AQShning 26-prezidenti Teodor Ruzveltning Nyu-Yorkdagi Amerika tabiiy tarixi muzeyiga kiraverishda o‘rnatilgan otliq haykali olib tashlandi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Haykaltaroshlik kompozitsiyasi muzey oldiga 1940-yilda o‘rnatilgan. Unda Ruzvelt ot ustida, uning yonida esa Amerikaning tub aholisi vakili va asli afrikalik bo‘lgan ikki kishi piyoda tasvirlangan. 1970-yillardan beri faollar yodgorlikni bir necha bor tanqid qilib, uni olib tashlashni talab qilgan.
Haykalni olib tashlash to‘g‘risidagi yakuniy qaror 2020-yilning yozida afroamerikalik Jorj Floydning o‘limidan keyingi norozilik namoyishlari fonida qabul qilingan edi. Muzey prezidenti Ellen Fatterning aytishicha, zamonaviy jamiyatda yodgorlikning kompozitsion mohiyati ko‘pincha irqchilik va mustamlakachilik ramzi sifatida qabul qilinmoqda.
Haykalni olib tashlash tarixiy merosni saqlash bo‘yicha mutaxassislar rahbarligida amalga oshirildi va shahar boshqarmalari bilan kelishildi, dedi muzey vakili. Ish taxminan ikki million dollarga tushgan.
Endi yodgorlik konservatsiyaga, so‘ngra Shimoliy Dakota shtatining Medora shahrida 2026-yilda ochilishi rejalashtirilgan Ruzvelt prezidentlik kutubxonasiga yuboriladi.
Izoh (0)