1-dekabr — butunjahon OITSga qarshi kurash kuni. Bu kasallik bilan yashab yurgan bemorlarning his-kechinmalari va ularga nisbatan turli xil munosabatlar haqida hikoya qiluvchi real voqealarni “Daryo” o‘zbek tiliga tarjima qildi.

Foto: Getty Images

Kasallikning paydo bo‘lishi shartli ravishda 1978-yilga to‘g‘ri keladi, lekin ba’zi olimlar 1926–1946-yillar orasida OIV (Odamning immunitet tanqisligi virusi) odamga maymundan, uni ovlash natijasida, yuqqan degan qarashni olg‘a suradi. Bundan tashqari, so‘nggi tadqiqot natijalari bu virus odamlar orasida ilk bor XVII asrda paydo bo‘lgan degan taxminni o‘rtaga tashlaydi. Biroq OIV epidemiya shtammi sifatida faqat XX asrning 30-yillarida Afrikada o‘zini namoyon qilgan. Inson tanasidagi OIVni tasdiqlovchi ilk qon namunasi 1959-yilga to‘g‘ri keladi.

O‘sha yili Kongodan kelib, qon topshirgan afrikalik bemor OITSdan vafot etgan. O‘limga olib keluvchi ushbu kasallik to‘g‘risida dastlabki xabarlar 1981-yilda AQShda paydo bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan bemorlar soni orta boshlagan. Kasallikka “OITS — orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi” deb nom berilgan.

OIV kasallikning boshlanish bosqichi bo‘lib, so‘nggi bosqichda OITSga o‘tadi. Dunyoda haligacha unga qarshi tayinli davo chorasi o‘ylab topilmagan. Yuqtirib olish xavfi, asosan, qon quyish, giyohvand moddalar qabul qilish va pala-partish jinsiy hayot kechirish oqibatida oshadi.

“Bu tashxis meni 15 yildan ortiq vaqt mobaynida butunlay boshqa odamga aylantirdi”

OIV menga 18 yoshimda yuqqan. Aksariyat qizlar kabi, shu yoshda o‘zimdan katta erkakka ko‘ngil qo‘yib turmushga chiqqandim. Keyinchalik ayon bo‘lishicha, u men bilan tanishishdan avval giyohvand moddalar qabul qilgan va OIVga chalingan ekan. O‘sha vaqtlar, 2005-yilda, bu kasallik to‘g‘risida hech nima bilmasdim, erim esa tashxisni mendan yashirgan.

Kasalligim haqida homiladorlik bo‘yicha ro‘yxatga olish vaqtida bildim. Shifokorlar o‘shanda bolani oldirib tashlashga majbur qildi. Bola go‘daklik vaqtidayoq o‘lishini, o‘zim ham besh yildan ortiq yashamasligimni aytdi. Hali vaqtim ko‘p edi — 19–20 hafta, lekin baribir boshqalardan ajratib qo‘yishdi. Kasalxonada juda ko‘p dahshatli gaplarni aytishdi — qarindoshlarimga idish-tovoqlar orqali yuqtirib qo‘ysam, hammamiz o‘lar emishmiz. Oq xalatli xolajonlar uchun men kabi 18 yashar qizaloqqa bosim o‘tkazish qiyinchilik tug‘dirmasdi.

Menda bolani oldirib tashlashga ko‘rsatma yo‘q edi, lekin muddat ko‘pligiga qaramay, shifokorlar bunga majbur qildi. Onam tashxisni mendan ham avval bilgan — shifoxona xodimlari roziligimsiz unga aytib qo‘ygandi.

Bundan xabar topgan erim juda qo‘rqib ketdi. Uzoq vaqt qorasini ko‘rsatmadi — ish joyida navbatchilikda qoldi, chunki qarindoshlarim uni sudga berishidan qo‘rqqandi. Men oshkor bo‘lgan tashxisim bilan bir chetda unutilib qolib ketdim. Birinchi yili olti marta o‘z jonimga qasd qilishga urinish, asabiy zo‘riqish, jazava, spirtli ichimliklar bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. O‘z jonimga qasd qilish harakatini ilk bor shifoxonadan bolani oldirib chiqqan kunimoq amalga oshirganman.

