15-avgust kuni, “Tolibon” Kobulga kirgan vaqtda, afg‘onistonlik 29 yoshli huquq himoyachisi va siyosatchi Zarifa G‘afforiy Britaniyaning iNews nashriga Afg‘oniston poytaxtida qolib ketgani va toliblarning qasos olishidan qo‘rqayotgani haqida so‘zlab berardi, deb yozadi Meduza. “Bu yerda o‘tirib, ularning qachon kelishini kutyapman. Menga yoki oilamga yordam bera oladigan biror kimsa yo‘q. Erim va oilamning boshqa a’zolari bilan birga ularni shunchaki kutib o‘tiribman. Toliblar menga o‘xshaganlarni topib o‘ldiradi. Men oilamni tashlab keta olmayman. Tashlab ketganimda ham qayoqqa borardim?”, — deydi u.

Zarifa G‘afforiy ayollar uchun deyarli hamma narsa taqiqlangan toliblar davrida voyaga yetgan. “Tolibon” qulagach, u ta’lim olib, ayollar huquqini himoya qiluvchi tashkilot ochgan edi

Zarifa G‘afforiy Kobulda tug‘ilgan va Afg‘onistondagi fuqarolar urushi avjiga chiqqan vaqtda o‘sib, ulg‘aygan. Uning bolaligi mamlakatni toliblar boshqargan 1990-yillarning oxirlariga to‘g‘ri keladi. O‘sha davrning qonun-qoidalariga ko‘ra, ayollar ko‘chaga burqa kiyib va faqat erkak qarindoshi hamrohligida chiqishi mumkin edi. Ayollar tashqaridan ko‘rinmasligi uchun binolarning birinchi va ikkinchi qavatdagi derazalari bo‘yab tashlanar yoki yopib qo‘yilar, bu esa biqiqlikni yanada kuchaytirib, ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarni — tushkunlik (depressiya) va o‘z joniga qasd qilish hollarini ko‘paytirardi. Afg‘on ayollariga o‘qish, ishlash va siyosat bilan shug‘ullanish taqiqlangan edi. Ular munosib tibbiy yordamdan ham foydalana olmasdi — aksar shifoxonalarda erkak shifokorlar ayollarni to‘liq kiyim-boshda bo‘lgan holida ko‘rikdan o‘tkazardi. Ayollarning bo‘ysunmasligi qattiq jazolanardi: ular yo o‘lgunicha savalanishi, yo toshbo‘ron qilinishi mumkin edi.

2001-yili “Tolibon” qulab, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonga kirib kelib, ayollar yana o‘qish va ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan vaqtda G‘afforiy 7 yoshda edi. U 16 yoshida Hindistondagi Panjob universiteti stipendiyasini qo‘lga kiritib, u yerda iqtisodiyotni o‘rgandi. U 2014—2015-yillarda inson huquqlari tashkilotiga va Peghla FM radiostansiyasiga asos soldi — ularning har ikkisi ham ayollar huquqi bilan shug‘ullanardi.

G‘afforiy Afg‘onistondagi eng yosh hokim sifatida toliblarni qo‘llab-quvvatlovchi shaharni uch yil boshqardi. Uning otasini o‘ldirishgan, o‘ziga ham bir necha bor suiqasd uyushtirilgan

G‘afforiy 27 yoshida Afg‘onistondagi eng yosh merga aylandi. U 2018-yili Vardak viloyati ma’muriy markazi hisoblangan Maydonshahr shahriga bosh bo‘ldi — u yerda ko‘pchilik toliblarni qo‘llardi. Hokimning yoshi va jinsi, tabiiyki, mahalliy aholining tanqidi va noroziliklariga sabab bo‘lgan. Hokimlik binosiga tayoq va tosh ko‘targan erkaklar bostirib kirgani bois u birinchi ish kuniyoq o‘z xonasidan evakuatsiya qilingan edi. G‘afforiy oradan to‘qqiz oy o‘tibgina mer vakolatlarini bajarishga qayta oldi, korrupsiyaga qarshi kurash doirasida bir qator amaldorlarni ishdan haydadi, shaharsozlik va ekologiya bo‘yicha loyihalarni boshladi hamda ayollar o‘zlari tayyorlagan mahsulotlarni sotishi mumkin bo‘lgan savdo maydonlari rejasini ishlab chiqdi.

Zarifa G‘afforiy.

