Bundan besh yil oldin ilk bor O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 2017—2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini xalqimizga taqdim etdi. Ushbu Harakatlar strategiyasi asosida mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida tizimli va shiddatli islohotlar amalga oshirildi.
Taraqqiyot yo‘limizdagi g‘ovlarni oshib o‘tdik, to‘siqlarni olib tashladik, muammolarni birma-bir hal etdik va qiyinchiliklarni yengdik. Shunday bunyodkorligimiz o‘z amaliy samaralarini berdi: baland marralarni zabt etdik, har bir jabhada zalvorli natijalarni qo‘lga kiritdik.
Eng asosiysi, izchil va ko‘lamdor yangilanishlar asnosida Inson va Qadr, Istiqlol va Vatan kabi o‘zak tushunchalarning asl mohiyatini qaytadan angladik. Yanada muhimi, “Yangi O‘zbekiston”, “Uchinchi Renessans”, “Xalqparvar davlat”, “Adolatli jamiyat” degan istilohlar nafaqat ong-shuurimizdan, balki hayotimizdan chuqur joy ola boshladi.
Millat Sardori ilgari surgan ushbu yangi hamda millatimiz, xalqimiz va Vatanimiz istiqboliga bevosita daxldor tushunchalarning amaliy mohiyatini ochib berishda yurtimiz ishchi-xizmatchilari — mehnatda erishayotgan samaralari, muallimlar — sifatli saboqlari, olimlar — ilmiy natijalari, shoiru yozuvchilar — yoniq asarlari, siyosatchilar — da’vatkor g‘oyalari bilan salmoqli hissa qo‘shmoqdalar. Bu qizg‘in jarayonda taniqli siyosatshunos, davlat va jamoat arbobi Qudratilla Rafiqovning amaliy va publitsistik faoliyati alohida e’tiborga sazovor.
Vatanni muhtasham etish orzusi
“Albatta, vatanparvarlik mafkurachi do‘stlarimizning yurtparvarlik haqidagi dogmatik seminarlari, shoirlarning she’rlari orqaligina shakllanadi desak, unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu tuyg‘u oyoqlanishi uchun aniq harakatlar, islohotlar kerak bo‘ladi. Buyuk sohibqiron Amir Temur millati buyukligini yurt obodligida, saltanat qudratida deb bilgan edi”.Ushbu fikrlar — Qudratilla Rafiqovning 2020-yili nashrdan chiqqan “Ilk va so‘nggi so‘zimiz: Vatan” nomli kitobidan bir kichik iqtibosdir. Kitobdan muallifning yangilanayotgan O‘zbekiston siyratiga chizgilari — keng mushohada va teran mantiq, tarixiy dalillar va uzoq yillik tajriba, Vatanga sadoqat va xalqimizga mehr-muhabbat tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgan publitsistik maqolalari o‘rin olgan.
Prezidentimizning bugun kuyib-pishib vatanparvarlik va milliy g‘oya haqida gapirishlari bejiz emas, deb yozadi muallif. Chunki mustaqillikka erishganimizga qariyb 30 yilga yaqin vaqt bo‘layotirki, milliy masalaning ko‘pgina jabhalarida hali-hamon aniq qarorimiz yo‘q. Masalan, tarix, til va imlo, etnik lug‘at, oliy ta’limu maorif sohalaridagi beqarorlik hamda eskicha tutum, davlat va jamiyat bo‘g‘inlarida, ilm-fan va siyosatda xorijiy tildan foydalanishimiz ma’nan to‘liq mustaqil bo‘la olmaganligimizni ko‘rsatib turibdi.
Jonkuyarlik bilan bitilgan ushbu quyma jumlalar, chindan ham, mamlakatimizda so‘nggi besh yilda yuz berayotgan mislsiz shiddat va qudratli to‘lqinlar qoshida hayratga cho‘mgan inson tuyg‘ularining yorqin va o‘ychan ifodasidir. Muallif vatanparvar inson sifatida yangilanayotgan jamiyatimizga daxldor yutuqlarni qanchalik faxru iftixor bilan e’tirof etsa, mavjud kamchilik va muammolarga shunchalik kuyinchaklik bilan o‘z munosabatini bildiradi.