Homilamni oldirgan shifoxonadagi hamshira tashxisimni butun shaharga ovoza qilibdi. Shahar kichkina edi, bor-yo‘g‘i 20 ming kishidan iborat. Bir kuni ko‘chada ketayotib sinfdoshimni ko‘rib qoldim — u meni payqab, ko‘rishmaslik uchun yo‘lning narigi betiga o‘tib ketdi. Keyin men do‘konga kirgach, sotuvchi shunday dedi: “Do‘konni yopyapmiz, boshqa bu yerga kelma”. Odamlar kasalligimdan xabar topganini anglab, ikkinchi marta o‘zimni o‘ldirishga harakat qildim.

Bo‘lib o‘tayotgan voqealar meni qanchalar azobga solayotganini onam ko‘rdi. U ham dahshat va qo‘rquv ichida edi. Bu haqida “unutishim” ikkimiz uchun ham yaxshi bo‘lardi, shuning uchun ko‘p yillar davomida bu mavzuni tilga olmadik.

Oradan bir qancha vaqt o‘tib, erim qaytib keldi. U OIVni inkor eta boshladi: bularning barchasi bema’nilik ekanini, hech qanday xavf yo‘qligini aytib, OIV va OITSni “XXI asr safsatasi” deb atadi. U oxiri meni ishontirdi va men ham OIV dissidentiga aylandim. Qanchadir vaqt u bilan birga yashadik, ajrashganimizdan keyin esa Irkutsk shahridagi viloyat markaziga ko‘chib o‘tdim.

U yerda institutdagi o‘qishimni tiklab, kunduzgi bo‘limga o‘tkazdim va o‘z hayotim bilan yashay boshladim. 2010-yilda pnevmokist pnevmoniyasi tashxisi bilan kasalxonaga yotdim. Bu yerda, birinchi haftaning oxiriga kelib, allaqachon OITS bosqichiga o‘tganimni aytishdi: 14 ta hujayra qolgandi (tanada kasallikni qo‘zg‘atuvchi bakteriyalarni aniqlaydigan CD4 hujayralari nazarda tutilmoqda — “Daryo” izohi), virus yuki esa 25 millontani tashkil etardi. Menda, shuningdek, sil kasalligi, meningit va boshqa yoqimsiz narsalar aniqlandi. Vaznim o‘shanda atigi 38 kilogramm edi, nogironlar aravachasida harakatlanardim, hujayralar soni esa nolga qarab borardi. Onam buni bilgach, insult bo‘lib qoldi.

Men Irkutskdagi viloyat OITS markazida davolandim — shifokorlar meni rostakamiga qayta tiriltirdi. OIVga chalingan erkak bilan ham o‘sha yerda tanishdim va u keyinchalik mening ikkinchi turmush o‘rtog‘imga aylandi. Lekin turmushimiz o‘xshamadi. Turmush o‘rtog‘im zo‘ravon bo‘lib chiqdi. “Senday OITSga chalingan ayol hech kimga kerakmas, kuning bityapti, seni go‘r og‘zidan tortib olgandim”, — dedi. U meni urardi, masxara qilardi — men undan qochib qutuldim va bir muncha vaqt psixoterapiyaga qatnadim.

2016-yili birinchi erimning o‘limidan xabar topdim — u OIV dissidentiligicha qolib, OITS va sil kasalligidan vafot etgandi.

Bugun o‘zimni ko‘p narsa uchun kechirolmayman, ayniqsa, onamning o‘limi uchun. Undan tashqari, o‘z sog‘lig‘imga bo‘lgan munosabatim ham yaxshi emasdi. OIVni tan olmay, o‘zimni nobud qilishim va bu “bilag‘onligim”dan ko‘pchilik aziyat chekishi mumkin edi.

2011-yilda o‘zimga kelib, ko‘ngilliga aylandim: odamlarga o‘z kasalligini qabul qilishga ko‘maklasha boshladim, terapiya najotkorimiz ekaniga, yashay olishimizga ishontirdim. Ko‘ngilli sifatida men Irkutsk viloyatida OIV profilaktikasi, bemorlar huquqini himoya qilish kabi ishlar bilan shug‘ullanaman.

