Oq uyning rasmiy vakili Jen Psakida koronavirus aniqlandi va u karantinda qolishga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda Oq uy bayonotiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
“Chorshanba kuni Oq uyning yuqori martabali amaldorlari va tibbiyot jamoasi bilan kelishgan holda oila a’zolarimda koronavirus aniqlangani sabab yuzaga kelgan favqulodda vaziyat tufayli prezident bilan xorij safariga chiqmaslik bo‘yicha qaror qabul qildim. Shundan buyon men karantindaman”, — deydi Psaki.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ketma-ket to‘rt kun koronavirusga topshirgan PZR-testi salbiy chiqqan, ammo 31-oktabrdagi test natijasi ijobiy bo‘lgan.
Psakining aniqlik kiritishicha, u “chorshanbadan beri prezident Jo Bayden va Oq uyning yuqori martabali shaxslari bilan aloqada bo‘lmagan”. “Bugungi test natijasi ijobiy chiqqanini shaffoflik nuqtayi nazaridan ma’lum qilmoqdaman… Vaksina sabab menda yengil belgilar kuzatilmoqda, bu esa uydan turib ishlashimga imkon beradi”, — deya ta’kidlaydi matbuot kotib.
Shuningdek, u “ekspress-test javobi salbiy chiqqanidan keyingi o‘n kunlik karantin yakunlangach” Oq uyga qaytishini ma’lum qilgan.
Jen Psaki 1978-yili Konnektikutda tug‘ilgan va 1996-yilda Grinvichdagi o‘rta maktabni tamomlagan. Keyinroq u “Vilyamsburgdagi Uilyam va Meri” kollejida o‘qigan va siyosiy karyerasini boshlagan. 2004-yildan boshlab AQSh prezidentining iqlim masalalari bo‘yicha maxsus vakili Jon Kerrining matbuot kotibini o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Psaki AQSh sobiq prezidenti Barak Obama administratsiyasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Oq uy matbuot kotibi lavozimini esa Jo Bayden AQSh prezidentligi lavozimiga kirishgach, egallagan.
Izoh (0)