Germaniyaning avtouylar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Volkner kompaniyasi Dusseldorf Caravan Salon ko‘rgazmasida navbatdagi yangi modeli — 12 metrli g‘ildiraklar ustidagi uyni taqdim etdi. Uning asosiy o‘ziga xosligi — avtomobil, masalan, Bugatti Chiron’ni tashishga qodir keng joyga ega ekanligida. Avtouy garajdan tashqari, Volvo va Mercedes-Benz dizellari, ajoyib interyeri va tom qismidagi quyosh panellari bilan maqtana oladi, deb xabar beradi Motor.
Mobil Performance S kuzovi qirmizi rangga bo‘yalgan. Avtouy tom qismiga oltita 2000 vattli quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, ular elektr qurilmalarning quvvatlanishi uchun yetadigan elektr energiyasini ishlab chiqarishga qodir. G‘ildiraklar ustidagi uy 460 ot kuchiga ega Volvo dvigateli yoki 430 ot kuchini taqdim etishga qodir Mercedes agregati yordamida harakatga keladi. Agregatlar avtomatik transmissiya yordamida boshqariladi.
G‘ildiraklar ustidagi uyning saloni tabiiy yog‘och va charmdan ishlangan, muhandislar rakovina, plita, idish yuvadigan mashina, shuningdek, mikroto‘lqinli pech va tushlik stoliga ega to‘liq o‘lchamli oshxona o‘rnatgan. Bundan tashqari, avtouyda katta vanna, bir nechta yotish joyi, shuningdek, isitish tizimi, vinolar uchun shkaf va hatto 300 ming yevro turadigan Burmester audiotizimi mavjud.
Ammo Volkner Mobil Performance S’ning o‘ziga xos jihati baribir mashina o‘qlari orasidagi joylashgan, suriluvchi platformali garaj hisoblanadi. Bugatti Chiron kabi avtomobillar uchun mo‘ljallangan yashirin omborni bitta tugmani bosish orqali faollashtirish mumkin. Nemis muhandislari o‘zlarining yangi modelini 2,035 million yevroga baholamoqda. Biroq avtouy praysiga hozirda 3 million dollar turadigan giperkarning qiymati kiritilmagan.
Avvalroq g‘ildiraklar ustidagi uylarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Airstream kompaniyasi va Amerikaning uylar uchun tovarlarni taqdim etuvchi Pottery Barn tarmog‘i hamkorlikdagi loyihasi — 8,5 metrli Airstream x Pottery Barn Special Edition nomli treylerini taqdim etgandi.