Bu tashxis meni 15 yildan ortiq vaqt mobaynida butunlay boshqa odamga aylantirdi. Ba’zilar OIV ularning hayotini o‘zgartirmaganini aytadi, lekin menda keskin o‘zgarish bo‘ldi. Xushxulq, a’lochi qizdan zirhli xonimchaga aylandim, endi qandaydir kuchli sezgilar va his-tuyg‘ularga qodir bo‘lmasam kerak. Hammasini ichimga ko‘mdim.

Men hatto dushmanimga ham ravo ko‘rmaydigan kulfatlardan omon qoldim. 2005-yildan beri ko‘p toshlar otildi, haqoratlar qilishdi, onamdan ayrildim – bularning barchasi meni hozirgi insonga aylantirdi.

Mariya, 34 yosh

“Erkak kishi yig‘lamaydi degan safsataning ahamiyati qolmadi”

“OITS” so‘zini birinchi marta maktabda o‘qib yurgan paytlarim eshitganman. O‘sha kunni yaxshi eslayman — darsdan keyin uyga keldim, onam ishda ekan, pechkada esa ovqat turardi. Oshxonaga kirib, radioni yoqdim. O‘sha vaqtlar Saratovda “Maksimum” radiosi endi-endi paydo bo‘lgandi, sinfimizda uni eshitish urfga kirgandi. Radioda Zemfiraning “Senda OITS bor, demak umrimiz bitdi” degan qo‘shig‘i berilayotgan ekan. Men OITS nimaligini bilmasdim, lekin bu so‘z esimda qoldi. Onam ishdan qaytgach, undan OITS nima ekanligini so‘radim, u esa “proletarka podyezdlarida o‘ziga igna sanchadigan giyohvandlar kasalligi” ekanini va buni yuqtirgan odam “juda qiynalib o‘lishi”ni aytdi. O‘shanda shu bilganim menga yetarli bo‘ldi va negadir bu kasallikka chalingan kishilar badbasharaga aylanib, uyidan chiqmay qo‘yadi, shifokorlar esa uning yoniga vabo epidemiyasi vaqtidagi kabi maxsus kiyimlarda kiradi deb o‘ylagandim.

Vaqtlar o‘tib, o‘rta maktabni bitirdim va universitetga kirib, qizlar bilan uchrasha boshladim. Hayotim tengdoshlarimnikidan deyarli farq qilmasdi: kunduzi darslarda qatnashib, tunni do‘stlarim bilan o‘tkazardim. Boz ustiga, yashash tarzim ham oddiy edi: kamchiqim talaba sifatida ommaviy ziyofatlarda bir necha bokal arzon pivo ichardim, ba’zan chekib turardim, lekin giyohvand moddalar qabul qilmaganman. 18 yoshimda birinchi qiz bilan, 19 yoshimda ikkinchisi bilan tanishdim, oradan bir necha yil o‘tib esa Alina ismli ajoyib qoramag‘iz qiz bilan uchrasha boshladim. Avvaliga onda-sonda uchrashib turdik, keyin esa birga yashay boshladik. Ochig‘i, ba’zan boshqa go‘zal qizlarga ham ko‘z olaytirib turardim, lekin Alinaga hech qachon xiyonat qilmaganman. Hayotimiz, umuman olganda, silliq kechayotgandi. “Politex” hududidagi to‘kilib tushay degan, gulqog‘ozlari ko‘chib ketgan bir xonali uyni ijaraga oldik va tartibga keltirib, birga yashay boshladik. Qishda uyda o‘tirardik, yozda esa platskartada Sochi yoki Sankt-Peterburgga yo‘l olardik.

