Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev 24-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 08:00 da boshlangan prezident saylovi qonunchilik va demokratik tamoyillarga asoslangan holda bo‘lib o‘tayotganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Foto: Markaziy saylov komissiyasi

“Ertalab soat 08:00 da mamlakatimizda tashkil etilgan 10 761 ta saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi va saylovchilar ovoz berishga kirishdi. Jarayon koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq sanitariya-gigiyena talablariga amal qilgan holda olib borilmoqda”, — degan u Toshkentda o‘tkazilgan brifingda.

“Saylovlar Konstitutsiyaga joriy yilda kiritilgan o‘zgartirishlardan so‘ng birinchi marta oktabr oyida o‘tkazilmoqda. 14—20-oktabr kunlari muddatidan oldin ovoz berish bo‘lib o‘tdi, unda 421 618 kishi ishtirok etdi.

Dunyoning 37 ta mamlakatida 54 ta saylov uchastkasi tashkil etildi. Birinchi navbatda sharqdagi — Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Tailand, Hindiston va Rossiyaning Uzoq Sharqida saylov uchastkalari ochildi.

Tokio va Seulda Toshkent vaqti bilan ertalab soat 04:00 da boshlangan ovoz berish jarayoni 25-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 06:00 da Nyu-Yorkda yakunlanadi”, — deb qayd etgan Zayniddin Nizomxo‘jaev.

Ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilarning umumiy soni 19 million 859 ming 127 nafarni tashkil etmoqda. Markaziy saylov komissiyasi raisi beshta siyosiy partiyadan nomzodlar ilk bor ishtirok etayotgan saylovoldi tashviqotida partiyalar tomonidan qonunbuzilish holatlari qayd etilmaganini bildirgan.

Saylovni 971 nafar xalqaro kuzatuvchi, jumladan, xalqaro tashkilotlardan 631 nafar va xorijiy davlatlardan 340 nafar kuzatuvchi kuzatmoqda. Shuningdek, partiyalardan 53 700 nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 10 700 nafar kuzatuvchi ro‘yxatga olingan.

Saylov jarayonini mahalliy va xorijiy OAVlarning 1670 vakili yoritmoqda.

Zayniddin Nizomxo‘jayev saylov qonunchiligi buzilishi holatlarini aniqlagudek bo‘lsa, sud, prokuratura organlari yoki mahalliy saylov komissiyalariga murojaat qilish mumkinligini ma’lum qilgan. Barcha saylov uchastkalarida qonunbuzilish holatlari yuzasidan murojaatlar uchun telefonlar mavjud.