Hukumat qarori bilan Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori vazifasini bajarish yuklatildi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Sodiq Safoyev (1954-yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat universiteti bitiruvchisi (1976-yil). 1990—1992-yillarda Garvard universitetida amaliyot o‘tagan, O‘zbekiston Prezidenti apparati va Fanlar akademiyasida ishlagan. Safoyev turli yillarda tashqi ishlar vaziri, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi, Prezidentining davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi, O‘zbekistonning AQShdagi elchisi, Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi bo‘lgan.
Shuningdek, Sodiq Safoyev 2005-yilning fevralidan noyabriga qadar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori vazifasida faoliyat yuritgan. 2016-yilning dekabrida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosariga aylangan, 2020-yilning yanvarida ushbu lavozimga qayta saylangan edi.
Avvalroq 2020-yilning sentabridan buyon Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori lavozimida faoliyat yuritib kelgan Komiljon Karimov oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari etib tayinlangan edi.
Izoh (0)