“Tolibon” AQSh bilan Dohada bo‘lib o‘tgan muzokaralarni muvaffaqiyatni deb hisobladi

“Tolibon” harakati 10-oktabr, yakshanba kuni yakunlangan AQSh delegatsiyasi bilan muzokaralarni muvaffaqiyatli deb atadi.

Tolibon rasmiy vakili Zabihulla Mujohid

Foto: Getty Images

“Afg‘oniston Islom Amirligi va Amerika Qo‘shma Shtatlari delegatsiyalari o‘rtasidagi ikki kunlik muloqot muvaffaqiyatli kechdi. Uchrashuv chog‘ida siyosiy masalalar batafsil muhokama qilindi. Doha bitimining to‘liq bajarilishi Islom amirligi tomonidan muammolarni hal qilishning eng yaxshi usuli sifatida ko‘rib chiqilayotgan edi, bundan tashqari, gumanitar yordam siyosiy masalalarga bog‘liq bo‘lmasligi kerak”, — deyiladi “Tolibon” bayonotida.

Ta’kidlanishicha, AQSh vakillari afg‘onistonliklarga gumanitar yordam berib, boshqa gumanitar tashkilotlarning ko‘mak berishi uchun sharoitlarni ta’minlashga va’da bergan. Toliblar o‘z navbatida bunday yechimni ma’qullagan.

“Diplomatik munosabatlarni yaxshiroq holatgacha qayta tiklash uchun harakat qilish kerak”, — deyiladi toliblar bayonotida.

Shuningdek, “agar zarur bo‘lsa”, kelajakda yana shunday uchrashuvlar o‘tkazishga qaror qilingan.

Avvalroq Amerika Davlat departamenti Dohadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha bayonot e’lon qilgandi. Unda uchrashuv “samimiy va professional” deb tavsiflangan. AQSh Afg‘onistondagi inson huquqlari muammosiga e’tibor qaratdi hamda “Tolibon” rejimiga ularning harakatlariga qarab baho berishini qayta ta’kidladi.

“Tolibon” Rossiya bilan o‘z hukumati tan olinishi yuzasidan muzokaralar olib bormoqda

Toliblar Rossiya bilan o‘z hukumatining tan olinishi va o‘zaro elchixonalar ochilishi haqida muzokaralar olib bormoqda, dedi Afg‘oniston axborot va madaniyat vaziri vazifasini bajaruvchi Zabihulla Mujohid.

“Birinchi navbatda gap diplomatik aloqalar haqida bormoqda, ularsiz keyingi hamkorlikni amalga oshirib bo‘lmaydi. Biz Rossiya bilan, asosan, hukumatimizning tan olinishi va elchixonalar ochilishi yuzasidan muzokaralar o‘tkazyapmiz”, — dedi Mujohid.

U Rossiya so‘nggi o‘n yilliklar mobaynidagi jangovar harakatlar oqibatida jabr ko‘rgan Afg‘onistonni qayta tiklashda ishtirok etishiga umid bildirdi.

“Tolibon” sobiq amaldorlarning 16 mln dollardan ortiq pulini musodara qildi

Afg‘onistonning Panjsher, Xost, Kobul va Luvgar viloyatlarida “Tolibon” harakati avvalgi ma’muriyatdagi mansabdor shaxslarga tegishli bo‘lgan 16 million dollardan ortiq mablag‘ni musodara qildi. Pullar Afg‘oniston Moliya vazirligi hisobiga o‘tkazildi.

“Avvalgi poraxo‘r ma’muriyatning ba’zi a’zolaridan olingan pullar Moliya vazirligining maxsus hisobiga o‘tkazildi”, — deyiladi Afg‘oniston Markaziy banki xabarida. Ta’kidlanishicha, dastlab toliblar mablag‘ni Markaziy bankka topshirgan, so‘ng esa “musodara qilingan barcha mablag‘lar eson-omon bank g‘aznasiga o‘tkazilgan”.

“Tolibon” avgust o‘rtalarida Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olganidan keyin AQSh Afg‘oniston hukumatining Amerika bank hisoblarida saqlanayotgan zaxiralarini muzlatib qo‘ygan edi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi esa mamlakat rahbariyati maqomi bilan bog‘liq vaziyat noaniqligi sababli Afg‘onistonga ko‘mak berish to‘xtatilishini e’lon qildi.

Afg‘onistondagi yagona sport telekanali o‘z ishini to‘xtatdi

Afg‘onistonning yagona sport kanali 3Sport o‘z dasturlarini uzatishni to‘xtatdi. Bu haqda mahalliy TOLO News kanali telekanal rahbari bayonotiga tayanib xabar berdi.

Bunga iqtisodiy inqiroz, shuningdek, “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelganidan keyin OAVlar faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar sabab bo‘ldi.

“3Sport faoliyati to‘xtatilishining asosiy sababi barcha OAVlarga, xususan, 3Sport’ga qo‘yilgan cheklovlar bo‘ldi. OAVlar ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohadagi boshqa muammolar bilan ham kurashmoqda”, — dedi 3Sport rahbari Shafiqulla Salim Poya.

Oktabr boshida Afg‘onistonning Khaama Press agentligi mamlakat Jurnalistlar milliy uyushmasiga tayanib, afg‘on OAVlarining 70 foizi o‘z faoliyatini yakunlaganini ma’lum qilgandi. Avvalroq esa Afg‘oniston jurnalistlar ittifoqi vakili Masrur Lutfiy ishlashda davom etayotgan OAVlar “xavfsizlik sohasida doimiy xavfga uchrayotgani va moliyaviy ko‘mak yo‘qligidan jiddiy xavotirda ekani”ni bildirgandi.