Ko‘p qirrali ijodkor, kubizm asoschisi, asarlari millionlab dollarga sotilgan va uni shon-shuhrat va boylikka ko‘mgan buyuk rassom Pablo Pikasso tavallud topgan kunda “Daryo” uning hayoti va ijod yo‘liga nazar tashlaydi.
Bolaligi
U 1881-yilning 25-oktabrida Ispaniyaning Malaga shahrida dunyoga keladi. U shu qadar nimjon tug‘ilgandiki, doya ayol bolani o‘lik tug‘ildi deb o‘ylaydi. Sovuq xabarni qarindoshlariga yetkazishga taraddudlanayotgan vaqtida xonaga bo‘lajak dahoning amakisi kirib keladi va uning yuziga qo‘lidagi sigaret tutunini puflaydi. Shunda chaqaloqqa “jon kirib”, yig‘lab yuboradi.Bu bolakay (to‘liq ismi — Pablo Diyego Xose Fransisko De Paula Xuan Nepomuseno Mariya De Los Remedios Sipriano De La Santisima Trinidad Martir Patrisio Ruis i Pikasso) san’at olamida Pablo Pikasso nomi bilan tanildi. “Pikasso” onasining qizlik familiyasi bo‘lib, Pablo uni otasining familiyasidan afzalroq ko‘radi. Buning bir nechta sabablari bor edi. Birinchidan, ispanlar orasida “Ruis” familiyasi keng tarqalgandi va quloqqa juda oddiy eshitilardi. Ikkinchidan, otasi Xose Ruis ham rassom va san’atshunos bo‘lgan.
Onasining so‘zlariga ko‘ra, Pablo rasm chizishni tili chiqmasidanoq o‘rgangan. U rassom va tasviriy san’at o‘qituvchisining o‘g‘li sifatida otasidan o‘rnak olib, bolaligidan rasm chizishga qiziqa boshlagan. Bolaning vizual xotirasi juda kuchli rivojlangan bo‘lib, ko‘rgan narsasini mayda detallarigacha ko‘zdan qochirmay do‘stlariga hikoya qilib bera olardi. Ota-onasining ko‘magi bilan o‘qib-o‘rgangan Pablo sakkiz yoshida o‘zining “Nayzador” nomli birinchi jiddiy asarini yaratadi; unda buqalar jangida qatnashayotgan nayzador otliq surati tasvirlangandi. Asar keyinchalik rassomga juda qadrli bo‘lib qolgani sababli undan hech qachon ayrilmaydi.
Pabloning iste’dodi tobora charxlanib borayotgandi. Unga hatto otasining ijodiy ishlarini oxiriga yetkazib qo‘yishga ham ruxsat berishadi. Kunlardan birida Pablo otasi Xose Ruisning katta bir asari ustida ishlayotgan edi. Pabloning iste’dodi otasini shu qadar hayratda qoldiradiki, u yosh dahoga mo‘yqalam, bo‘yoqlarni topshirib, tasviriy san’atni bilan shug‘ullanishni bir umrga to‘xtatadi. Bo‘lajak rassom bu voqea yuz bergan vaqtda endigina 13 yoshda edi.
Katta hayotga qadam
Pabloning ijodiy qobiliyatini yanada rivojlantirishni istagan otasi uni 1894-yilda Korundagi san’at maktabiga o‘qishga yuboradi. Ammo tez orada uning ijodiy mahorat borasida barcha o‘qituvchilaridan ham ustunroq ekanligi ma’lum bo‘ladi. Pablo bir yil ham o‘qimay, ta’lim muassasasini tark etadi.Kelasi yili, 1895-yilda, Pikasso Barselonadagi Tasviriy san’at akademiyasiga kirish uchun ariza topshiradi. Pablo majburiy kirish imtihoniga bir haftadayoq tayyor bo‘ladi — boshqa talabalar bu imtihondan o‘tish uchun kamida bir oy tayyorlanardi. O‘sha vaqtda uning “Ona portreti” (1896), “Avtoportret” (1896) kabi dastlabki asarlari dunyo yuzini ko‘radi. Bugungi kunda bu asarlar Barselonadagi Pikasso muzeyida saqlanmoqda.