Foto: AQSh Davlat departamenti

Merga muntazam tahdid qilingan, uni hatto bir necha bor o‘ldirmoqchi ham bo‘lishgan. 2021-yilning may oyida Time jurnali G‘afforiyning uchta suiqasddan omon qolgani haqida yozgandi — ayolning o‘zi ushbu hujumlar ortida “Tolibon” turibdi, deb hisoblaydi. Boshqa manbalarga ko‘ra, suiqasdlar soni kamida ikki barobar ko‘p. 2020-yil oktabrida AQSh Davlat departamenti siyosatchi va huquq himoyachisiga qarshi uyushtirilgan oltinchi suiqasdni qoralovchi bayonot bilan chiqqan edi.

2020-yil noyabrida yuqori martabali afg‘on harbiylaridan biri hisoblangan uning otasini Kobuldagi uyi oldida otib ketishgan. G‘afforiyning fikricha, otasi aynan uning faoliyati sababli toliblar o‘ljasiga aylangan. “Bu ‘Tolibon’ning ishi. Men Maydonshahrda ularga kerak emasman. Shu bois ular otamni o‘ldirdi”, — deydi u.

Zarifa G‘afforiy “Tolibon”ning barcha amaldorlarni afv etish va ayollarning huquqlarini ta’minlash haqidagi va’dalariga ishonmaydi. Qarindoshlari undan ketishni so‘ragan, lekin u Afg‘onistonda qolgan

17-avgust kuni Sydney Morning Herald muxbirlari bilan suhbatda G‘afforiy butun oilasi qo‘rquv ichida qolganini tan oldi. “‘Tolibon’ shaharni qurshab oldi. Ular odamlarni o‘ldirib, hammayoqni vayron qilyapti. Hammamiz qo‘rquvdamiz. Onam qo‘rqyapti. Agar o‘lib qolsam, oilam va erimning ahvoli nima kechadi? Ukam yig‘lab: ‘Opajon, keta olsang, iltimos, ket!’, deb yolvordi”, — deya hikoya qiladi u. Zarifaning aytishicha, odamlar Kobulning birdan bosib olinishiga tayyor emas edi, chunki ular “xalqaro hamjamiyat afg‘onlarni shunday tashlab ketishini kutmagandi”.

G‘afforiy “Tolibon” yetakchilarining ayollarning ishlash va ta’lim olish huquqlarini saqlab qolish, xorijiy harbiylar va Afg‘oniston hukumati bilan hamkorlik qilgan shaxslarni ta’qib qilmaslik haqidagi bayonotlariga ishonchsizlik bilan qaraydi. Uning aytishicha, toliblar “inson huquqlari, ayollar huquqlari, qonunlar va siyosat haqida hech narsa bilmaydi”.

“Tolibon” bosib olgan hududlarda 20 yil avval amalda bo‘lganiga o‘xshash cheklovlar kuchga kirgani haqida boshqa huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar va OAVlar ham xabar bergan. Qandahor va Hirotda toliblar bankda ishlaydigan ikki ayolni ko‘chaga quvib solib, ishga qaytishni taqiqlagan va o‘rnilariga erkak qarindoshlarini yuborishni taklif qilgan. Tahor viloyatida esa uyiga motorikshada qaytayotgan qizlar to‘xtatilib, “ochiq shippak” kiygani uchun savalangan. The Wall Street Journal xotin-qizlar toliblar bilan nikohlanishga majburlanayotgani haqidagi afg‘onistonliklarning guvohliklarini e’lon qildi. Harakat vakillari bu axborotni rad etib chiqdi.

“BBC 2019-yili Zarifa G‘afforiyni dunyoning eng ta’siri kuchli va ruhlantiruvchi 100 ayoli ro‘yxatiga kiritgan edi, oradan bir yil o‘tib u AQSh Davlat departamentining “Jasoratli ayol” xalqaro mukofotiga loyiq ko‘rildi. U hozir o‘zini yaqindagina uni tabriklab yurganlar tomonidan tashlab ketilganday his qilyapti. “Men rostdan ham dunyodan ortiq hech narsa xohlamayman. Ular shunchaki hamma narsani rasvo qilishadi. Shundan ortiq narsani kutmayapman. Qani endi, ular bizni huquqlarimiz yo‘qolishidan, so‘nggi 20 yilda erishganlarimiz havoga uchishidan qutqara olsa, ammo ular hech narsa qila olmaydi”, — deydi u.