Pablo Eskobar nomi ko‘pchilik uchun yaxshi tanish. XX asrning eng mashhur jinoyatchisi (albatta, Al Kapone bilan birgalikda) hisoblanuvchi kolumbiyalik faoliyati asosini qora dori savdosi tashkil qilgan. “Kokain qiroli” o‘n minglab inson o‘limiga javobgar bo‘lishdan tashqari bolalar uchun ko‘plab futbol maydonlari, kambag‘allar uchun butun bir mahalla qurib bergani bilan ham tarixda qolgan. “Daryo” ushbu ziddiyatlarga to‘la shaxsning qanday qilib ulkan jinoiy imperiyaga asos solgani haqida hikoya qiladi.
Yosh “banditos”
1949-yil 1-dekabr kuni Kolumbiyaning Rionegro shahrida tug‘ilgan Eskobar yoshligida “banditos” — ispan terrorchilarining qanday qilib boylarni o‘margani va kambag‘allarga yordam bergani haqidagi hikoyalarni eshitishni yoqtirardi. O‘rtahol dehqon oilasida dunyoga kelgan Pablo katta bo‘lganida, albatta, hikoyalardagi qahramonlar kabi bo‘lishga qaror qiladi.Pablo 12 yoshida uning oilasi ancha katta shahar — Madellin yaqiniga ko‘chib o‘tadi. U shu yerda ilk bor marixuana chekishni boshlaydi. 16 yoshga to‘lgan vaqtida esa hayotida burilish yasagan voqea sodir bo‘ladi: Eskobarni maktabdan haydashadi. Aynan shundan so‘ng bo‘lajak “kokain qiroli” hayotida haqiqiy bosqinchilik davri boshlanadi.
U o‘z jinoiy faoliyatini qayta sotish uchun qabristondan qabrtosh o‘g‘irlashdan boshlaydi. Atrofiga bir qancha hammaslaklarini to‘plagan Pablo yangi kasb — qimmatbaho mashinalar o‘g‘irlashga o‘tadi. O‘g‘irlangan mashinalar qismlarga bo‘lib sotiladi. Pulni yanada ko‘paytirishni istagan Eskobar boshqa bir “ajoyib g‘oya” o‘ylab topadi: mashina egalariga ularning mashinasini qo‘riqlash xizmatini taklif qiladi. Rad etganlar esa, tabiiyki, tez orada “po‘lat toychoq”laridan ayriladi.
Ammo jinoyat olamiga chuqurroq kirib borgan sari Eskobar guruhi shafqatsizlashib bordi. 21 yoshida kattagina guruhga boshchilik qilgan Pablo mashina o‘g‘irlashdan odam o‘g‘irlashga o‘tadi. Bundan tashqari qotillik ham uning yangi kasbiga aylanadi.
“El Patron”
1970-yillarda Kolumbiya geografik o‘rni sabab marixuana va kokain savdosi markaziga aylandi. Peru va Venesuelada yetishtirilgan qora dorilar aynan Kolumbiya orqali marixuana eng ko‘p sotiluvchi mamlakat — AQShga tranzit qilinardi. Pablo va uning guruhi bu savdoda o‘z o‘rniga ega bo‘lish uchun harakat qilishni boshlaydi.Madellin shahrida yashovchi yirik sanoat va yer egasi Dieogo Echevarioni o‘g‘irlab ketib, o‘ldirgach kambag‘allar Eskobarni “El Doktor” deb ataydi. Boisi Madellinning qashshoq aholisi zolim va ziqna Echevarioni yoqtirishmasdi.
Eskobarning “El Doktor”lik davri ko‘p cho‘zilmaydi. Qora dori savdosini rivojlantirgan Pablo bu savdodan katta daromad qila boshlaydi. Aynan ushbu biznesining juda katta daromadi natijasida Pablo Madellinning jinoiy yetakchilaridan biriga aylanadi va “El Patron” (ispancha-yetakchi) laqabini oladi.