Bir oz vaqt o‘tgach, Pikassoning iqtidori Barselona akademiyasi doirasida chegaralanib qolayotgani ayon bo‘ladi va 1897-yilda u Ispaniyadagi eng nufuzli san’at akademiyasi “San Fernando”ni zabt etish uchun Madridga yo‘l oladi. Lekin u yerda ham Pabloning o‘qishi bir yildan ortiq davom etmaydi. Akademiyadan qadami tobora uzilib borayotgan Pikasso Madridning ko‘p qirrali hayotini o‘rganadi va shu bilan birga u yerdagi rassomlarning ijodiy ishlari bilan tanishadi. Ularning orasida El Greko, Fransisko Goya hamda Diyego Velaskes asarlari katta taassurot qoldiradi.
O‘sha vaqtda Pikasso ilk bor Fransiya va uning poytaxti — Yevropa san’atining markazi deb tan olingan — Parijga tashrif buyuradi. Bir necha oy ichida Pablo u yerdagi barcha muzeylarni ziyorat qilib chiqishga ulguradi. Rassomni san’at asarlarining har qanday shakli o‘ziga tortardi: u Yejen Delakura, Vinsent van Gog, Pol Gogen va Anri de Tuluz Loterk kabi buyuk mo‘yqalam ustalarining asarlari bilan tanishadi, Misr va Finikiya san’ati durdonalarini o‘rganadi. Bundan tashqari yapon gravyurasi va gotika uslubidagi haykallarga ham qiziqib qoladi. Pikasso mashhur kolleksioner Ambruaz Vollar va shoirlar Giyom Apolliner, Maks Jakoblar bilan ham o‘sha vaqtda tanishgandi.
1889-yilda rassom Ispaniyaga qaytib, Madriddagi o‘qishini tashlaydi va Barselonaga ko‘chib o‘tadi. Bu yerda Pikasso yig‘ilish joyi Els Quatre Gats kafesi bo‘lgan bogem jamiyatining a’zosiga aylanadi. 1900-yilda ushbu kafeda ikki marta yosh rassomning ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Bu uning san’at ahli oldida qilgan ilk katta chiqishlari edi.
Shunday qilib tasviriy san’atdan rasmiy ta’limni olmagan Pablo Pikasso shon-shuhrat yo‘lini ulug‘vor, g‘ayrioddiy, bahsli va 20-asrning eng buyuk rassomi sifatida boshlaydi.
Mark Shagal bir safar Pikasso ijodi haqida shunday degandi: “U o‘z uslubini paypog‘idan ko‘ra ko‘proq alishtiradi”. Rassom bunga: “Har kimning o‘zgarishga haqqi bor, hatto rassomlarning ham”, — deya javob bergandi.
U tarixga kubizm asoschisi sifatida kirgan bo‘lsa-da, kubizm uning ijodiy faoliyatida bir qisqa davr o‘laroq o‘n yil davom etgan, xolos.
Aslida esa uning ijodi bir-biridan keskin farq qiluvchi bir nechta davrni o‘z ichiga oladi. Xo‘sh, ular qaysilar?
