Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

8-oktabr kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi uylarning birida havo-gaz aralashmasi portlashi sodir bo‘lgan edi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Zarnews

“Kattaqo‘rg‘on shahridagi xonadonlardan birida gaz portlab, ikki kishi tan jarohati olganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi TB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Holatni o‘rgangan Zarnews nashrining ma’lum qilishicha, portlash yuzaga kelgan xonadon joylashgan ko‘chada yashovchilar bir yildan beri mazkur ehtimoliy holat haqida rasmiy idoralarga murojaat qilib, yordam so‘rab kelgan.

Ma’lum qilinishicha, Kattaqo‘rg‘on shahri Toshkent ko‘chasi 145-uydagi xonada gaz quvurlari bo‘lmagan. Xonadon devori ortida esa avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga tegishli 4 ta yirik (6 kilogrammlik) hamda bitta kichik, aholi uchun (1 kilogrammlik) gaz quvuri o‘tgan. Aholi fikricha, ana shu yirik quvurlar nosoz holga kelib, undan sizib chiqqan gaz ko‘ngilsiz hodisaga sabab bo‘lgan.

Xonadon sohibi Qahramon Sultonovning aytishicha, portlash sodir bo‘lgan kuni xonadonga qo‘shni Qozog‘istondan mehmon kelib, ular tonggacha suhbatlashib o‘tirgan. Tonggi soat 04:15 lar atrofida portlash yuz berganida ham hamma uyg‘oq bo‘lib, darhol tashqariga chiqqan. Shunga qaramay, ikki kishi kuyish tan jarohatini olgan. Jumladan, qozog‘istonlik mehmon jiddiy kuyish tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan. Portlashdan uy egasining akasi ham jarohatlangan.

Foto: Zarnews

Ta’kidlanishicha, ushbu hududda yashovchi aholi portlash ehtimoli haqida bir yildan buyon viloyat va respublika darajasidagi qator idoralarga murojaat qilib kelgan. Xususan, respublika prokuraturasiga yo‘llangan murojaat xatida, jumladan, shunday deyiladi:

Kattaqo‘rg‘on shahar “Ko‘hnadam” mahallasi, Toshkent ko‘chasida yashovchi aholi, jumladan, bizning uy-joyimiz, farzandlarimiz va o‘zimiz bir necha yildan buyon portlash xavfi ostida qolmoqdamiz. Biz bu haqda bir necha bor Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligiga, prokuraturaga murojaat qildik. Bizning xavfsizligimiz uchun yuqori bosimli gaz tarmog‘ini ko‘chamizdan olib tashlanmadi.

Hududda bir qator avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari qurilgach, aholi xonadonlari orasidan hayotimiz uchun xavfli bo‘lgan yuqori bosimli gaz tarmoqlari o‘tkazildi. Natijada 2015-yilda mahallamizdagi yuqori bosimli gaz quvurlaridan Toshkent ko‘chasida joylashgan 147-uyning yerto‘lasiga sizib kirgan gaz ta’sirida kuchli portlash ro‘y berdi. Shundan keyin ham quvurlar boshqa joyga ko‘chirilmadi. Bu yuqori bosimli quvurlar ko‘chirilmasa ko‘plab xonadonlar, odamlar, bolalar jabr ko‘rishi mumkin...

Toshkent ko‘chasidagi xavfsizlik va texnika qoidalariga amal qilmasdan o‘tkazilgan quvurlarni boshqa joydan o‘tkazishda yordam berishingizni so‘raymiz.

Fuqarolarga kelgan javob xatlarida, jumladan, hokimlik xatida esa mazkur obyektlarni ishlatish jarayonidan xavfsizlik qoidalariga rioya etish borasidagi huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida “Sanoatgeokontexnazorat” mutaxassislari tomonidan ekspertiza o‘tkazilgani aytilgan.

Foto: Zarnews

“Kattaqo‘rg‘onshaxargaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Shavkat Abdusalomov holatga munosabat bildirgan: “Holatni o‘rganish uchun quvurlarni ochib ko‘rdik. Bu yerdan bitta Kattaqo‘rg‘on shahri aholisiga boradigan gaz kichik gaz quvuri va to‘rtta Kattaqo‘rg‘on tumanidan gaz oladigan, bir necha AYoQShlarga boradigan yirik gaz quvurlari bor. Aholi uchun boradigan kichik quvurlarda nosozlik yo‘qligini ko‘rdik. Endi yirik quvurlarni ko‘zdan kechiryapmiz, keyin holatni aniqlaymiz”.

Foto: Zarnews

Nashrning qayd etishicha, quvurlar to‘liq qazilgach, AYoQShlarga tortilgan yirik gaz quvurlaridan biri yorilib, gaz shu orqali tarqagani ma’lum bo‘lgan. Buni aholi va gazta’minot korxonasi vakillari tasdiqlagan.

Avvalroq Chilonzordagi ko‘p qavatli uylarning birida gaz portlagani, Sergelidagi omborxonalardan birida gaz portlashi oqibatida bir kishi halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
“Temur ham, Bobur ham Hindistonni aql bilan olgandi”. Twitter foydalanuvchilari shaxmat Olimpiadasidagi g‘alaba haqida
Dunyo
AQSH armiyasi yollanma askarlar tanqisligiga duch kelmoqda — Bloomberg
Madaniyat
Instagram: Tug‘ilgan kunini nishonlagan Shahzoda Matchonova, yangi mashinali bo‘lgan Aziza Xalilova, farzandli bo‘lgan Yulduz Nizomova