Sudan armiyasi generali Abdul Fattoh al-Burhon mamlakatda favqulodda holat e’lon qilib, ijroiya hokimiyati — hukumat va suveren kengashni tarqatib yubordi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: EPA

Generalning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda mamlakatdagi siyosiy kuchlar o‘rtasida yuz berayotgan ziddiyatlar armiyani vaziyatga aralashishga majbur qilgan. Al-Burhon Sudan xalqaro shartnomalarga sodiq qolishini va bir muncha vaqt o‘tgach, mamlakat fuqarolik boshqaruviga qaytishi mumkinligini va’da qildi, biroq hech qanday muddatni aytmadi. Taxminlarga ko‘ra, bunga 2023-yil iyul oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlardan keyin erishish mumkin.

Sudan harbiylari 25-oktabrga o‘tar kechasi mamlakat muvaqqat hukumatining bir qator vazirlarini, jumladan, muvaqqat bosh vazir Abdulla Xamdokni hibsga oldi.

CNN telekanaliga ko‘ra, Xamdok va uning rafiqasi Muna Abdulla qo‘lga olingan va noma’lum joyga olib ketilgan. Keyinroq mamlakat Axborot vazirligi u harbiylar tomonidan uy qamog‘iga joylashtirilganini ma’lum qildi. Hibsga olinishidan avval Sudan bosh vaziri aholini uni qo‘llab-quvvatlash uchun tinch namoyishlarga chaqirgan. Uning chaqirig‘iga javoban poytaxt Xartum ko‘chalarida norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishchilar Sudan armiyasi bosh qarorgohiga yaqinlashmoqchi bo‘lganida, harbiylar ularga qarata o‘q uzdi — kamida 12 kishi jarohat oldi.

Sudan tibbiyot kasaba uyushmasi a’zolari mitinglar bilan ko‘chalarga chiqdi. Bemorlarga faqat o‘ta zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda. Sudanliklar, shuningdek, mamlakatdagi asosiy muxolifatchi harakat “Ozodlik va o‘zgarish kuchlari” chaqirig‘i bilan harbiylarga qarshi turish uchun ko‘chalarga chiqa boshladi.

Sudanda harbiylar va fuqarolik kuchlari o‘rtasidagi munosabatlarda inqiroz bir necha haftadan beri davom etmoqda. Ziddiyatlarni muloqot orqali hal qilishga urinishlar kutilgan natijaga olib kelmadi, qarama-qarshi lagerlar o‘z tarafdorlarini ko‘chalarga olib chiqdi.

Sudan armiyasi Xartumdagi davlat teleradiostansiyasi binosini nazoratga olgan. Ko‘plab xodimlar hibsga olingan. Poytaxtda mobil aloqa va internet bloklangan.

Sudandagi harbiylarning so‘nggi harakatlari AQSh rasmiylarini xavotirga solayotgani xabar berildi. “AQSh (Sudandagi) o‘tish davri hukumati harbiylar tomonidan bosib olingani haqidagi xabarlardan qattiq xavotirda”, — deb yozadi maxsus elchi Jeffri Feltman AQSh Davlat departamentining Afrika ishlari bo‘yicha byurosi Twitter’ida.

Feltmanning qo‘shimcha qilishicha, hokimyatni bu tarzda egallash Konstitutsiyaviy deklaratsiyaga ham, Sudan xalqining demokratik intilishlariga ham zid. Buni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi.

Maxsus elchi o‘tish davri hukumatiga zo‘rlik bilan kiritilgan har qanday o‘zgarish AQShning Sudanga yordam berishdan bosh tortishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda Vashingtonda bir necha bor aytilgan.