Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekistonning 2021-yilning 1-oktabr holati bo‘yicha demografik ma’lumotlarini e’lon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 9 oyda 132,1 ming o‘lim holati qayd etilgan. Choraklar kesimida ko‘riladigan bo‘lsa, 1-chorakda 39,6 ming, 2-chorakda 40,1 ming, 3-chorakda esa 52,4 ming o‘lim ro‘yxatga olingan.
Bunda 3-chorakda o‘lim holati 2-chorakka nisbatan 31 foizga yoki 12,3 ming nafarga oshgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2020-yilda 175,6 mingta o‘lim qayd etilgan bo‘lib, har 1000 aholiga o‘lim koeffitsiyenti 5,1 promilleni tashkil etgan va 2019-yilga nisbatan 0,5 promillega oshgan (2019-yilning yanvar—dekabr oylarida ko‘rsatkich 4,6 promille bo‘lgan).
2020-yilda qayd etilgan o‘lim holatlarining 60,0 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 8,0 foizi o‘simtalardan, 7,2 foizi nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 4,4 foizi ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 4,4 foizi baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 4,4 foizi yuqumli va parazitlar kasalliklardan hamda 11,6 foizi boshqa kasalliklardan vafot etgan.
Izoh (0)