Argentina birinchi xonimining karantin davrida nishonlagan tug‘ilgan kunidan olingan fotosuratlar e’lon qilingach, mamlakat siyosiy doiralarida janjal chiqdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Turli nashrlarda chop etilgan suratlarda tadbirda 12 kishi borligi, ular stol atrofida niqobsiz va ijtimoiy masofaga rioya qilmasdan o‘tirgani aks etgan.
TN telekanalining xabar berishicha, fotosuratlar 2020-yilning iyul oyida mamlakat rahbari Alberto Fernandes qarorgohida olingan, o‘sha paytda mamlakatda har qanday tadbirlar taqiqlangan va qattiq karantin joriy qilingan.
“RIA Novosti” sud doiralaridagi manbaga tayanib, xabar berishicha, federal prokuror qarorgohga tashrif buyurganlar ro‘yxatini so‘ragan.
Keyinchalik, Fernandes o‘z bayonotida, karantin paytida mehmonlarni qabul qilganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirga yuzlab odamlar kelgan — gubernatorlar, vazirlar, aktyorlar, futbolchilar, yordamga muhtoj kishilar.
“O‘n to‘rtinchi iyul, azizam Fabiolaning tug‘ilgan kunida, u qadah ko‘tarish uchun kecha uyushtirdi, bunday qilmaslik kerak edi, bu sodir bo‘lganidan afsusdaman. Boshqa bunday bo‘lmaydi”, — dedi prezident.
Mamlakat Vazirlar Mahkamasi rahbari Santyago Kafyero o‘z intervyusida bu hodisani xato deb atadi. Muxolifat deputatlari Fernandesga impichment talab qilmoqchi.
Avvalroq Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri mashuqasi bilan karantin qoidalarini buzgani uchun iste’foga chiqgandi. Shuningdek, Qozog‘istonda karantin davrida 500 kishilik to‘y o‘tkazgan amaldor ishdan olingan.
Izoh (0)