Kitobdagi har bir ibora va jumla — qalbdan chiqqan so‘zlardir. Shuning uchun ular qalbga yaqin. Ushbu nashrga so‘zboshi yozgan taniqli adibimiz, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdusaid Ko‘chimov ta’biri bilan aytganda, “Kitobda tilga olingan har bir mavzuda muallif Vatan qiyofasini chizadi. Uzoq Mo‘ynoqda boshlangan jo‘shqin hayotdan tortib, poytaxtimizdagi ulkan bunyodkorliklargacha, O‘zbekistonni dunyoga bo‘ylashtirayotgan islohotlar — bu majburiy mehnatga barham berish bo‘ladimi, qo‘shni davlatlar bilan ahillik siyosati bo‘ladimi, dunyo hamjamiyatiga aytayotgan so‘zi bo‘ladimi, barchasida Vatan va vatanparvarlik hissi ufurib turibdi”.
Darvoqe, 2020-yili, pandemiyaga qaramasdan, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi sa’y-harakatlari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq shaharchasida bunyod etilgan “Oq kema” oromgohining ochilishida ishtirok etgandim. Bunday bunyodkorlik jarayonidan chetda turishning o‘zi mumkin emas.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev faoliyatining dastlabki davridanoq xalqimiz sog‘ligi uchun qayg‘urish vazifasini — Yangi O‘zbekistonni bunyod etishning birlamchi omili sifatida kun tartibiga qo‘ydi. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, xalq sog‘ligi — eng muhim mezon, chunki aholisi sog‘-salomat va bilimli davlatgina yangi Renessansga asos solishga qodir bo‘ladi.
Muallif ta’kidlaganidek, biz bugungi O‘zbekiston hayotining ruhiyatida ajib bir ko‘tarinkilik, dunyoga bo‘ylashuv, jahonga namuna bo‘larlik evrilishlarni ko‘rmoqdamiz. O‘zbekiston ertangi kun uchun yuksak marralarni ko‘zlab odim tashlamoqda. Bunda uning yetakchisidagi shahd, shiddat, jasorat asosiy tayanch bo‘layotgani ayni haqiqatdir.
Shunday qilib, “Ilk va so‘nggi so‘zimiz: Vatan” nomli kitobdagi ravon va sodda tilda ifoda etilgan fikrlar orqali kitobxon Vatan istiqboli uchun amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyatini yanada teran anglaydi. O‘z navbatida, beixtiyor ravishda bugunni kecha bilan solishtirar ekan, ko‘z o‘ngida o‘tmish va hozirgi hayotimiz jonlanadi.
Shunda ong-tafakkuri uyg‘oq har qanday inson jamiyatimiz o‘zgargani: bugungi O‘zbekiston — kechagi O‘zbekiston emasligini ich-ichidan tushunib yetadi. Binobarin, bunday yangilanishlarni ko‘rish va his etish uchun esa uyg‘oq nigoh va teran idrok, xolis nazar va sadoqatli qalb kerak. Qudratilla Rafiqovning ushbu kitobi yurtdoshlarimiz qalbida ayni shu tuyg‘ularni uyg‘otishi tayin.
Muallifning ushbu kitobini bugungi davrimizning o‘ziga xos “Vatannomasi” deb atasak ham bo‘ladi. Chunki kitobda nainki muallifning, ayni chog‘da, Yangi O‘zbekistonni bunyod etayotgan jamiki zamondoshlarimizning Vatanni muhtasham etish orzusi o‘z mujassamini topgan.
Millat — Vatanning ustuni
“Albatta, Vatanni sevish, unga fidoyi bo‘lish uchun o‘lish shart emas. Balki shu yo‘lda, kerak bo‘lsa, o‘limni bo‘yinga olish, millat va ona tuproq sha’ni uchun bilvosita har qanday xatar yuziga tik boqishni anglatadi bu muhabbat. Vatan millat idroki bilan mavjuddir. Yanayam soddaroq aytsak, millat Vatanning ustunidir...”Qudratilla Rafiqovning Vatan haqidagi bunday yolqinli fikrlari “Vatan va millat qayg‘usi” nomli kitobida millat haqidagi mulohazalari bilan uyg‘unlashib, chambarchas bog‘lanib ketgan. Mazkur yangi kitobda o‘y-tashvishlari faqat o‘z huzur-halovati bilan emas, balki el dardi ila uyg‘un kechayotgan, muallif ta’biri bilan aytganda, millat qayg‘usi bilan yashayotgan insonlar portreti yaratilgan, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish davrining nozik qirralari ochib berilgan.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shish — Yaratganning o‘zi bizga bergan tarixiy imkoniyat desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Barchamiz buni chuqur anglashimiz, qadriga yetishimiz kerak”.
Bu borada Harakatlar strategiyasi doirasida keyingi besh yil davomida hayotimizning turli sohalarida erishilgan yutuqlar va duch kelingan muammolarni teran tahlil etar ekan, Qudratilla Rafiqov: “2020-yil — Millatni ulg‘aytirgan yil”, degan muhim bir xulosaga kelgan. Muallifning fikricha, “Dunyoning pastu balandini bilgan odamlar yilning kelishiga qarab undan nima kutishni ayta oladi. Ammo 2020-yil hammani shoshirdi. U yurtdoshlarimiz uchun ham, jahon ahli uchun ham og‘ir keldi”.
