Qalbaki “Pandovir 100 (Remdesivir)” dori vositasini tayyorlab sotayotgan shaxslarning kirdikorlari fosh bo‘ldi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi departament matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, departament hamda DSQning Yunusobod tumani bo‘limlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda, fuqaro D.A. va boshqalar oldindan til biriktirib “Bactopraz-S” dori vositasi yorlig‘ini o‘zgartirish orqali tayyorlangan qalbaki “Pandovir 100 (Remdesivir)”dori vositasini har birini 500 ming so‘mdan hisoblab, to‘lovni AQSh dollarida amalga oshirishga kelishib, 100 dona qalbaki “Pandovir 100 (Remdesivir)” dori vositasini 4 700 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tadbir davomida yuqoridagi dori vositalari Chilonzor tumani, Muqimiy ko‘chasidagi xonadonlardan birida tayyorlangani aniqlanib, ushbu xonadondan 23 turdagi qalbaki dori vositalari hamda 500 dona yorliqlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan avval Buxoroda hokimlik zaxirasidagi 16 sotix yerni 14 ming dollarga sotishga uringan shaxs ushlangani, Yakkasaroyda noqonuniy ravishda 76,8 mln so‘mga “Remdesivir” dorisini sotayotgan shaxslar qo‘lga olingani hamda Ohangaronda pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini 160 mln so‘mga sotayotgan shaxslar ushlangani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)