2010-yilda hammasi o‘zgarib ketdi. O‘sha kuni qiz uyga odatdagidan ko‘ra kechroq kelib, jiddiy gaplashib olishimiz kerakligini aytdi. Odatda, jiddiy suhbatlar ortida ajrashish niyati turadi, men ham xayolan aynan shuni kutgandim — u boshqa kim bilandir tanishganini aytib, ozroq ko‘z yosh to‘kadi va biz ajrashamiz, deb o‘ylagandim. Lekin hammasi ancha murakkab bo‘lib chiqdi. “Menda OIV bor ekan. Menimcha, sen ham tekshiruvdan o‘tishing kerak”, — dedi u o‘ziga xos bo‘lmagan qandaydir bosiq ovozda. U iloji boricha xotirjam va jiddiy ko‘rinishga harakat qilardi, uni bunday qiyofada hech qachon ko‘rmagandim. OIVni sobiq yigitidan yuqtirib olganini taxmin qilayotgandi. Aytishicha, u yigit Alina bilan tanishishdan avval betartib hayot kechirgan: podyezdlarda shubhali kishilar bilan o‘ralashib yurgan, o‘ng kelgani bilan aloqa qilgan, lekin Alina bilan ko‘rishgach birdan yaxshi tomonga o‘zgargan. Undan yuz o‘girsam, meni to‘g‘ri tushunishini aytdi, tashxis haqida onasiga bildirib qo‘ymasligimni iltimos qildi, chunki buni “ko‘tara olmas ekan”.

Psixologlarning aytishicha, odam kuchli stress paytida derealizatsiyani boshdan kechirishi mumkin ekan. Ya’ni sodir bo‘layotgan hodisalar aslida haqiqiy emas, bularning barchasi aynigan miyaning o‘yinlari, deb o‘ylay boshlaysan. O‘sha vaqtda buning nima ekanligini to‘liq his qildim. O‘n daqiqalar chamasi bitta nuqtaga — yog‘och derazaning oqqa bo‘yalgan tutqichiga tikilib, undan ko‘zimni uzolmay o‘tirdim. Men otasi muhandis va onasi o‘qituvchi bo‘lgan, tuppa-tuzuk odamman. Qanday qilib fohishalar va giyohvandlar bilan o‘ralashib qoldim? Qayerda xato qildim? Qizga OIV qayerdan yuqib qolgani yoki bunga sobiq yigitining qanchalik aloqasi borligi meni qiziqtirmasdi. Men uchun faqat endi qanday yo‘l tutishim kerakligi qiziq edi. Ehtimol, o‘sha vaqtda xudbinligim eng yuqori cho‘qqiga chiqqan.

Shu orada Alina menga nimalardir dedi. Kechirim so‘raganidan so‘ng hatto quchoqlashga urindi, lekin eshitganlarim shu qadar hayratga solib qo‘ygandiki, na uning ovozini eshitdim, na teginganini sezdim. Negadir o‘ng qo‘lim jimirlab ketdi, keyin esa butun belimga igna sanchilgandik his qildim. Yig‘lagim va qichqirgim kelardi, lekin ichimdan hech sado chiqmasdi. Indamay karavotga borib, cho‘zildim. Alina bilan gaplashib, endi nima qilish kerakligini maslahatlashib olish o‘rniga, bir necha soat qimir etmay yotdim. Keyin soat, taxminan, o‘nlar atrofida bo‘kirib yig‘lay boshladim. O‘sha vaqt erkak kishi yig‘lamaydi degan safsataning ahamiyati qolmadi. Ertalab test topshirgani bordim, sezganingizdek, natija ijobiy chiqdi. Shundan so‘ng olti oy o‘ta tushkun kayfiyatda yurdim. Bu vaqt davomida psixologlar va psixiatrlarga qatnadim, antidepressantlar qabul qildim, pulli shifokorlar ko‘rigiga bir necha ming rubl sarfladim. Hozir ahvolim ancha yaxshi, mutaxassisligim bo‘yicha ish topdim va ba’zi do‘stlarimga dilimni yordim. Darvoqe, Alina bilan hali ham birgamiz.