Bu o‘rinda, 2020-yilda dunyoni zir titratishda davom etgan koronavirus pandemiyasi inqirozining har tomonlama salbiy ta’siridan tashqari, xalqimiz duch kelgan bir qator sinovlar, xususan, Buxorodagi shiddatli to‘fon, Sardoba toshqini, So‘x voqealari haqida so‘z bormoqda. Taassufki, bu hodisalar basma-bas ro‘y berdi. Biz kulfat bilan yuzma-yuz qoldik.
Mana shu sinovli kunlar shu hikmatni berdiki, u bizga do‘st bilan dushmanni, qalbida adovati, kini va yoki samimiyati balqib turgan odamlarni yana bir bor tanitdi, deb yozadi Qudratilla Rafiqov. Xalqimizda “har yomon ishning ham bir xosiyati bo‘ladi” degan gap bor. Bu har qanday tashvishu sitamlarning ham kishi uchun ibrat oladigan jihatlari bo‘ladi, qiyinchilik va sinovlar odamni toblaydi degani, aslida.
Muallif shu zayldagi fikrlari yakunida ichki kechinmalariga tayanib muhim xulosalarga kelgani alohida diqqatni tortadi. Xususan: “Ochiq aytsam, men o‘sha ola-g‘ovur, butun dunyoni to‘zg‘itib tashlagan, aytilgan gap besh daqiqadan keyin asliga to‘g‘ri kelmaydigan, to‘g‘ri qarorga kelish yuzdan bir foizga teng kezlarda Prezidentni qayta kashf etdim. Qariyb qirq yilga yaqin yonma-yon yurib, ish tartibi, qobiliyati va favqulodda iste’dodi qirralarini yaxshi bilaman deb o‘ylaganim bekor ekan”, deydi Qudratilla Rafiqov.
Haqiqatan ham, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev o‘sha og‘ir damlarda, kulfat va falokat ustimizga yopirilib kelgan damda kitob muallifi bilgan, butun el-yurtimiz tanigan Shavkat Miromonovichdan yuz karra kuchli, matonatli va irodali, xalqi uchun jonini berishga tayyor bir yovqur afsonaviy vatan o‘g‘loniday ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ldi.
Kitobga so‘z boshi yozgan taniqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva kitobda zikr etilgan yangi istiloh — “Millatning ulg‘ayishi” tushunchasi zamiridagi chuqur ma’no-mohiyatni g‘urur va iftixor hissi bilan shunday talqin etadi:
“Bunda juda katta ma’no bor. Axir biz bu hodisani juda uzoq kutmadikmi? Vatanning taraqqiy etishi, davlatning rivojlanishi, albatta, ulkan voqelik. Ammo MILLAT ulg‘aymas ekan, bu jarayonlar uzoqqa bormasligi shubhasiz. Millatni esa faqat Kuchlilargina uyg‘otishi, ulg‘aytirishi, yuksaltirishi mumkin. Bunga ko‘hna tarixda misollar juda ko‘p”.
Aslida ham, tarixni sizu bizga o‘xshagan oddiy odamlar qurgan, o‘zgartirgan. Bugungi sertashvish va dolg‘ali kunlarimizda hayotimizga o‘sha olis o‘tmishdagi Buyuk Uyg‘onish nasimlari esmoqda.
Muallif bu haqda so‘z yuritib: “millatning mard bir farzandi muborak bayrog‘imizni ko‘tarib dunyo sahnasiga chiqmoqda deyilsa, men bunga ishonaman, — deb ta’kidlaydi. — Zero, har bir qarichi bir aziz avliyoning, bir ulug‘ allomaning yoki bo‘lmasa To‘marisu Shiroqday bir yovqur vatanparvarlarning xoki pokini bag‘riga bosgan shu mo‘’tabar zamin va ulug‘ millatimiz ming bora bunga haqlidir!”.
Mulohazalarimning ushbu faslidagi fikrlarimni Qudratilla Rafiqovning kitobida bayon etilgan bayroq tushunchasiga oid bir hikmat bilan muxtasar etaman: “Biz zamonning nainki jonu dili, balki bayrog‘idirmiz” — degan Mavlono Jaloliddin Rumiy mutlaq haq edi. Qarangki, buyuk bobomiz qariyb ming yil oldin aytib ketgan gap hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotgan emas. Mavlononing ushbu so‘zidan chiqadigan hikmat bitta — zamonning joniga aylanish, elning koriga yarash, jonfidolik va bu yo‘lda bayroqdek sobit bo‘lish”.
