Toshkentning Chilonzor tumanida @inkUZart taxallusi bilan ijod qilayotgan ko‘cha rassomi Abdurahmon tomonidan chizilgan yana bir strit-art paydo bo‘ldi. Bu safar ijodkor UzAuto Motors kompaniyasining monopoliyasiga e’tibor qaratgan.
E’lon qilingan kadrlarda O‘zbekistondagi avtosalonlarda mashina xarid qilish uchun yuzaga kelayotgan uzundan uzoq navbat tasvirlangan. Navbat boshida turgan insonning qizil bosh kiyimi “shapka” tizimiga ishora qiladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur strit-art namunasi eski Amerika elchixonasi, Chilonzor savdo markazi yaqinida chizilgan.
Ta’kidlash kerakki, UzAutoSavdo ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Lacetti’ni xarid qilish uchun navbatda turganlar soni 31 mingga, Cobalt uchun 11 mingga yetgan.
Avvalroq @inkUZart Toshkentdagi binolar devorlarini koronavirus pandemiyasi mavzusidagi graffitilar bilan bezayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
2020-yilning yozida Abdurahmon Chilonzor tumanidagi dahalarni turli tasvirlar bilan “boyitish” niyatida ekanini ma’lum qilgandi. “Chilonzorni galerеyaga aylantirmoqchiman. Keyin esa boshqa tumanlar, shaharlar, mamlakatlar va qit’alarga o‘taman”, — degan edi o‘shanda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Chilonzor ko‘chalarida san’atga joy topish qiyin. Qonunchilikka ko‘ra turar joy binolarining devorlariga chizishga ruxsat berilmagan.