Shavkat Mirziyoyev 20-yanvar kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, suhbatda O‘zbekiston—Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida mustahkamlashning dolzarb masalalari batafsil ko‘rib chiqilgan.
“O‘zaro savdo ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishi, sanoat, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport sohalarida amaliy hamkorlik ko‘lamining kengayishiga xizmat qilayotgan kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Hududlararo almashinuvlar faollashib, birgalikda muhim gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Yetakchilar yaqinda o‘tgan hukumatlararo muzokaralarning natijalarini yuqori baholab, ikki birodar mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni tubdan kengaytirish muhim ekanini qayd etgan.
O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari mintaqa kun tartibi va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik jihatlari yuzasidan fikr almashgan. Bo‘lajak uchrashuv va tadbirlar rejasi muhokama qilingan.
Telefon orqali muloqot iliq, do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan.
Izoh (0)