Toshkentdagi “O‘zbekneftgaz” yonilg‘i quyish stansiyasi yaqinida benzin narxining oshishiga bag‘ishlangan strit-art paydo bo‘ldi. @inkuzart taxallusi bilan ijod qilayotgan ko‘cha rassomi Abdurahmon 19-noyabr kuni o‘zining Instagram’dagi sahifasiga suratning paydo bo‘lishi tasvirlangan videoni joylashtirgan.

Foto: Telegram / Inkuzart

Tasvir Uchtepa tumanida Katta Qa’ni ko‘chasidagi uylardan birining devoriga chizilgan. Unda do‘ppi kiygan erkak yonilg‘i quyish pistoleti yordamida boshiga “otayotgani” tasvirlangan. Oradan bir necha soat o‘tgach, internetda mazkur strit-art bo‘yab tashlangani tasvirlangan surat paydo bo‘ldi.

Foto: Telegram / Trolluz

“Gazeta.uz”ning qayd etishicha, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari mazkur ijod ishini oldinroq Seul (Janubiy Koreya)dagi ko‘chalarning birida chizilgan strit-artga o‘xshatgan.

Foto: Street-art-avenue

Eslatib o‘tamiz, sentabr boshida @inkuzart O‘zbekiston avtomobil bozoridagi monopoliyaga bag‘ishlangan strit-art chizgandi. Unda mashina uchun uzun navbat va navbat boshida qizil shapkali inson tasvirlangandi. Keyinroq ushbu tasvir to‘liq o‘chirib tashlangan, poytaxt hokimligi va “O‘zavtosanoat” bu ishga aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan edi.

2020-yilning yozida Abdurahmon Chilonzor tumanidagi dahalarni turli tasvirlar bilan “boyitish” niyatida ekanini ma’lum qilgandi. “Chilonzorni galerеyaga aylantirmoqchiman. Keyin esa boshqa tumanlar, shaharlar, mamlakatlar va qit’alarga o‘taman”, — degan edi o‘shanda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Chilonzor ko‘chalarida san’atga joy topish qiyin. Qonunchilikka ko‘ra turar joy binolarining devorlariga chizishga ruxsat berilmagan.