“Tolibon” harakati vakili ayollar vazir va undan yuqori lavozimlarni egallay olmasligini ma’lum qildi, deb yozadi Buyuk Britaniyaning Inews nashri.

Foto: Reuters

“Tolibon”ning Dohadagi siyosiy idorasi rahbari o‘rinbosari Shermuhammad Abbos Stanikzay so‘zlariga ko‘ra, ushbu shartga qaramay, Afg‘onistondagi ayollar “inklyuziv” bo‘lib qoladigan hukumatda avvalgidek ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

“Hukumat vazirliklaridagi deyarli har bitta bo‘limda xodimlarning yarmi — ayollar. Ular o‘z ishlariga qaytishi mumkin. Ammo yangi hukumatda oliy lavozimlarni egallaydiganlar ayollar bo‘la olmaydi”, — dedi “Tolibon” harakatining yuqori mansabli a’zosi.

Shu bilan birga, uning aniqlik kiritishicha, AQSh bilan hamkorlik qilgan ayollar umuman davlat lavozimlarida ishlay olmaydi.

Xulosa sifatida Shermuhammad Abbos Stanikzay qo‘shimcha qilishicha, yangi hukumat tarkibi yaqin kunlarda e’lon qilinadi. Shu vaqt ichida Kobul aeroporti ham o‘z ishini qayta boshlashi kerak.

Avvalroq “Tolibon” Afg‘onistondagi ishlaydigan ayollarni o‘z xavfsizligi uchun uydan chiqmaslikka chaqirgan edi. “Bizning xavfsizlik xizmati kuchlarimizga ayollar bilan qanday munosabatda bo‘lish, ular bilan qanday muloqot qilish haqida o‘rgatilmagan. To‘liq xavfsizlik o‘rnatilmaguncha biz ayollardan uyda qolishini so‘raymiz ”, — degan edi harakat vakili.

Shuningdek, “Tolibon” Eron modeliga asoslangan hukumat tuzishni istashi ma’lum bo‘ldi. Eron Islom Respublikasida Oliy rahnamo davlat rahbari va diniy yetakchi hisoblanadi. “Tolibon” bosh yetakchisi Haybatulla Oxunzoda Oliy Kengash raisi bo‘lishi mumkin. U hech qachon omma oldida ko‘rinish bermagan va qayerda ekani hamisha noma’lum bo‘lib kelgan.