Kokain imperiyasining barpo qilinishi
AQShga yangi va marixuanadan kuchliroq dori — kokain yetkazib berishni boshlagan Eskobar Kolumbiyadagi barcha kokain savdosini nazorat qilish uchun Madellin guruhini tuzadi. U kokain yetishtiruvchilardan mahsulotni sotib olib, uni AQShga olib ketuvchi kontrabandachilarga sotardi. To‘xtovsiz ishlashi, doimo o‘ldirishga tayyorligi va shafqatsizligi sabab Madellin guruhi raqobatchilaridan ancha oldinlab ketadi.Ko‘p o‘tmay Pablo Eskobar mamlakatdagi barcha kokain savdosini nazorati ostiga oladi. Uning ruxsatisiz birorta ham qora dori sotuvchisi o‘z tovarlarini mamlakatdan olib chiqib keta olmas, El Patron kokainning har bir partiyasidan 35% soliq olib qolar va uni AQShga yetkazib berishni ta’minlardi.
1980-yilga kelib Eskobarning boyligi 30 milliard dollarga yetadi va Forbes’ning dunyodagi eng boy odamlar o‘ntaligidan joy oladi. Naqd pul shu qadar ko‘p ediki, Pablo pullarini tashish uchun alohida Learjet samolyotini sotib oladi. Hattoki Eskobar pullarini taxlash uchun har oy ikki yarim ming dollarga pul rezinalari xarid qiladi. Keyinroq, politsiyadan qochib yurgan yillarida, u qizining sovuq qotmasligi uchun yuz ming dollardan ko‘proq pulni yoqib yuboradi.
AQShga olib kiriladigan giyohvand moddalarning 80 foizdan ko‘prog‘i Pablo Eskobar tomonidan jo‘natiladi. AQSh maxsus xizmatlari tez orada kolumbiyalik bu narkobaronga qarshi harakat qilish vaqti kelganini anglab yetadi. Zero Eskobarni vatanidagi huquq-tartibot organlari to‘xtatishi qiyin masala edi.
Qisqa siyosiy faoliyat
Ulkan boylik va qudrat boshqa insonlar kabi Eskobarning ham hokimiyatga qiziqishiga sabab bo‘ladi. Asli oddiy oiladan chiqqan Pablo kambag‘allarga arzon uylar qurib beradi, bolalar sportiga pul ajratadi va boshqa turli ijtimoiy yordamlar tashkil qiladi. Natijada xalq orasida Pablo Eskobar kambag‘allar xaloskori sifatida taniladi. Uning o‘zi esa o‘zini kolumbiyalik Robin Gud deb hisoblardi.1982-yil Pablo Eskobar Kolumbiya Kongressi a’zoligiga saylanadi, ammo siyosiy o‘yinlarda hali tajribasiz bo‘lgan “El Patron” ikki yildan so‘ng iste’foga chiqishga majbur bo‘ladi. Bunga uning boyliklari qayerdan kelayotganini aniqlash uchun boshlangan tekshiruv sabab bo‘ladi.
Narkobaronni fosh qilgan adliya vaziri esa Eskobar iste’fosidan biroz o‘tib o‘ldirib ketiladi. Bu darajadagi yuqori lavozimli mansabdorning o‘ldirilishi mamlakat tarixida hali kuzatilmagani sabab mafiyaga qarshi harakat boshlanadi. Eskobar va qonun o‘rtasidagi aloqalar to‘la uziladi. Davlat bu suiqasdga javoban Madellin guruhiga qarshi keng qamrovli kurash boshlaydi.
