Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Ingliz tilining Kembrij lug‘atida “perseverance”, ya’ni “qat’iyatlilik”so‘zini 2021-yil so‘zi deb nomladi. Bu haqda Kembrij universiteti veb-saytida e’lon qilingan.

Foto: NASA

Foto: NASA

Tanlov lug‘at foydalanuvchilari tomonidan qilingan. Ular “qiyinchiliklarga yoki ko‘p vaqt sarflashlarga qaramay biror narsaga erishish yoki nimadir qilish uchun doimiy intilish”ni anglatuvchi “perseverance” so‘zini yil davomida eng ko‘p qidirgan.

“Perseverance so‘zi bu yil lug‘at saytida 243 000 marta qidirilgan. Bu ham NASA missiyasi bilan, ham pandemiya bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. NASA Perseverance Rover’i Marsga qo‘ngan paytda, 19—25-fevral kunlari so‘rovlar soni ortgan — 30 487 ta qayd etilgan”, — deyiladi universitet xabarida.

Lug‘atni nashr qilish bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Vendalin Nikolsning aytishicha, muharrirlar ko‘pincha ilgari quloqqa kam chalinadigan ayrim so‘z va atamalarga qiziqish ortib borayotganini qayd etadi. “Perseverance ingliz tilini o‘rganuvchilar orasida unchalik keng tarqalgan so‘z emas”, — deydi Nikols xonim.

Uning ta’kidlashicha, Amerika marsoxodining missiyasi haqidagi xabarlardan so‘ng “qat’iyatlilik” so‘zi uzoq vaqt davomida onlayn lug‘atdan tez-tez qidirilishda davom etgan.

“Hayotimizdagi qiyinchiliklar va muammolarga, iqlim o‘zgarishiga va mojarolarga qarshi turish maqsadida Marsga roverni qo‘ndirish uchun qat’iyatlilik talab etiladi. Biz bu bog‘liqlikni ko‘rdik va Kembrij lug‘ati foydalanuvchilari buni qadrlashiga ishonamiz”, — dedi Nikols.

Kembrij lug‘ati har yili foydalanuvchilarni eng ko‘p qiziqtiradigan so‘zni aniqlaydi. Uning talqinida 2020-yilda “quarantine” (karantin), 2019-yilda esa “upcycling” (eski narsalarni qayta ishlash orqali yangi narsalar ishlab chiqarish) yil so‘zi bo‘lgandi.

NASA 2020-yilning 30-iyulida Atlas V raketa-tashuvchisini Perseverance marsoxodi bilan koinotga uchirdi, 2021-yilning fevral oyi o‘rtalarida rover Marsga qo‘ndi. Missiyadan maqsad hayot izlarini qidirish, sayyora iqlimini o‘rganish, tog‘ jinslari va cho‘kindilardan namunalar yig‘ishdir. Missiya 687 kun davom etadi.

Avvalroq Oksford lug‘ati “vax” so‘zini yil so‘zi deb atagani, Rossiyada “Sputnik”, “Afg‘oniston” va “Shimoliy oqim” 2021-yilda eng ko‘p qo‘llangan so‘zlar deb topilgani haqida xabar berilgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Turkiyada deputatlar davlat budjeti muhokamasida mushtlashdi (video)
Mahalliy
Namangandagi ko‘mir mashmashasi: aholi uchun ko‘mir sotib olish — ovoragarchilik, rahbarlar esa ko‘mirga talab uning sifati yaxshiligidan demoqda (video)
Mahalliy
Toshkentda zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha xalqaro anjuman — suratlarda