Daryo

Abdulaziz Komilov Kobulda toliblar hukumatining tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

Muzokaralar boshida Muttaqiy o‘zbekistonlik hamkasbini mamlakatdagi vaziyat yaqinda normallashishiga ishontirgan

1 daqiqa o‘qish50 772 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Twitter / @QaharBalkhi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston muvaqqat hukumatida tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlangan Amirxon Muttaqiy bilan uchrashdi. Bu haqda “Tolibon” tomonidan afg‘on tashqi siyosiy idorasi vakili etib tayinlangan Abdul Qahor Balxiy Twitter orqali ma’lum qildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Foto: Twitter / @QaharBalkhi

Ma’lum qilinishicha, muzokaralar boshida Muttaqiy o‘zbekistonlik hamkasbini qutlab, mamlakatdagi vaziyat yaqinda normallashishiga ishontirgan.

Foto: Twitter / @QaharBalkhi

TIV vakilining yozishicha, Abdulaziz Komilov “ko‘chalar tozaligi, shaharning boshqaruvi, ko‘chalardagi odamlar va xavfsiz muhitni ko‘rganidan xursand ekanini” aytib, O‘zbekiston doimo ikki mamlakatning o‘zaro manfaatlari uchun e’tibor qaratib kelganini, “O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan tashqi siyosati boshqa masalalarga bog‘lanmaganini” qo‘shimcha qilgan.

“Abdulaziz Komilov Afg‘oniston tez orada xalqaro hamjamiyatda o‘zining mustahkam o‘rnini egallashiga umid bildirgan va O‘zbekiston oldingidek tranzit, energetika hamda savdo majburiyatlariga sodiqligiga ishontirgan”, — deyiladi xabarda.

O‘z navbatida Amirxon Muttaqiy Mozori Sharif aeropotining rekonstruksiyasi va boshqa sohalardagi yordami uchun hamkasbiga minnatdorchilik bildirgan.

Avvalroq O‘zbekiston Afg‘onistonda “Tolibon” tomonidan muvaqqat hukumat tuzilganini olqishlagani haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng “Tolibon” O‘zbekistonning Kobuldagi yangi hukumat bilan aloqa o‘rnatishga tayyorligini e’tirof etgan. Oktabr boshlarida O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonov Muttaqiy bilan Mozori-Sharif shahridagi aeroportni rekonstruksiya qilish va aviaqatnovlarni qayta tiklash masalalarini muhokama qilgandi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar