Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Afg‘onistonda prezident Ashraf G‘ani boshchiligidagi Vazirlar Mahkamasi iste’foga chiqsa va muzokaralar yo‘li bilan yangi hukumat tuzilsa, “Tolibon” sulh tuzishga tayyor. Bu haqda “Tolibon” matbuot kotibi Suhayl Shohin Associated Press (AP)ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

“Shohinning ta’kidlashicha, muzokaralar yo‘li bilan tanlangan va ziddiyatning barcha tomonlari uchun maqbul bo‘lgan hukumat o‘z o‘rnini egallab, G‘ani hukumati ketganida ‘Tolibon’ qurollarini tashlaydi”— deya xabar beradi agentlik.

“Shuni aniq aytmoqchimanki, biz hokimiyat uchun monopoliyaga ishonmaymiz, chunki ilgari Afg‘onistonda hokimiyatni monopollashtirishga urinib ko‘rgan har qanday hukumatlar muvaffaqiyatga erisha olmagan. Shuning uchun biz o‘sha formulani takrorlashni xohlamaymiz”, — deydi Shohin.

Shuningdek, u yaqinda Qatarda bo‘lib o‘tgan “Tolibon” va Afg‘oniston hukumati o‘rtasidagi muzokaralarni yuqori baholadi. Shu bilan birga, Shohin “Tolibon” nomidan Kobulning o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi takroriy chaqiriqlarini rad etdi va toki Ashraf G‘ani hokimiyatda qolar ekan, bunday bo‘lmasligini ta’kidladi.

Intervyu mobaynida “Tolibon” vakilining va’da qilishicha, yangi hukumat davrida ayollarga ishlashga, ta’lim olishga, siyosatda qatnashishga, erkak qarindoshisiz uydan chiqishga ruxsat beriladi lekin ular hijob yoki ro‘mol o‘rashi talab qilinadi. Shuningdek, u hududlarni egallab olish paytida shafqatsizlikka yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida rahbariyatning buyrug‘ini e’tiborsiz qoldirgan harakatning ayrim komandirlari harbiy tribunalga olib kelingani va jazolanganini ta’kidladi.

Shohinning aytishicha, “Tolibon” Kobulda harbiy hujum uyushtirishni rejalashtirmayapti va shu paytgacha viloyat markazlariga hujum qilishdan tiyilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” mamlakat hududlarining aksariyatini jangovar harakatlar bilan emas, balki muzokaralar natijasida egallashga muvaffaq bo‘lgan, aks holda sakkiz hafta ichida 194 ta hududni mustaqil ravishda qo‘lga kiritish qiyin bo‘lardi.

“Bilasizmi, hech kim, shu jumladan, men ham fuqarolar urushini istamayman”, — deb ta’kidladi Shohin.

Bundan tashqari, Shohinning aytishicha, AQSh harbiylariga yordam bergan afg‘onistonlik tarjimonlar “Tolibon” ta’qibidan qo‘rqmasligi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi iqtisodiyotning yomon ahvoli tufayli G‘arb mamlakatlaridan boshpana so‘ragan afg‘onistonliklarga qarshi “Tolibon”ning hech qanday xusumati yo‘q.

Avvalroq harakatning rasmiy vakili Zabiulla Mujohid “Tolibon” Afg‘oniston chegaralarining 90 foizini o‘z nazoratiga olgani haqida bayonot bergandi. Afg‘oniston Mudofaa vazirligi vakili o‘rinbosari Favad Aman Mujohidning ma’lumotlarini rad etdi.

“Bu asossiz targ‘ibot”, — dedi Aman. U “Tolibon”ning bayonotini “mutlaqo yolg‘on” deb atab, mamlakat chegaralari, barcha “yirik shahar va avtomobil yo‘llarini” hukumat kuchlari nazorat qilayotganini ta’kidladi.

Favad Amanning ma’lum qilishicha, Afg‘oniston hukumat kuchlari “Tolibon” jangarilarini G‘arbiy Hirot viloyatining Karux tumanidan quvib chiqargan.

“Terrorchilar katta yo‘qotishlarga duch keldi va hududni tark etdi. Tuman endi to‘liq Afg‘oniston mudofaa va xavfsizlik kuchlari nazoratida”, — deb yozgan Aman Twitter’da.

Afg‘oniston Mudofaa vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan 24 soat ichida hukumat kuchlari bilan janglar davomida 152 jangari o‘ldirildi, yana 53 nafari yaralandi, ko‘plab qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yo‘q qilindi.

“Kun davomida Laxor, Kunar, Paktiya, G‘azni, Qandahor, Balx, Samangan, Juzjon, Helmand, Nimroz, Qunduz va Kapisa viloyatlari hududida janglar bo‘lib o‘tdi”, — deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Oxirgi 100 yil ichida sodir bo‘lgan dunyodagi eng kuchli 10 ta zilzila (video+foto)
Dunyo
Polsha bosh vaziri Ukrainadagi urush uchinchi jahon urushiga aylanishini prognoz qildi
Mahalliy
O‘zbekistonda dollar kursi yana oshdi