“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisining topshirig‘iga asosan, 2017—2021-yillarda uglevodorod xomashyosini qazib chiqarishni ko‘paytirish dasturi doirasida, tabiiy gaz va gaz kondensatini qazib chiqarish hajmini oshirish maqsadida sohada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Quyi Surgil”, “Araliq” va “G‘arbiy Quyi Surgil” kabi istiqbolli konlar hisobiga tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi ortishini inobatga olib, “Arslon” gazni kompleks tayyorlash qurilmasidan “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvurlarigacha bo‘lgan oraliqda qo‘shimcha tovar gaz quvurini kengaytirish ehtiyoji paydo bo‘ldi.
Shu sababli, bosh pudratchi Eriell Oilfield Services Middle East DMCC kompaniyasi bilan hamkorlikda “Arslon” gazni kompleks tayyorlash qurilmasidan “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvurlariga tozalangan tabiiy gaz uzatish quvurlarining gaz o‘tkazish quvvatlari oshirildi.
“2017—2021-yillarda uglevodorod xomashyosini qazib chiqarishni ko‘paytirish dasturi doirasida loyihalashtirilgan 17 kilometr uzunlikdagi, diametri 530 millimetrli gaz quvuri va gaz quvurini suyuqliklar, mexanik aralashmalardan tozalash uchun porshen yuborish, qabul qilish qurilmalari hamda gaz sarfini o‘lchash qatorlari qurilib, ishga tushirildi.
Ushbu gaz quvurini ishga tushirilishi natijasida “Arslon” gazni kompleks tozalash qurilmasidan Buxoro—Ural magistral gaz quvurning gaz o‘tkazish quvvatini oshirish bilan quvurlarda gaz bosimlari farqining o‘sishi, ya’ni gidravlik qarshiliklarning oldi olinishi hamda “Uztransgaz” AJ magistral gaz quvurlariga past bosimda yetkazib berish evaziga, kunlik 200 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish hajmining ko‘payishiga erishildi.
Bundan tashqari, bosimlar farqi kamayishi natijasida Ustyurt regionidan qazib olinayotgan gaz hajmlarini transportirovka qilish tizimining barqarorligi hamda “O‘ztransgaz” va Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga uzatiladigan tabiiy gaz sifat ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga erishildi.
Ma’lumot uchun: “Arslon” koni Qaraqalpog‘iston Respublikasi, Mo‘ynoq tumani hududida joylashgan bo‘lib, 2015-yilda ishga tushirilgan.
“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati
Izoh (0)