“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksida bir nechta yangi jinoiy javobgarlik turlari belgilangan.

Jumladan, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda ularni qiynoqqa solish yoxud ularga azob berish ularning o‘limiga yoki mayib bo‘lishiga olib kelsa, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa – 12 million 250 ming so‘m jarimadan 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilishgacha jazo choralari qo‘llanilishi belgilandi.

Shuningdek, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadida tayyorlash yoxud qayta ishlash uchun asbob-uskunalarni tayyorlash, olish, saqlash, tashish, jo‘natish yoki o‘tkazish 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Bundan avval Toshkent viloyatida itlar so‘yib sotilayotgani to‘g‘risidagi xabar o‘z tasdig‘ini topmagani, Namanganda itni daraxtga osgan bolalarning ota-onalari va uni videoga olib tarqatgan bolalar jarimaga tortilgani hamda Olmaliqda itni mayib qilgan uysiz hayvonlarni ushlash xizmati xodimiga 122 ming so‘m jarima solingani haqida xabar berilgandi.