Moviy mavsum
Pikasso ijodining boshlang‘ich bosqichiga “Moviy mavsum” deb nom berilgan. Uning hayoti va ijodidagi o‘zgarishlar qadrdon do‘stining o‘limidan so‘ng boshlanadi. 1901-yilning fevral oyida u hayotini butkul o‘zgartirib yuborgan maktubni oladi. Unda rassomning eng yaqin do‘sti va ijodiy sherigi Karlos Kasagemas vafot etgani haqida yozilgandi.Bu xabar Pikassoni o‘ta og‘ir tushkun kayfiyatga solib, ichini yemira boshlaydi. U o‘z qayg‘usini ijod orqali yengishga harakat qiladi va bor e’tiborini ishga qaratadi. Qo‘rquv, umidsizlik, yolg‘izlik, azob — bu so‘zlar “Moviy mavsum” asarlarini ta’riflashga to‘la mos tushadi. Pikassoning o‘sha vaqtda yaratilgan avtoportreti buni tasdiqlashi mumkin.
U ko‘pincha yangi suratlarni eskilarining ustiga chizardi, chunki yangi mato sotib olishga puli yo‘q edi. Tasviriy san’at durdonalariga aylanishi mumkin bo‘lgan ko‘plab asarlar shu tariqa yo‘qolib ketadi. Lekin boshqa tomondan, bunga yaqin do‘sti bilan bog‘liq eski xotiralardan qutulish sifatida qarash mumkin.
Pablo o‘shanda hayotidagi og‘ir damlarni boshidan kechirayotgandi, rasmlarini hech kim sotib olmasdi, o‘zi esa Ispaniya va Fransiya o‘rtasida sarson edi. O‘sha vaqtlarda Ispaniyada qashshoqlik avjiga chiqib, odamlar ko‘pincha tirikchilik dardida boshqa yurtlarga chiqib ketayotgandi. Bularning barchasi rassomga qattiq ta’sir qilib, och va qashshoq odamlar hayoti aks etgan “Keksa yahudiy va bolakay” asarini yaratadi.
Pikassoning “Moviy mavsum”da chizilgan eng asosiy asarlaridan yana biri bu — “Hayot” asari. U chuqur majoziy ma’noga ega asar hisoblanadi. Chap tomonda Kasagemasning mukammallashtirilgan tasviri aks ettirilgan bo‘lib, ko‘ksiga yalang‘och ayol bosh qo‘yib turibdi. O‘ng tomonda qo‘lida bola ko‘targan, yoshi katta ayol unga ta’na nazari bilan qarayapti: u Kasagemasning onasi bo‘lsa kerak. Ularning o‘rtasida, orqa tomonda — ikki ustma-ust qo‘yilgan surat: tepadagisida quchoqlashayotgan juftlik, pastida esa og‘riq va yolg‘izlik timsoli bo‘lgan, qo‘nishib o‘tirgan ayol tasvirlangan.
“Moviy mavsum”da chizilgan barcha suratlarning asosiy motivi yolg‘izlik va azob-uqubatlarning muqarrarligi; qashshoqlik, xastalik, keksalik va nogironlik azoblaridir. Ilgari dard nimaligini bilmagan Pikassoga u to‘qnash kelgan hayot haqiqatlari og‘ir yuk edi: o‘zi va yaqinlari bilan yuz berayotgan voqealar (dard va alamlar) haqida fikr yuritish ushbu davrda — rassom ijodining eng qayg‘uli davrida asarlariga ko‘chadi.
Pushti mavsum
Kutilmagan sevgi va romantik kayfiyat Pikasso asarlarida yangicha ranglarda aks etadi. Yo‘qsil bechoralar va qariyalar o‘rnini asta-sekin quvnoq sirk artistlari, arlekinlar va akrobatlar egallay boshlaydi — rassom ularni Monmartr tepaligi yaqinidagi Medrano sirkida uchratgandi. Endi u chizgan suratlarda asosan marvarid-pushti rang ko‘zga yaqqol tashlanib turardi.
Mazmun-mohiyat ham o‘zgaradi: nafislik, hamdardlik va “ko‘z ilg‘amas nozik lahzalar” yuzaga chiqadi. “Pushti mavsum” atigi ikki yil davom etib (1904-yildan 1906-yilgacha), his va kechinmalar bilan to‘lgan “shaxsiy” faoliyatdan rassomni shon-shuhratga ko‘mib yuborgan, dadil va yangicha tajribalarga o‘tish yo‘lidagi e’tiborga molik davr o‘laroq ko‘zga tashlanadi.
