Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryodagi qamoqxonada 19 yoshli yigit o‘z joniga qasd qilgani holati yuzasidan Qarshi maxsus prokurori xodimlarga nisbatan ish qo‘zg‘atgani va tergov harakatlari boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, Qarshi shahridagi manzil-koloniyasida jazo o‘tayotgan mahkum D.J. muassasada joylashgan oziq-ovqat do‘konidan chiqib, cho‘ntagida bo‘lgan soqol olish uchun mo‘ljallangan olmos bo‘lagi (lezviye) bilan qornini va qo‘llarini 3-4 marotaba tilgan.
Holat yuzasidan tayinlangan sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mahkumda yengil tan jarohatlari aniqlangan. Qarshi maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.
Qarshi maxsus prokurori koloniya xodimlariga nisbatan ish qo‘zg‘atgani va tergov harakatlari boshlangani haqidagi ma’lumot esa haqiqatga zid ekani bildirilgan.
Aprel oylarida Qashqadaryodagi qamoqxonada 30 yoshli mahkum o‘zini osib qo‘ygani, uning qarindoshlari mahkum o‘z joniga qasd qilganiga shubhalanayotgani haqida xabar berilgan edi. Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi IIVdan mazkur holatni nazoratga olish va puxta o‘rganib chiqish hamda natijasi yuzasidan rasmiy bayonot berishni so‘ragandi.
Izoh (0)