“Tolibon” Afg‘onistondagi xususiy universitetlarda o‘qiydigan xotin-qizlarga dars paytida abayya — butun tanani yopadigan uzun an’anaviy libos kiyish, shuningdek, faqat ko‘z qismi ochiq bo‘ladigan niqob taqishni majburiy etib belgiladi. Bu haqda AFP xabar berdi.

Foto: Reuters

“Tolibon” yangi o‘quv yilining boshlanishi yuzasidan farmon chiqardi. Unda qayd etilishicha, ayollar erkaklardan alohida o‘qitiladi, ayrim istisno holatlarda darsxonaning talaba qizlar joylashgan qismiga parda tortilgan bo‘lishi zarur. Talaba qizlarga faqat ayol o‘qituvchilar dars berishi mumkin, buning iloji bo‘lmagan hollarda “obro‘si baland” keksa erkak o‘qituvchilar dars o‘tishiga ruxsat etiladi.

Farmonga ko‘ra, ta’lim muassasasida ayollar va erkaklar uchun alohida-alohida kirish yo‘laklari ajratiladi. Talaba qizlar uchun darslar besh daqiqa oldin tugaydi. Bu orqali qizlarning universitet tashqarisida talaba yigitlar bilan uchrashib qolmasligini ta’minlash maqsad qilingan.

Qoidalar xususiy kollej va universitetlarga taalluqli bo‘lib, bunday o‘quv dargohlarining soni 2001-yilda “Tolibon”ning birinchi hukmronlik davri tugaganidan keyin keskin ko‘paygan.

“Tolibon” mamlakatda yana hokimiyat tepasiga kelgan avgust oyida harakat matbuot kotibi Zabihulla Mujohid ayollarga “islom qonunlari doirasida” ishlash, o‘qish va jamiyat boshqaruvida ishtirok etishga ruxsat berilishini aytgan. Shu bilan birga, toliblarning shartlariga ko‘ra, Afg‘onistonda ayollarning barchasi hijob (paranji) kiyishi kerak bo‘ladi. “Tolibon” avvalgi boshqaruvi davridan farqli ravishda bu safar ayollarning uydan yolg‘iz, erkaklar hamrohligisiz chiqa olishi mumkinligini kafolatlamoqda.

Keyinchalik Mujohid Afg‘onistondagi ishlaydigan ayollarni o‘z xavfsizligi uchun uydan chiqmaslikka chaqirgan. “Bizning xavfsizlik kuchlarimizga ayollar bilan qanday munosabatda bo‘lish, ular bilan qanday muloqot qilish haqida o‘rgatilmagan. Mamlakatda to‘liq xavfsizlik o‘rnatilmaguncha ayollardan uyda qolishini so‘raymiz ”, — degan harakat vakili.

Shuningdek, “Tolibon” ayollarga hukumat tarkibida lavozimlar berilmasligini ma’lum qilgan.