Arkadiy, 31 yosh

“OIV hayotimni tanib bo‘lmas darajada yaxshi tomonga o‘zgartirdi”

Hikoyam oddiy. Men nosog‘lom muhit hukm surgan oilada tug‘ilganman. U yerda bolaning fikri bilan hech qachon qiziqishmagan, his-tuyg‘ularini inobatga olmay, undan nimadir talab qilishgan va majburlashgan. O‘smirlik vaqtlarimdan e’tibor va muloqotni ko‘chadan izlay boshladim. Erta turmushga chiqdim, u esa uzoq davom etmadi va 20 yoshimda boshi ochiq ayolga aylandim. Erk meni mast qilib, yigitlarni birin-ketin alishtira boshladim. Chamasi, 50 ta erkak bilan tanishdim.

Doim spirtli ichimliklar ta’sirida yurib, himoyalanish haqida umuman o‘ylamasdim. Pala-partish hayot kechirdim. 22 yoshda tegishli tekshiruvlardan o‘tib, abort qildirdim. Oradan bir hafta o‘tib, menga yuqumli kasalliklar bo‘limidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Borsam, shifokor qog‘ozsiz, toza stolda kartamni qo‘lida aylantirib o‘tirardi. Meni kutishayotgan ekan. Xonadagilarning g‘amgin nigohini ko‘rib, hozir qandaydir sovuq xabarni yetkazishadi deb o‘yladim. Qalpog‘imni ham yechishni unutib, kursiga o‘tirdim.

— Ayting-chi, oxirgi marta qachon OIV tekshiruvidan o‘tgansiz?

— Bir necha yil avval (tanosil kasalligiga chalinganimdan so‘ng majburiy o‘tkazishgan).

— Sizda seropozitiv analiz. Bu tashxis tasdiqlanishi mumkinligini anglatadi. Falon manzildagi OITS markaziga boring.

O‘sha kuni 1-Dachniyga bordim. OITS markaziga hovlilar orqali o‘tish kerak. Odamlardan so‘ragani qo‘rqdim, o‘zim esa topishga qiynaldim. Bu so‘zni aytishga qo‘rqardim, tilim aylanmay qolardi, “fohisha” deb o‘ylashlaridan cho‘chirdim. Ozroq tentirab yurganimdan so‘ng baribir keksa er-xotindan so‘rashga qaror qildim. Ular umuman xijolat tortmadi, qo‘li bilan ko‘rsatib yubordi. Ulardan buni so‘ragan birinchi odam men emasligim aniq edi.

OITS markazi shifokori bir yil davomida har uch oyda bir marta qon topshirishim kerakligini tushuntirdi. Tashxis tasdiqlanmasa, meni ro‘yxatdan chiqarishar ekan. Tashxislar qanchalik ko‘p tasdiqlanadi, statistik ma’lumotlar qanday, degan savolimga ular shunday javob berdi: “Xavf ostida bo‘lsangiz (pala-partish jinsiy hayot kechirsangiz yoki giyohvand moddalar qabul qilsangiz), tasdiqlanishi ehtimoli katta. Agar unday bo‘lmasa, tasdiqlanmaydi. Virus o‘z-o‘zidan kelib qolmaydi-ku”. Shunda o‘yin-kulgi tugaganini tushundim.

Oradan to‘rt kun o‘tdi. Menga qo‘ng‘iroq qilib, OITS markaziga chaqirishdi. Birinchi tahlil natijasiyoq ijobiy bo‘lishini taxmin qilgandim. Navbatda turgan payt ko‘zimdan duv-duv yosh oqqani, OITS markazidan onamga qo‘ng‘iroq qilganim esimda. Shifokor menga tashxis tasdiqlanganini, aniq natija uchun yana bir marta tekshiruvdan o‘tishim kerakligini aytdi. Psixolog yordamiga ehtiyojim bor yoki yo‘qligini so‘rashdi, men kerak emasligini aytdim. Gap shundaki, o‘shangacha bu yangilikka ko‘nikib bo‘lgandim.

