O‘zbekistonda 2021-yilning o‘tgan davrida ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan 9 milliard 504 million so‘m miqdorida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan tadbirkorlik subyektlari tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari yuzasidan doimiy ravishda tekshiruvlar o‘tkazib borilmoqda.
Xususan, 2021-yilning o‘tgan davrida ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan 9 milliard 504 million so‘m miqdorida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi 107 ming aholi iste’molchining 1 oylik iste’molini tashkil qiladi.
O‘tkazilgan tekshirish hujjatlari qonun doirasida chora ko‘rilishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuborilgan.
Ta’kidlanishicha, “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda 2022-yilda elektr energiyasi narxi oshirilishi mumkinligi, O‘zbekistonning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilayotgani, O‘zbekistonda 2023-yilda birinchi yuqori kuchlanishli raqamli podstansiya ishga tushirilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)