Toshkent metropoliteni 1-dekabrdan boshlab jetondan foydalanish butunlay to‘xtatilishini ma’lum qildi.
2020-yilning noyabridan boshlab Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar uchun jetonlarni sotish to‘xtatilib, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etilgan edi. Shu bilan birga aholidagi mavjud jetonlar qabul qilinishi davom etib keldi.
2021-yilning 1-dekabridan boshlab Toshkent metropolitenida yo‘l haqini to‘lash uchun jetonlarni qabul qilish to‘xtatiladi.
Poytaxt metropoliteni matbuot xizmati to‘lov tizimida qulaylik yaratish maqsadida barcha bekatlar QR-kodli bilet, transport va bank kartalari hamda NFC orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi statsionar validatorlar bilan jihozlanganini ma’lum qildi.
Toshkent metrosida ayni paytda FacePay tizimi ham sinovdan o‘tkazilmoqda. Uning yordamida yo‘lovchi shunchaki validatorga qarab yo‘l haqi uchun to‘lov qilishi mumkin. Buning uchun foydalanuvchi o‘z yuzini skanerlashi va uni transport yoki bank kartasi ma’lumotlari bilan birga ma’lumotlar bazasiga kiritishi kerak bo‘ladi.
Izoh (0)