Tushkunlikka soluvchi ko‘k va qora ranglarda aks ettirilgan bechoralar o‘rnini endi ko‘chma sirk ustalari va artistlar egallagandi. Pikasso bu davrda odamlarni ruhiy tushkunlik girdobida emas, balki yangi “pushti ko‘zoynaklar” orqali ko‘radi. Ularning hayoti yetishmovchiliklardan xoli bo‘lmasa ham, unda qayg‘u, og‘ir tashvishlar bo‘lsa ham, rassom o‘z qahramonlarini boricha qabul qiladi: kuchli va zaif, baxtli va baxtsiz, kulgili va ta’sirli. Asosiysi, obrazlar yana hayot nafasi bilan to‘yingandi, “Moviy mavsum” zulmati rassomni asta-sekin o‘z og‘ushidan bo‘shatayogandi. Qizig‘i shundaki, Pikasso o‘zini ko‘pincha Arlekin obrazida (masalan, “Qadah tutgan arlekin” asarida), do‘stlarini esa boshqa qahramonlar obrazida tasvirlaydi.
Bu davrda Pikasso obrazi ham o‘zgargandi. “Pushti mavsum” avtoportretlarida u navqiron, kuch va ilhomga to‘lgan qiyofada gavdalanadi. Kompozitsiyalar shaklan sodda, uning nigohlarida ishonch, jo‘shqinlik va hayotga chanqoqlik seziladi.
“Pushti mavsum”ning eng sara durdonalaridan biri “Shar ustidagi qiz” asaridir. Unda yosh va go‘zal qiz shar ustida jilmaygancha muvozanat saqlab turibdi. Yonida keng yelkali, basavlat sportchi bir katta kub ustida o‘tiribdi. Go‘zallik bu yerda nozik chegaralar bo‘ylab harakatlanadi: erkak quvvati va ayol nafosati, barqarorlik va moslashuvchanlik, fundamentallik va yengillik o‘rtasida. Biroq eng muhimi shundaki, qiz va sportchi bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir: qiz istalgan vaqtda muvozanatini yo‘qotib, yiqilishi mumkin, lekin Pikassoga nazdida sportchi uni albatta saqlab qoladi. Boshqa tomondan, agar suratdagi qizni yo‘q deb tasavvur qilsangiz, yosh sportchi juda yolg‘iz ko‘rinardi.
Kubizm
Rassom qay davrda va qaysi yo‘nalishda ijod qilmasin, tasavvuridagi dunyoni mato tekisligida uning bor ranglari va qirralari bilan yetkazib berishga harakat qiladi. 20-asrning boshlarida, fotografiya rivojlangan bir vaqtda, tasviriy san’at badiiy tasvirlarni “to‘g‘ri” shakl-shamoyilda ko‘rsatib berishning yagona usuli emasligi ayon bo‘ladi. Yashash huquqini va o‘z ahamiyatini yo‘qotmaslik uchun san’at endi tashqi dunyo bilan yangi muloqot tilini kashf etishi zarur edi. Pikasso uchun bu kubizm tili bo‘ldi.Rassomning realizm an’analaridan voz kechishini oldindan belgilab bergan ajoyib asar — yozuvchi Gertruda Staynning portreti (1905–1906). Pablo uchun ungacha birorta asar ustida ishlash bu qadar qiyinchilik tug‘dirmagan bo‘lsa kerak. Portret rassom tomonidan 80 marta qayta chizilgan bo‘lib, shundan so‘ng u ortiq klassik uslub doirasida ijod qila olmasligini tushunadi. Tashqi dunyo uni ortiq asliga mos ko‘rinishda qiziqtirmay qo‘ygandi.
