IIV YHXBB ijtimoiy tarmoqda tarqalgan Qarshi shahrida Lacetti rusumli avtomobil haydovchisi piyodani urib yuborgani tasvirlangan video bo‘yicha ma’lumot berdi.

Kadr: Telegram

Ma’lum qilinishicha, 18-sentabr kuni soat 12:05 larda Qarshi shahar,Islom Karimov ko‘chasida joylashgan “Gulchehra” go‘zallik saloni ro‘parasida haydovchi J.Sh. Lacetti rusumli avtomobilda harakatlanayotib, piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan fuqaro Sh.X.ni urib yuborgan.

Oqibatda piyoda Sh.X. og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi tartibida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Namanganda “Jiguli” 3-sinf o‘quvchisini urib yuborgani, Andijonda Spark ikki nafar voyaga yetmagan qizni urib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi.