Toshkent metropoliteni DUK boshlig‘ining axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga chet ellik mutaxassis ishga taklif qilinmoqda. Bu boradagi e’lon “Tashkent.hh.uz” saytida paydo bo‘lgan.
Nomzoddan oliy ma’lumot, IT-sohasida boshqaruv bo‘yicha tajriba, IT-loyihalarni boshqara bilish talab etiladi. Talablar orasida mutaxassis xorijlik bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, xizmat vazifalari yaxshi bajarilgan taqdirda, qo‘shimcha rag‘batlantirish kafolatlanadi. Oylik ish haqi barcha soliqlar va yig‘imlar chegirib tashlangan taqdirda 7-10 ming dollarni tashkil etadi. Shuningdek, O‘zbekiston qonunchiligida belgilanganidek, xizmat safarlari uchun kompensatsiya, ijaraga kvartirada yashash, ish vaqtida transport xizmatlaridan foydalanish ta’minlanadi.
Nomzoddan kreativ va innovatsion yondashuv asosida tashkilotning axborot texnologiyalari bilan bog‘liq rivojlanish yo‘nalishlarini boshqarish, shuningdek, metropoliten biznes jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish talab etiladi.
Avvalroq “Toshkent metropoliteni” “O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibidan chiqarilib, Transport vazirligi tarkibiga o‘tkazilishi haqida xabar berilgan edi.
Hujjat bilan, shuningdek, 2022-yil 1-oktabrgacha 6 ta metro bekati atrofida avtoturargohlar tashkil etilishi belgilangan. 2022-yil 1-aprelgacha yerusti halqa metro bekati yo‘nalishida yo‘lovchilar uchun bepul Wi-Fi tizimini bog‘lash va yerosti metro bekatlarida mobil aloqa operatorlari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi. Yerosti va yerusti metro bekatlarida savdo va xizmat ko‘rsatish maydonchalari tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 7-may kuni jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-turda OAV vakillariga intervyu bergan Toshkent metropolitenining sobiq rahbari Oybek Xudoyqulov metro xodimlari va mashinistlarning maoshi qancha ekanligini aytib o‘tgandi. “Mashinistlarning maoshi o‘rtacha 3-3,5 million so‘m. Undan yuqori oluvchilar ham bor. Bu borada ularning toifasi ham rol o‘ynaydi. Bir joyda ko‘p yildan beri xizmat qilayotganlarning maoshini 4 million so‘mgacha olib chiqdik”, — degan edi u.