Pikassoning Afrika qit’asi san’atiga qiziqishi ham predmetni o‘zining “to‘g‘ri” xususiyatlari bilan tasvirlashdan bosh tortishiga turtki bo‘ldi. Afrika qabilalariga xos diniy ashyolarni — niqoblar, oddiy ko‘rinishdagi butlar va haykalchalarni o‘rganib, rassom o‘z kartinalarida tasvirlangan personajlarni mayda detallar yig‘indisidan xalos qiladi, soddalashtiradi. Qahramonlarning go‘yo tosh yoki yog‘ochdan o‘yilgan qo‘pol va kelishmagan qiyofalari yuz o‘rniga marosim niqoblari bilan ziynatlangan butlarni eslatib yuboradi.
1907-yilda chizilgan “Avignon qizlari” bu davrning eng ko‘zga ko‘ringan kartinasidir. Rassom bir yildan oshiqroq vaqt mobaynida ushbu asar ustida ishlab, uni bir necha marta qayta chizadi. Rasmda tasvirlangan ayollar oxir oqibat Afrikaning qo‘pol haykalchalariga o‘xshab qolgandi. Inson tanasining odmilik ruhida buzilgan tuzilishi, sxematik tarzda chizilgan va atayin yangi shaklga solingan ayollar yuzi tomoshabinlarni hayratda qoldirdi va Pikassoga qarshi tanqidlar bo‘ronini qo‘zg‘atdi. Hatto rassomning ko‘plab yaqin do‘stlari ham suratni san’at asari sifatida qabul qilishdan bosh tortadi.
Biroq aynan mana shu janjalli asar kubizmning paydo bo‘lishi uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qilishi kerak edi. Pablo Pikasso va Jorj Brak birgalikda rassomchilikdagi bu yangi yo‘nalishga asos soladi.
1909-yildan 1917-yilgacha rassom bu yo‘nalishda faol ijod qiladi. Pikassoning kubizm doirasidagi ishlari rivojlanishning bir necha bosqichlarini bosib o‘tgan.
“Sezann” kubizmi. Bu davrdagi asarlarida Pol Sezann ta’siri ko‘zga tashlanadi — ularda Sezann yoqtirgan yashil, jigarrang, kulrang va oxra, loyqa va xira ranglardan foydalanilgan bo‘lib, tasvir oddiy va aniq geometrik shakllarga qurilgan. Bu bosqichda yaratilgan asarlarning eng yorqin namunalari — 1908-yilda chizilgan “Ikki yalang‘och figura”, “Do‘stlik”, “Fermer ayol” kartinalari.
1909-yildan boshlab Pikasso ijodi “analitik” kubizmga o‘ta boshlaydi, u bosqich tasvirlangan narsani bir-biridan osongina ajratsa bo‘ladigan turli xil qismlarga ajratishni o‘z ichiga oladi. Analitik kubizmning o‘ziga xos xususiyatlariga amal qilgan holda “Ambruaz Vollar portreti” (1910), “Fernanda Olivye portreti” (1909), “Yalang‘och” (1910), “Daniel Anri Kanveyler portreti” (1910) yaratiladi.
1912–1914-yillar kubizmi “sintetik” deb yuritiladi, chunki asar yaratishda to‘g‘ridan to‘g‘ri tasviriy vositalar kollaj texnikasidan foydalangan holda birlashtirilgan, matoda rasm bilan bog‘liq bo‘lmagan begona predmetlar — gazeta parchalari, qum, arqon va mato bo‘laklari paydo bo‘lgan (“Gitara”, 1913; “Uzum va kesilgan nok kompozitsiyasi”, 1914). Kompozitsiyaga shifrlangan telefon raqamlari, yaqinlarining ismlari, ko‘chalar va bogem ichimlik korxonalari nomlari kiritilgan (“Oshxona (Dudlangan cho‘chqa go‘shti)”, 1912; “Restoran: kurka, tryufel va vino”, 1912; “Yalang‘och, men Havoni sevaman”, 1912).
