Gor Investment Ltd (Buyuk Britaniya) Asia Alliance Bank’ning asosiy egasiga aylandi. Korporativ axborot yagona portaldagi ma’lumotlarga ko‘ra, endidan boshlab kompaniyaga bankning 576,7 mln oddiy aksiyalari tegishli.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) hamda Moliya vazirligi bankning afillagan shaxslar ro‘yhatidan chiqarib tashlandi.
DABA tasarrufidagi aksiyalarini Gor Investment Ltd kompaniyasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror o‘tkan yili iyul oyida qabul qilingan edi.
O‘sha davrda investor tomonidan bankni kompleks transformatsiya qilish, zamonaviy axborot texnologiyalari va dasturiy ta’minotlarni joriy qilish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish hamda bankning xalqaro reytinglardagi mavqeini oshirish bo’yicha chora-tadbirlar davom ettirilishi ko‘zda tutilganligi haqida ma’lumot berilgan edi.
2019-yildan beri Asia Alliance Bank butunlay davlatga qarashli edi. Ungacha bo‘lgan yillarda Gor Investment Ltd bankning yirik aksiyadorlari orasida bo‘lgan.
2020-yilda bankning nazorat paketi Yaponiyaning “Sawada Holdings” kompaniyasiga sotilishi rejalashtirilgan edi.
2021-yil uchinchi chorak yakuniga ko‘ra Asia Alliance Bank 41 mlrd so‘m sof foyda olgan.
Gor Investment Ltd 1999-yilning 5-avgustida tashkil topgan. To‘liq nomi “Gorefield International Group Limited” bo‘lgan ushbu kompaniya asosan moliyaviy xizmatlar va investetsiyalar bilan shug‘ullanadi.
Izoh (0)