Rossiyalik teleboshlovchi Kseniya Sobchak o‘tirgan avtomobil halokatga uchradi, deb xabar beradi “RBK”.
“Sochida 9-oktabr, shanba kuni ikkita avtomobil old qismi bilan to‘qnashdi. Ulardan birining yo‘lovchisi Kseniya Sobchak bo‘lgan. U jabrlanmadi, YTHdan keyin esa boshqa mashinada jo‘nab ketdi”, — deya “Interfaks”ga o‘z manbasi ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avariya ishtirokchisi bo‘lgan ikkinchi mashinada uch kishi bo‘lgan: ulardan biri voqea joyida halok bo‘lgan, boshqasi kasalxonada vafot etgan, uchinchisi esa og‘ir ahvolda yotibdi. “REN TV” esa bir nafar qurbon va ikki jabrlanuvchi haqida ma’lum qildi.
Avtohalokat 9-oktabr kuni kechki payt sodir bo‘lgan, deb yozadi “112” Telegram kanali. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Kseniya Sobchak yo‘lovchi sifatida o‘tirgan Mercedes S500 haydovchisi quvib o‘tish chog‘ida yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishdagi qismiga o‘tib ketgan va Volkswagen avtomobili bilan to‘qnashgan. Shundan keyin u otilib ketib, mikroavtobusga to‘qnashgan. Oqibatda Volkswagen’ning yo‘lovchisi halok bo‘lgan, haydovchi va yana bir yo‘lovchi shikastlangan. Mikroavtobusda o‘n nafar yo‘lovchi bo‘lgan, ular tibbiy yordam so‘rab murojaat qilmagan.
Telegram-kanal manbalariga qaraganda, Mercedes S500 da Sobchakdan tashqari yana ikki yo‘lovchi bo‘lgan, ular jabrlanmagan. YTHdan keyin teleboshlovchi hamrohlari bilan taksida aeroportga ketgan.
“Podyom” nashri xabar qilishicha, Mercedes avtomobili Sobchakka tegishli bo‘lmagan, xizmat safarlari chog‘ida u doim mashinalarni mahalliy haydovchi bilan birga ijaraga oladi.
Kseniya Sobchak o‘z Telegram kanaliga YTH haqida post joyladi. Teleboshlovchining so‘zlariga ko‘ra, mashinadagi hech kim haydovchini tez yurishga majbur qilmagan. Uning o‘zi to‘qnashuvdan keyin hushini yo‘qotgan, miyasi chayqalgan va ko‘p sonli shikastlanishlar olgan, shu jumladan, ichki a’zolari jabrlangan. Ammo u “o‘g‘lining yoniga va uyiga shoshgani” sababli Sochida kasalxonaga borishdan bosh tortgan. “Biz boshqa mashinada jo‘nab ketdik, biroq undan avval mening direktorim Kirill tez yordam chaqirdi va boshqa mashinadagilarga qanday yordam qilishimiz mumkinligini bilib keldi. Ularga yordam ko‘rsatilayotgan edi… Odamlar halok bo‘lganidan shok holatidaman, ularning qarindoshlari bilan bog‘lanamiz”, — deyiladi postda.
Sobchak — teleboshlovchi va siyosatchi, 2018-yilda u Rossiya prezidenti saylovida qatnashib, 1,68 foiz ovoz bilan to‘rtinchi o‘rinni egallagan. 2019-yildan buyon “Ehtiyot bo‘ling, Sobchak!” YouTube kanalini yuritib, yangiliklar sharhlari va taniqli shaxslar bilan intervyularni joylab boradi.