Barchasini barbod qilgan qasos
Prezidentlik va legitimlikdan mahrum bo‘lgan Eskobar qasos olishni uchun terror yo‘liga o‘tadi. Kolumbiyadagi mafiya va davlat urushi davomida prezidentlikka uch nomzod, bosh prokuror va bir qancha sudyalar o‘ldiriladi. Bogota markaziga hujum qilgan terrorchilar Adliya saroyini egallab oladi va yuzlab insonlarni o‘ldiradi. Hukumat esa bunga javoban poytaxtga tank va vertolyotlarni kiritadi. Kokain savdosiga qarshi yalpi hujum amalga oshiriladi. Minglab kokain karvonlari yo‘q qilinadi, chegaralarda nazorat kuchaytiriladi.Pablo Eskobar esa bu harakatlarga siyosatchi, prokuror, jurnalist va politsiyachilarni o‘ldirish bilan javob beradi. Mafiya bilan urush davrida umumiy hisobda o‘n minglab insonlar halok bo‘ladi. Eskobar Bogotada ichida yuzlab odamlar bo‘lgan samolyotni portlatib yuboradi. O‘sha samolyotda Kolumbiya prezidenti Sesar Gaviriya Truxilyo ham bo‘lishi kerak edi, ammo keyinchalik davlat rahbari ushbu reysga chiqmagani ma’lum bo‘ladi. Eskobarning bunday shafqatsizliklari jamoatchilikning unga nisbatan fikri o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
AQSh Kolumbiya hukumatidan Pablo Eskobarni ularga berishni so‘raydi. Tez orada Kolumbiyaga AQSh maxsus xizmatlari agentlari keladi. Ular mafiya guruhiga qarshi kurashda kolumbiyalik hamkasblariga yordam beradi. AQSh aralashuvi ko‘p narsani hal qiladi. Amerikaliklar narkobaronga qarshi operatsiyalarni moliyalashtiradi, maxsus kuchlarning elita qismlari Eskobarni qidirish uchun yollaydi. Natijada birin-ketin eng yirik narkobaronlar qo‘lga olina boshlanadi va AQSh qamoqxonalariga jo‘natiladi.
Barchasi yomon tomonga ketayotganini tushungan Eskobar Kolumbiyaning eng obro‘li kishilarini garovga oladi va hukumat bilan muzokara o‘tkazib, qamoqqa tushishga rozi ekanligi, ammo buning evaziga o‘zini AQShga ekstraditsiya qilinmasligini talab qiladi. Garovga olinganlarning boy qarindoshlari bosimi natijasida Kolumbiya hukumati Eskobarni ekstraditsiya qilmaslikka rozi bo‘ladi.
Qamoqqxona-oromgoh La Caterdal
Hukumatga taslim bo‘lgan Pablo Eskobar o‘zi uchun alohida qamoqxona qurishga ham ruxsat oladi. Qamoqxona Madellin shahri yaqinida barpo etiladi. Unga La Caterdal (ispanchada ibodatxona degani) nomi beriladi.La Caterdal Kolumbiya armiyasi askarlari tomonidan qo‘riqlanadi, ammo maxsus kuchlar qamoqxonaga 20 kilometrdan yaqinroq joylashishi taqiqlanadi. Eskobarning oilasi va do‘stlari uni ko‘rish uchun xohlagan payt kelishi mumkin bo‘ladi.
Qamoqxona haqiqiy oromgoh edi. Basseyn, sport maydoni, tungi klub va saunaga ega bu oromgohga har kuni ko‘plab futbol yulduzlari, narkobiznesmenlar va yengiltabiat qizlar tashrif buyurardi.
La Caterdal’da bo‘lishiga qaramay Eskobar mamlakatdagi kokain savdosini hali ham nazorat qilib turardi. Uning yoniga qora dori savdogarlari ko‘p kelardi. Qolaversa, El Patronning Madellin ko‘chalarida yurganini ham tez-tez ko‘rib qolishardi. Bulardan xabar topgan Kolumbiya prezidenti Eskobarni davlat qamoqxonasiga o‘tkazishga buyruq beradi.
