“Tolibon” Afg‘onistondagi ishlaydigan ayollarni o‘z xavfsizligi uchun uydan chiqmaslikka chaqirdi. Bu haqda harakat matbuot kotibi Zabihulla Mujohidga tayanib, Meduza xabar berdi.

Foto: BBC News

“Bizning xavfsizlik xizmati kuchlarimizga ayollar bilan qanday munosabatda bo‘lish, ular bilan qanday muloqot qilish haqida o‘rgatilmagan. To‘liq xavfsizlik o‘rnatilmaguncha biz ayollardan uyda qolishini so‘raymiz ”, — dedi Mujohid.

Mujohid aytgan gaplarning biroz boshqacha ifodasi New York Times’da ham e’lon qilindi. “Bizning qo‘shinlarimiz hali yaxshi o‘qitilmaganidan va ayollarga yomon munosabatda bo‘lishidan xavotirdamiz. Xudo saqlasin, qo‘shinlarimizning ayollarga zarar yetkazishini yoki ularni ta’qib qilishini istamaymiz”, — dedi Mujohid.

Tolibon vakili buni “o‘ta vaqtinchalik jarayon” deb atadi va ishlaydigan ayollarning maoshi “ularning uylarida to‘lanishini” va’da qildi.

Hokimiyatga kelganidan keyingi birinchi matbuot anjumanida “Tolibon” vakili ayollarga “islom qonunlari doirasida” ishlashga, o‘qishga va jamiyatda ishtirok etishga ruxsat berilishini aytgandi. Biroq “Tolibon” hokimiyatni egallab olgan birinchi kunlardan boshlab shaharlarga eski tartib qayta boshladi. Ayrim viloyatlarda ayollarga erkak qarindoshlari hamrohligisiz uydan chiqmaslik buyurilgan.

Afg‘oniston g‘arbidagi Hirot shahrida “Tolibon” jangarilari talaba va o‘qituvchi qizlarning universitetga kirishiga to‘sqinlik qilgan. Janubiy shahar Qandahorda ayollar poliklinikalari yopilgan. Mahalliy ayollarning aytishicha, ular qisman qo‘rquvdan, qisman qayta talab qilinishi mumkinligidan ko‘chada paranji kiyishni boshlagan.