Oradan yetti yil o‘tdi. Gapim telbalikday tuyulishi mumkin, lekin OIV hayotimni tanib bo‘lmas darajada yaxshi tomonga o‘zgartirdi. Yaqinda OITS markazi shifokorlariga hech narsadan afsuslanmasligimni va OIV hayotimdagi eng yaxshi voqea ekanligini aytdim. Shifokorlar hayratiga javoban: “Xudo bir siyladi”, — deb javob berdim. Tashxisni qabul qilish psixologik jihatdan qiyin kechmadi. OIV meni ruhiy tushkunlikka ham og‘ir tashvishga ham solib qo‘ymadi. Tasodifiy aloqalardan asta-sekin voz kechdim. So‘ngra giyohvand moddalardan xalos bo‘ldim. Yana bir necha yildan so‘ng ichish va chekishni ham tashladim. Keyin OIV bilan kasallangan erkakka ikkinchi bor turmushga chiqdim va sog‘lom farzandni dunyoga keltirdim. OIVdan oldingi hayotimni eslasam, dahshatga tushaman. Hamma narsani o‘zimizga va dunyoga bo‘lgan munosabatimiz hal qiladi. Hatto OIV bilan ham to‘laqonli hayot kechirish mumkin.

Men “ochiq yuz bilan” yashayman. OIVga chalinganlar tilida bu o‘z tashxisingni yashirmaslikni anglatadi. Bu ko‘ringan odamga jar solaman degani emas. Lekin ko‘plab boshqa OIVga chalingan kishilar kabi sir saqlamayman. Ishonchim komil, mamlakatimizdagi epidemiya muammosi faqat odamlar bu haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasligida emas, balki OIV bilan kasallanganlar o‘z muammosini imkon qadar sir tutishga harakat qilayotgani bilan ham bog‘liq. OIV yuqtirgan har bir shaxs hech bo‘lmasa do‘stlariga va qarindoshlariga o‘z ahvoli haqida aytib bera olganida edi, odamlar bizning qanchalar ko‘pligimizni va istalgan kishi bundan zararlanib qolishi mumkinligini tushungan bo‘lardi. Shunda odamlar o‘z sog‘ligiga e’tiborliroq bo‘lardi, himoyalangan jinsiy aloqani tanlardi, giyohvand moddalarni rad etish haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Natalya, 31 yosh

“Katta yoshli kishilar orasida ham OIV haqidagi asossiz qarashlarga ishonadiganlarni ko‘rdim”

Men o‘ninchi sinfda o‘qiyman, hozir 11-sinfga o‘tyapman. Kitob o‘qishni yoqtiraman, psixologiyaga ham qiziqaman. Odamlar OIV bilan kasallangan kishilardan qo‘rqish kerak emasligini tushunishi uchun o‘zim haqimda hikoya qilib berishga qaror qildim.

Onamning aytishicha, OIVni kichkinaligimda qon quydirish orqali yuqtirib olganman. Keyin ota-onam meni OITS markaziga olib borgan va u yerda menga dori yozib berishgan. Lekin o‘shanda kasalligim haqida bilmasdim. Hatto bunday kasallik borligidan ham xabarim yo‘q edi.

Tashxisim haqida bir yarim yil avval bildim. Onamga qo‘ng‘iroq qilib, bolalar uchun ajoyib uchrashuv uyushtirilayotganini aytishibdi. Oromgohni eslatardi: u yerda bir hafta yashashimiz kerak ekan. Tadbirda bolalar ko‘p edi, bizga OIV haqida aytib berishdi. Men qo‘rqib ketdim: sog‘lig‘im yaxshi. Bu yerda nima qilib yuribman, o‘zi? Keyin menda ham OIV borligini tushundim.

Yig‘ilishda jamg‘arma ta’sischilari va boshqa ko‘plab kishilar ishtirok etdi. Eshitganlarim esa menga taskin berdi. Bunday kasallik bilan yashash mumkin ekan. Lekin, albatta, hammasi o‘zgardi. Boshqa kasalliklar to‘g‘risida ham o‘z bilimimni oshira boshladim. Odatda, bunday bemorlarni odamlar barmog‘i bilan ko‘rsatadi. Men esa bu kabi mavzularni chuqur o‘rganaman va boshqalarga o‘xshamaslik uchun hammasini tushunishga harakat qilaman.