Qochish va yangi raqib
Buyruqdan xabar topgan Eskobar qochishga qaror qiladi va 1992-yili La Caterdal’dan qochib ketadi. Lekin uning boradigan joyi kam edi. AQSh va Kolumbiya maxsus xizmatlari narkobaronga qarshi katta operatsiya boshlaydi. Pabloning do‘stlari uni tark etadi.Pablo Eskobar allaqachon kuchidan ayrilib bo‘lgandi, biroq katta boylikka ega edi. U hukumat bilan yana muzokara olib borishga urinadi, ammo hukumat bu safar muzokara o‘tkazishni xohlamaydi. Ular Eskobarni ushlash va yo‘q qilishga qaror qiladi. Pablo Eskobar boshi uchun 10 million dollar mukofot va’da qilinadi. Bu o‘sha paytdagi Kolumbiya prezidentining 200 yillik maoshiga teng summa edi.
Rasmiylarga bosim o‘tkazish uchun Pablo Eskobar Bogota markazida terror akti o‘tkazadi. Akt natijasida yigirmadan ortiq inson halok bo‘ladi, ko‘plar jarohat oladi. Biroq bu terakt Pablo uchun aks ta’sirga ega bo‘ladi. Kolumbiyada Eskobar va kokain savdosiga qarshi ko‘ngillilar tashkiloti — Los-Pepes paydo bo‘ldi. Tashkilot safini sobiq harbiylar, oddiy aholi vakillari va Eskobarning dushmanlari to‘ldiradi. Qo‘shin va politsiyadan farqli ravishda Los-Popes qonunni chetga surib, Eskobar kabi hech kimga shafqat qilmaydi. Narkotik savdogarlari, Eskobarning do‘st va yaqinlari, jami sakkiz yuzdan oshiq odam Los-Pepes partizanlari tomonidan o‘ldiriladi.
Minglab insonlar yostig‘ini quritgan qotil qanday o‘ldirildi?
Oilasini juda yaxshi ko‘ruvchi Eskobar Los-Pepesning ularni o‘ldirishidan xavotirga tushadi va ularni chet elga yubormoqchi bo‘ladi. Biroq oilaning Germaniyaga ketish rejasi amalga oshmaydi.1993-yil 2-dekabr kuni oilasi bilan bir yildan beri ko‘rishmayotgan Eskobar ularga qo‘ng‘iroq qiladi. Suhbat doimgidek ikki daqiqadan oshmasligi kerak edi, shunda detektivlar Eskobar turgan joyni aniqlashga ulgurmasdi. Biroq El Patron bu safar xavfsizlik unutadi va o‘g‘li Xuan Eskobar bilan besh daqiqadan ko‘proq gaplashadi. Bu vaqt suhbatni eshitayotgan AQSh va Kolumbiya agentlari uchun Eskobarning qayerda ekanini aniqlashga yetarli bo‘ladi. Oradan bir necha daqiqa o‘tib Madellindagi xolasining uyida yashiringan Eskobar xavfsizlik kuchlari tomonidan to‘liq qurshovga olinadi. Narkomafiya ularning kelishi bilardi va ammo u qochib ketishga ulgurmadi.
Uyga bostirib kirgan askarlar Pablo Eskobarning sodiq soqchisini o‘ldirib, El Patronning o‘zini tom bo‘ylab qochayotganda otib o‘ldiradi. Minglab insonlar yostig‘ini quritgan, yuz minglab insonlarni qora og‘u bilan zaharlagan va oxirigacha o‘z qudratiga ishongan XX asrning eng yirik narkomafiyasi shu tariqa hayot bilan vidolashadi.
Qizig‘i 3-dekabr kuni minglab kolumbiyaliklar Eskobar o‘limi munosabati bilan ko‘zlarida yosh bilan Madellin ko‘chalariga chiqishadi. Uning dafn marosimida yigirma besh ming inson qatnashadi. Eskobarning oilasini davlat o‘z himoyasiga oladi.
El Patron Madellin shahri janubidagi Montesakro qabristoniga dafn etiladi. Bugungi kunda Eskobarning qabrini har kuni o‘nlab odamlar ziyorat qiladi. Kolumbiyaliklarning ko‘pchiligi uni avliyo sifatida ko‘radi.
“Kokain qiroli” hayoti haqida mashhur Netflix kinokompaniyasi tomonidan “Narkos” seriali suratga olingan.
Izoh (0)