Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan Maqsuda Vorisova Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 116-maktabda tashkil etilgan 206-saylov uchastkasida oila a’zolari bilan birga ovoz berdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri. Unga turmush o‘rtog‘i va nevaralari hamrohlik qilgan.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Ma’lumot uchun, Maqsuda Vorisova 1961-yil 20-yanvarda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek. Ma’lumoti — oliy. 1984-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Ixtisosligi — shifokor-terapevt.

Mehnat faoliyatini 1984-yilda Toshkent davlat tibbiyot instituti klinikasida shifokorlikdan boshlagan. 1989-yildan Toshkent viloyati Zangiota tumani “Nazarbek” qishloq vrachlik punktida shifokor-terapevt, 2003-yildan “Nazarbek” qishloq vrachlik punkti mudiri bo‘lib ishlagan. 2009—2014-yillarda xalq deputatlari Zangiota tuman kengashi deputati, 2015—2019-yillarda xalq deputatlari Toshkent viloyat kengashi deputati, Senat a’zosi sifatida faoliyat olib borgan.

2018-yildan Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari. 2019-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan. Bugungi kunda Qonunchilik palatasining Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, parlament quyi palatasining Oila va ayollar masalalari komissiyasi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. U 2018-yilda I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan.

Oilali — ikki o‘g‘il, bir qizi, yetti nafar nevarasi bor. Turmush o‘rtog‘i A.Vorisov ixtisosligi bo‘yicha muhandis.