Afg‘oniston mamlakatni tark etgan sobiq amaldorlarning mol-mulklarini sotish orqali qo‘shni davlatlardan elektr bo‘yicha qarzlarini to‘lamoqchi. Bu haqda DABS energetika korporatsiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha direktori vazifasini bajaruvchi Safiulla Ahmadzay ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.

Foto: Reuters

Shuningdek, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni ba’zi hollarda yillab amalga oshirmay kelgan mahalliy aholining mol-mulkini ham sotish rejalashtirilmoqda, deya aniqlik kiritadi TOLO News telekanali.

Ahmadzayning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonning unga elektr energiyasi yetkazib bergan to‘rtta qo‘shni mamlakat oldida 62 million dollar qarzi bor. Sobiq mansabdorlarning mol-mulklarini sotish jarayoni dastlab “Tolibon” tomonidan tayinlangan hukumat tasdig‘idan o‘tishi kerak, shundan keyin korporatsiya sotishni boshlashi mumkin bo‘ladi.

“Shunday siyosat ishlab chiqishimiz kerakki, u bu odamlardan ishlatilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni olish imkonini bersin. Shunga asoslanib, biz ularning mol-mulkini sotishimiz yoki alternativ variantlar topishimiz mumkin”, — dedi Ahmadzay.

DABS sobiq direktori Omonulla G‘olibning ta’kidlashicha, bunday usul korporatsiyaga muammoni qisqa muddatli istiqbolda hal qilish imkonini beradi, ammo uzoq muddatli istiqbol uchun yechim boshqa yo‘llarni qidirishga majbur qiladi.

Avvalroq TOLO News Afg‘oniston O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Erondan elektr energiyasi uchun qarzdor bo‘lib qolganini ma’lum qilgandi. DABS ushbu mamlakatlarga maktub yo‘llab, ulardan elektr energiyasini uzib qo‘ymaslikni so‘radi va qarzlarini to‘lashga va’da berdi.

15-avgust kuni “Tolibon” Kobulga kirib, prezident saroyini egallab oldi va mamlakatdagi hokimiyatni o‘z qo‘liga olganini e’lon qildi. Shu kuniyoq Afg‘oniston prezidenti Ashraf G’ani mamlakatdan qochib ketdi. Bir necha kundan keyin u oilasi bilan Birlashgan Arab Amirliklarida ekani ma’lum bo‘ldi. 18-avgust kuni G‘ani Afg‘oniston xalqiga murojaat yo‘llab, mamlakatga qaytishga va’da berdi. G‘ani buning uchun maslahatlashuvlar olib borayotganini aytdi, ammo aynan kim bilan ekanini ochiqlamadi.

Prezident qochib ketganidan keyin u o‘zi bilan moddiy boyliklar, shu jumladan, juda katta qiymatda naqd pul olib ketgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. G‘anining o‘zi bu ayblovlarni yolg‘on va “mutlaqo asossiz” deb atadi.

Keyinroq “Tolibon” Ashraf G‘ani Afg‘onistondan o‘g‘irlab ketgan pullar qaytarilishini talab qildi. “Ashraf G‘ani davlat mablag‘larini o‘g‘irlab ketdi, biz esa ularni qaytarishni talab qilamiz. Ular xalqqa va bizning banklarimizga tegishli”, — dedi Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Zabihulla Mujohid.