Mening Prezidentim — bizning Prezidentimiz!
Qudratilla Rafiqovning yaqinda, 2021-yilda nashr etilgan “Mening Prezidentim!” nomli kitobiga bitilgan so‘zboshi xuddi shunday nomlangan. So‘zboshi muallifi — mashhur adib va jurnalist, davlat va jamoat arbobi Xurshid Do‘stmuhammad mazkur kitobda Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlar tahlili va talqini xususida to‘xtalib, xalqimiz ana shu o‘zgarish, yangilanish va evrilishlar ijodkori, yo‘lboshchisi, yetakchisi bo‘lmish O‘zbekiston Prezidenti millatimiz hayotini mutlaqo yangicha marralarga olib chiqishiga komil ishonch bilan qarayotganini alohida ta’kidlagan.Hurmatli adibimiz e’tirof etganidek, siyosatshunos Qudratilla Rafiqov mazkur mulohazalardan kelib chiqib, faxr bilan: “Mening Prezidentim!” deya baralla aytmoqda. Ko‘ngil yaqinligi, maqsad-maslak birligi tilimizdagi “men” bilan “biz” orasidagi masofani yo‘qqa chiqarishi hech gap emas. Shunday ekan, “Mening Prezidentim” istilohi qalblarda, tafakkurlarda “Bizning Prezidentimiz!” mazmuni — ko‘rinishida davom etadi.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu xolis e’tirofning nechog‘lik haqqoniy ekanini amalda tasdiqladi. Biz — saylovchilar, xalqimizning ovoz berishda qatnashgan mutlaq ko‘pchilik qismi tomonidan “Bizning Prezidentimiz!” saylandi.
Kitobning nomlanishiga bunday yangicha yondashuv garchi o‘zida siyosiy ma’no aks ettirsa-da, aslida, muallif o‘z qahramonining, bir tomondan, siyosiy portretini yaratishga harakat qilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ma’naviy dunyosini ochib berishga ko‘proq e’tibor qaratgani juda muhimdir. Zero, tarixdagi barcha buyuk ishlar yurtga, xalqqa, umumma’noda aytganda, insoniyatga muhabbat negizida dunyoga kelgan.
Qudratilla Rafiqovning ayni nomdagi kitobi el-yurtimizning olovqalb farzandi, millatparvar, vatanparvar inson — Shavkat Miromonovich Mirziyoyev shaxsi va siyosiy faoliyatiga bag‘ishlangan. Kitobda Yurtboshimizning Vatan va Millat istiqbolini ta’minlash, shon-shavkatini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirayotgan fidokorona ishlari teran talqin etilgan.
Muallif davlat rahbarining “Yangi O‘zbekiston”, “Uchinchi Renessans” kabi yangi g‘oyalarining tub mazmun-mohiyatini ochib bergan. Xususan, ayni mavzularda so‘z borgan bir o‘rinda: “Prezident Shavkat Mirziyoyev “Renessans” masalasiga favqulodda bugun yuzlanib qolgani yo‘q. Bu masala, ya’ni ta’lim va ilm-u fanni mamlakat va jamiyat taraqqiyotining leytmotivi (asosiy harakatlantiruvchisi) etib belgilash fikri unda azaldan bo‘lgan”, deb qayd etadi kitob muallifi.
Biz ham ushbu fikrlarni tasdiqlaymiz va buning isboti uchun bitta misol keltiramiz. Kitobning “Mard elga qayishadi” nomli faslida O‘zbekiston Prezidentining parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan muhim vazifalar ahamiyatini tahlil qilish asnosida muallif shunday deb yozadi:
“...bizning avlod peshonasiga mustabidlik tuzumida yashashu ishlashdek og‘ir bir qismat bitildiki, bu ham inson taqdiri haqidagi o‘y-xayollarimizni kengaytirdi, buyuk shoirimiz Abdulla Oripov aytganiday, ko‘pchiligimizni “buyuk bir hikmat”ga yuzlantiridi. Bu hikmat shundayki, odam qachonki qadr-qimmati, hurmati joyiga qo‘yilsa, yonida quvonchiga ham, qayg‘usiga ham sherik bo‘la oladigan fidoyi, mard bir kishisi borligini his qilsagina o‘zini baxtli sezar ekan, hayotidan rozilik sezar ekan”.
