AQSh hech qachon Rossiya yoki Xitoy bilan urushga yo‘l qo‘ymasligi kerak, chunki uning oqibatlari butun dunyo uchun halokatli bo‘ladi. Bu haqda AQSh Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari general Jon Xayten Vashingtondagi Brukings instituti tomonidan tashkil etilgan videokonferensiyada aytib o‘tdi.

Jon Xayten

Foto: Reuters

“Buyuk davlatlarga kelsak, bizning maqsadimiz hech qachon Xitoy bilan, Rossiya bilan urush qilmaslik bo‘lishi lozim, chunki o‘sha kun sayyoramiz uchun, mamlakatlarimiz uchun dahshatli kun bo‘ladi. U dunyoni vayron qiladi”, — dedi Xayten.

Generalga ko‘ra, Rossiya va Xitoy bilan strategik muzokaralarni davom ettirish zarur. “O‘rtamizda qanchalik farq bo‘lmasin, bizning umumiy maqsadimiz bor — bu hech qachon bir-birimiz bilan jang qilmaslikdir, chunki yadro davlati bilan urush dahshatli”, — dedi u.

Xaytenning qayd etishicha, AQSh Rossiyaning modernizatsiya qilingan yadro quroli bilan urush boshlamoqchi emas.

“Hozir Rossiyaning yadroviy kuchlari to‘liq modernizatsiya qilingan, bizniki esa yo‘q”, — dedi general. Shu munosabat bilan Xayten Amerika yadroviy qurollarini modernizatsiya qilishni tezlashtirishga chaqirdi.

Avgust oyi oxirida AQSh Harbiy havo kuchlari general-leytenanti, Strategik kuchlar qo‘mondoni o‘rinbosari Tomas Byussier Xitoy yaqin kelajakda AQSh uchun “yadroviy tahdid” darajasi bo‘yicha Rossiyadan o‘zib ketishini taxmin qilgandi.

“Shunday lahza yaqin, o‘tish lahzasi, unda Xitoydan keladigan tahdid darajasi hozirda Rossiya ko‘rsatayotgan tahdid darajasidan oshib ketadi”, — dedi Byussier.

AQSh hukumati bir necha bor Rossiyani AQSh uchun asosiy tahdid deb atagan. Yanvar oyida, Pentagon rahbari etib tayinlanishidan sal oldin, Lloyd Ostin Rossiya va Xitoy AQSh uchun asosiy muammo ekanini aytgandi va ikkalasi ham global xavfsizlik muhitini buzadi, deb ta’kidlagan.

O‘z navbatida, Moskva Vashington bilan konstruktiv muloqotga tayyorligini da’vo qilgan.