Syurrealizm
Pikassoning syurrealizmga yaqinligi xronologik jihatdan 1925–1932-yillar davriga to‘g‘ri keladi. Qoidaga ko‘ra, rassom ijodining har bir uslubiy bosqichini ma’lum bir Muza boshqargan. “O‘zini matoda tanish” ishtiyoqida yonayotgan sobiq balerina Olga Xoxlova bilan turmushi vaqtida Pikasso o‘zi Jorj Brak bilan birgalikda asos solgan kubizmdan neoklassitsizmga murojaat qiladi.Rassomning hayotida yosh sarg‘ish sochli qiz Mariya Tereza Uolter paydo bo‘lgan vaqtda u syurrealizm tomon yuz buradi. U o‘shanda kuch yig‘ib borayotgan syurrealistlar bilan ham muloqotda bo‘lish orqali tayyorlangandi. Ikki omil — madmuazel Uolterning “qiziqarli chehrasi” va Andre Breton doirasiga yaqinlik bir vaqtning o‘zida ish beradi. Pikasso 1925-yilda aynan Pyer galereyasida o‘tkazilgan bir guruh syurrealistlar ko‘rgazmasida qatnashadi (bungacha u faqat shaxsiy ko‘rgazmalardagina ro‘y ko‘rsatardi).
“Syurrealistik inqilob” jurnalining birinchi sonidanoq Pikassoning 1914-yildagi konstruksiyasi fotosurati joy olgandi, ikkinchi sonda rassom asarlari uchun ikki bet ajratiladi, to‘rtinchi sonda esa undan o‘n sakkiz yil avval chizilgan, ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lgan “Avignon qizlari” nusxasi chop etiladi. Aslida, Breton yordami bilan asar qayta ochiladi, ustaxonaning qorong‘i burchagidan olinadi va kolleksioner Jak Dusega sotiladi. Andre Bretonning Pikasso haqidagi o‘sha to‘rtinchi sonda chiqqan maqolasida u usta rassomga qoyil qolishi sabablarini tahlil qilib, haqiqat faqat biz ko‘rib turgan narsa emasligini va rassom modelni o‘zining “ichki tushunchasi” bilan idrok etishi kerakligini aytadi. Modelni idrok etish deganda, Pikassoning syurrealistik merosiga tegishli Mariya Terezaning ko‘plab portretlarini ham tushunish mumkin.
“Gul tutgan ayol” (1932), “Oynadagi uxlayotgan ayol (Mariya Tereza Uolter)” (1932), “Qizil yostiqda yalang‘och ayol (Mariya Teraza)” (1932) va boshqa suratlar orqali Pikasso xuddi yangi o‘yinchog‘ini bo‘laklarga bo‘lib, ichida aylanayotgan va chiyillayotgan narsaning nima ekanligini bilmoqchi bo‘layotgan bolakay kabi o‘zining yangi modelini o‘rganadi. O‘rganish ashyosi sifatida tana qismlarga bo‘linadi, buklanadi va qaytadan yig‘iladi.
Pikassoning o‘zi syurrealizmdagi yetti yillik izlanishlarini shunday izohlagandi: “Men jismlarni ko‘rganimdek emas, balki tushunganimdek tasvirlayman”.
“Gernika” asari
Ispaniyada tarixan basklarga tegishli bir shahar bor edi — Gernika. 1937-yilning 26-aprelida o‘sha shahar nemis aviatsiyasiga qarashli “Kondor” legioni tomonidan yer yuzidan supurib yuboriladi. Shaharga mingdan ortiq bombalar yomg‘iri yog‘iladi va shaharning snaryadlar bilan yo‘q qilinmagan qismlari uch kun ichida yoqib tashlanadi — shahar kultepaga aylanadi. Ko‘plab odamlar qirilib ketadi, tirik qolganlar esa boshpanasidan ayriladi, ko‘plab qadimiy yodgorliklar va madaniy osori-atiqalarning kuli ko‘kka sovuriladi.Rassom Gernikada hech qachon bo‘lmagandi, biroq u Parijda o‘tishi kerak bo‘lgan xalqaro ko‘rgazmaga tayyorgarlik ko‘rayotgan vaqtida bu fojia haqida eshitib, asarni xuddi falokat vaqtida o‘sha yerda bo‘lganday chuqur hamdardlik bilan tasvirlaydi. Avangard uslubda yaratilgan ushbu asar hajman juda katta bo‘lib, 351 x 782,5 santimetrni tashkil etadi.
Fashizmga nisbatan o‘z nafratini izhor qilish, uning asl basharasini ochib berish maqsadida yaratilgan ushbu asar odamlarni cheksiz hayrat va hayajonga solib qo‘yadi.
Pikasso bu asarida fashizm va urush dahshatlarini shu qadar tiyrak nigoh bilan tasvirlab berganki, undagi qahramonlar kulfatini ich-ichingizdan his qilib yuborasiz. Mazkur kartina Pikasso tasavvurining naqadar boyligini va u qanday keng salohiyatli rassom ekanligini ko‘rsatib bergan.
Pikasso butun hayoti davomida ushbu asar bilan bog‘liq ko‘plab ziddiyatlarga to‘qnash keladi. Fashistlar istilosi davrida Parijda qo‘nim topgan rassom Gestapo tomonidan ta’qib ostiga olinadi. Aytishlaricha, bir nemis ofitseri Pikassoning kvartirasida kartinani ko‘rib, nafratomuz ohangda: “Bu sening ishingmi?” — deb so‘raydi. Shunda Pikasso: “Yo‘q, bu sizning ishingiz”, — deb javob beradi.
Umrining so‘nggi yillari
Pikasso tiriklik paytidayoq ko‘plab kitoblar, maqolalar, ko‘rgazmalar va filmlar qahramoniga aylangandi. Boshqa tomondan, rassomning o‘zi umrining so‘nggi yillarida kamdan kam hollarda omma oldida paydo bo‘lib, o‘zining ikkinchi turmush o‘rtog‘i Jaklin Rok bilan birga (birinchi rafiqasi — Olga Xoxlova) tinch va osuda hayotni afzal ko‘rgandi. Shunday qilib u 1937-yilning 8-aprelida 91 yoshida vafot etdi va 1958–1961-yillarda o‘zi yashab, ijod qilgan qadimiy Vovenarg qal’asiga dafn qilindi.Pikasso butun umri davomida umumiy hisobda olti mingdan ortiq kartina, chizma va haykallarga mualliflik qilgan. Uning mo‘yqalami ostidan chiqqan barcha asarlarni mutaxassislar 10 milliard dollarga baholaydi. Ularning ichida 1995-yilda chizilgan “Aljirlik ayollar” kartinasi 2015-yilda Christie’s auksionida 179,3 million dollarga sotilgan. 1932-yilda yaratilgan “Uyqu” asari esa 2013-yilda investitsiya fondi rahbari Stiven Koyenga 155 million dollarga pullangan.
Bir kuni Fransiya vaziri uning uyiga tashrif buyurgan vaqtda rassom tasodifan uning shimiga bo‘yoq tomchilarini to‘kib yuboradi. Bundan qattiq xijolat chekkan Pablo uzr so‘rab, shimni tozalash uchun haq to‘lashni taklif qiladi. Shunda vazir: “Aslo! Siz bor-yo‘g‘i shimimga imzo chekdingiz, xolos!” — deb javob beradi.
Ushbu havola orqali buyuk rassomning turli davrlarda chizgan asarlari bilan batafsilroq tanishishingiz mumkin.
Rafiq O‘zturk tayyorladi
Izoh (0)