O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2021-yil 8-oktabr kuni Fransiyaning favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Aurelia Bushezni qabul qildi.
Elchining ishonch yorliqlari nusxasini qabul qilar ekan, vazir uni mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi. Elchining kasbiy tajribasi O‘zbekiston va Fransiya munosabatlarini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishiga umid bildirildi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, jumladan, avval turli darajalarda erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilish jarayoni ko‘rib chiqildi. Siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi almashinuvlarni jadallashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlarning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi o‘zaro hamkorligi yuzasidan ham fikr almashildi.
Bundan avval Niderlandiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlangani, Abdulaziz Komilov Vatikanning O‘zbekistondagi yangi elchisidan ishonch yorliqlarini qabul qilib olgani hamda Abdulaziz Komilov Kobulda toliblar hukumatining tashqi ishlar vaziri bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)