Buyuk Britaniyada olimlar koronavirus mutatsiyalari rivojlanishining ehtimoliy ssenariylarini tasvirlab berdi, ushbu ssenariylardan biri yangi potensial shtammdan o‘lim darajasi 35 foiz bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Bu haqda Britaniya hukumatining favqulodda maslahatchilar guruhi (SAGE) hisobotida aytilgan. Guruhga hukumatning bosh ilmiy maslahatchisi Patrik Vallans va Angliyaning bosh sanitariya xodimi Kris Uitti raislik qiladi.

Foto: AP Photo

Hujjatda quyidagi ssenariylar keltirilgan:

  • infeksiya yuqtirganlar orasida kasallikning og‘ir kechishi va o‘limlar sonining ko‘payishiga olib keladigan yangi SARS-CoV-2 shtammining paydo bo‘lishi,
  • koronavirusga qarshi dorilar va vaksinalarga chidamli variantlarning paydo bo‘lishi;
  • virusning odamdan odamga yanada tez yuqadigan, xavflilik darajasi past variantlari paydo bo‘lishi, ya’ni COVID-19 endemik bo‘lib qoladi.

SAGE ekspertlarining fikricha, birinchi ssenariydagi shtammning o‘lim darajasi SARS-CoV (o‘lim darajasi taxminan 10 foiz) yoki MERS-CoV ( taxminan 35 foiz) kabi boshqa zoonotik koronaviruslar bilan bir xil bo‘lishi mumkin.

SARS-CoV noodatiy pnevmoniyani keltirib chiqaradi, MERS-CoV esa tuyalar grippi deb ataladi. Mutaxassislarning fikricha bunday shtammning paydo bo‘lishi “haqiqatan ham mumkin”. Ularning so‘zlariga ko‘ra, vaksinaning qo‘shimcha dozalari bilan emlash, shuningdek koronavirus tarqalishi va chet eldan yangi shtammlarning kirib kelishi xavfini minimallashtirish yo‘li bilan ushbu ssenariyning oldini olish mumkin.

SAGE a’zolarining qayd etishicha, ikkinchi ssenariy ham yuz berishi mumkin. Ommaviy vaksinatsiyadan so‘ng COVID-19 endemik holatga aylanishi mumkin, ammo ishlab chiqilgan antitanalar ham himoya qila olmaydigan yangi shtammlarning paydo bo‘lishini istisno qilib bo‘lmaydi. Mutaxassislar vaksinalarni takomillashtirishga chaqirmoqda.

So‘nggi ssenariyning sodir bo‘lishi yaqin kelajakda ehtimoldan yiroq, lekin uzoq muddatda mumkin, deydi olimlar. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) COVID-19 endemik holatga aylanishi mumkinligi va uni butunlay yo‘q qilib bo‘lmasligi haqidagi fikrga qo‘shiladi: dekabr oyida JSST eksperti, professor Devid Xeymann ushbu nuqtayi nazarni bildirib o‘tgandi.

“Buyuk Britaniya deputati Leyla Moranning so‘zlariga ko‘ra, SAGE guruhining xulosalari oddiy haqiqatni ko‘rsatib bermoqda —biz bu virusni hali yengmaganmiz”, — deb yozadi Daily Mail.

London gigiyena va tropik tibbiyot maktabi eksperti, professor Martin Makkining aytishicha, Britaniya hukumati virusning yangi varianti paydo bo‘lmasligi uchun bor imkoniyatni, shu jumladan, yangi avlod vaksinalari ishlab chiqishni qo‘llab -quvvatlashi lozim.