Hozircha ahvolim haqida dugonamga aytdim, xolos. U juda yaxshi qiz. Tadbirda eshitganlarimning barchasini unga tushuntirdim. U gaplarimni qabul qildi. Buning hech qanday yomon tomoni yo‘q, deb javob berdi. Axir, oramizda yuqish xavfini oshiradigan munosabat yo‘q, OIV esa sanoqli yo‘llar bilangina o‘tadi, xolos, dugonamga yuqtira olmayman.

Dorilarni bir yarim yildan beri qabul qilyapman. Baxtimga, hozircha bir kunda atigi bir dona tabletka ichaman. Davolanish jarayoni uncha halaqit bermaydi va hayotimga cheklovlar qo‘ymaydi. Bular nonushta va kechki ovqatni tanovul qilishday oddiy holga aylangan. Tabletkalarni bir xil vaqtda ichish tavsiya qilinadi. O‘zingizga shunday tartibni belgilab olishingiz kerak.

Avvallari OIV istagan narsam bilan shug‘ullanish imkonini bermasligiga ishonchim komil edi. Oshxonada ham, laboratoriyalarda ham ishlay olmayman, styuardessa ham bo‘lolmayman deb o‘ylardim. Axir, bunday kasb egalarining barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, mendagi tashxis esa xalaqit berishi mumkin.

Lekin qo‘rquvim asossiz bo‘lib chiqdi. Shunchaki, bu savolga nuqta qo‘ydim va hatto surishtirib ham ko‘rmadim. Aslida, ahvolim kasb tanlashimga ta’sir qilmas ekan — buni menga yaqinda o‘tkazilgan xayriya jamg‘armasida tushuntirishdi.

Noto‘g‘ri qarashlarga ham duch keldim. Masalan, sinfdoshlarim OIV haqida nimadir eshitsa, kulib yuborardi yo jirkanib, aftini jiyirardi. Ular nega bunday qilishini tushunmayman. Balki, OIV haqida hech narsa bilmas, qiziqib ko‘rmagandir. Ularning miyasida noto‘g‘ri qarash shakllanib qolgan va shu qarashni boshqa odamlarga ham tarqatadi.

Bu meni ranjitadi, lekin fikrim noto‘g‘ri ekanligiga o‘zimni ishontiraman. Chunki ular ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lganida, OIV bilan kasallanganlarga boshqacha munosabatda bo‘lardi. Muammo — bilimsizlikda. Katta yoshli kishilar orasida ham o‘zini shunday tutadigan va OIV haqidagi asossiz qarashlarga ishonadiganlarni ko‘rdim.

Tajovuzga duch kelmadim, chunki bu haqida boshqalarga aytmagandik. Onam bundan juda xavotirda, u menga zarar yetishini istamaydi. Kimdir bilib qolishidan ozgina shubhalansak, boshqa yerga ko‘chib o‘tardik — yashash joyimizni uch marta alishtirdik.

Bir kuni shifoxonaga borganimiz va tibbiy xodimlardan biri mendagi OIV haqida bilib qolgani haqida onam hikoya qilib bergandi. U shundoq yo‘lakda janjal ko‘taribdi. Onam nima uchun mendagi OIV haqida xabar bermaganini so‘rab, u yerga umuman qadam bosmasligimiz kerakligini aytibdi.

Lekin endi ahvolimni sir saqlab yurish niyatim yo‘q. Bu narsa kelajak hayotimni qurishga xalaqit beradi deb o‘ylamayman. O‘zimni himoya qila olaman. Mabodo, sizda ham yaqin orada OIV aniqlangan bo‘lsa, yomon narsalar haqida o‘ylamaslikka harakat qiling va o‘zingizga o‘xshagan odamlardan yordam so‘rang. Menda salbiy fikrlar juda ko‘p edi. Lekin endi bu kasallik ko‘plab yaxshi insonlar bilan tanishish, yordam qo‘lini cho‘zish va yordam olish imkoniyatini berishini tushundim. Axir, dardimiz bitta.

Dilyara, 16 yoshda

Rafiq O‘zturk tarjima qildi