiy viloyatidagi Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi hamda Farg‘ona viloyatidagi Farg‘ona issiqlik elektr markazi orqali energetika tizimiga quvvat uzatish boshlangan. “Daryo” nashri xodimlari va o‘quvchilarining xabar berishicha, Toshkent shahrining ayrim hududlarida elektr ta’minoti tiklanmoqda.
Izoh (0)