Darhaqiqat, Prezident Sh.M.Mirziyoyevning inson qadrini joyiga qo‘yishga qaratilgan mardona siyosati har bir vatandoshimizning diliga cho‘g‘ soldi. Qalblarda xalqparvarlik, elparvarlik shukuhini olovlantirdi.
Davlatimiz rahbari 2021-yil 6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining O‘zbekiston Respublikasi saylangan Prezidentining lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisidagi nutqida bu boradagi siyosat izchil davom etishini yana bir bor tasdiqladi. Prezident Shavakat Mirziyoyev ta’kidlaganidek:
“Asosiy qomusimiz kafili sifatida Konstitutsiya va qonunlarimiz talablarini so‘zsiz bajarish, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish, bundan buyon ham faoliyatimning bosh mezoni bo‘lib qoladi.
Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz.
Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz”.
Uch kitob muallifi haqida muxtasar so‘z
Ma’naviyatimizning uch oltin sandiqchasi — “Ilk va so‘nggi so‘zimiz: Vatan”, “Vatan va millat qayg‘usi”, “Mening Prezidentim!” nomli kitoblar muallifi Qudratilla Rafiqov — ko‘p yillardan buyon mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qilib kelayotgan millat fidoyilaridan biri. Dastlab Toshkent shahri va tumanlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. So‘ng qariyb 20 yil Jizzax viloyatida turli lavozimlarda mehnat qilgan.Ayni vaqtda Qudratilla Rafiqov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashining raisi hisoblanadi.
Aytmoqchimizki, muallif mohir siyosatchi sifatida faqat kitoblar yozish bilangina mashg‘ul emas. Aksincha, Qudratilla Rafiqov Prezident Sh.M.Mirziyoyev olib borayotgan xalqchil siyosatni davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi tarmog‘i va fuqarolik jamiyati instituti tizimlaridagi o‘zining amaliy faoliyati bilan izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Xususan, Harakatlar strategiyasi doirasida keyingi besh yilda Qudratilla Rafiqovning bevosita rahbarligida Yangi O‘zbekistonning Yangi kasaba uyushmalari shakllandi, deyishga barcha asoslar bor. O‘tgan qisqa davrda kasaba uyushmalari faoliyatiga doir huquqiy asoslar takomillashtirildi. Ayniqsa, 2019-yil 6-dekabrda “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonunning imzolanishi muhim voqea bo‘ldi.
Ilk bor ish haqi uchun mintaqaviy va tarmoq koeffitsiyentlari, shuningdek, iqlim va yashash sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan hududlarda ishlash uchun xodimlarga qo‘shimcha ta’tilning minimal davomiyligi tasdiqlandi. Kasaba uyushma inspeksiyalari qayta tiklandi. Eng muhimi, mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnat bartaraf etildi.
Yangi asos solingan Kasaba uyushmalari akademiyasi soha uchun yetuk kadrlarni tayyorlash, ularning bilim va malakasini davr ruhiga hamohang tarzda yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan har yili an’anaviy ravishda “Kasaba uyushmalari — xotin-qizlarga” aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Korxona, tashkilot va muassasalar miqyosidagi ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha ham tizimli ishlar bajarildi. Xususan, jamoa-shartnomaviy munosabatlar vositasida ayollar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ta’lim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tahsil olayotgan xodimlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar belgilangani alohida e’tiborga loyiq.
Bundan tashqari, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining a’zosi bo‘ldi hamda Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasidagi a’zoligini tikladi. Bu kabi ezgu va xayrli amallar mazkur nufuzli jamoat tashkilotining “Insonga naf keltirish — oliy baxt” degan ezgu shiori naqar hayotiy ekanini tasdiqlaydi.
Ma’lumki, muhtaram Prezidentimiz bundan roppa-rosa bir yil oldin O‘zbekiston kasaba uyushmalari VIII qurultoyi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida 11-noyabrni — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni deb e’lon qildi. O‘tgan yil 23-noyabrdagi Qonun asosida ushbu tashabbus huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Shu ma’noda, 11-noyabr — Yangi O‘zbekistonning Yangi kasaba uyushmalari hayotida unutilmas va zarhal harflar bilan yoziladigan tarixiy sanaga aylandi.
Fursatdan foydalanib, Ustoz Qudratilla akani va butun mamlakatimiz kasaba uyushmalari tizimi xodimlarini kasb bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
Yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida g‘alaba qozongan Millatimiz Sardori “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasiga” degan yangi g‘oyani e’lon qildi. Ushbu ustuvor g‘oyani hayotga tatbiq etishda Yangi O‘zbekistonning Yangi kasaba uyushmalari alohida o‘rnak va namuna ko‘rsatishiga ishonaman.
Akmal Saidov, akademik
Izoh (0)