O‘zbekistonda o‘z xodimlarining emlanishini yetarlicha ta’minlagan oshxona, kafe, restoranlarga cheklangan muddatdan tashqari ishlashlariga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurashish shtab a’zosi Botir Qurbonov “O‘zbekiston 24” telekanali orqali jonli efirdagi chiqishida ma’lum qildi.
Qurbonovning so‘zlariga ko‘ra, Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari sur’atini oshirish ishlarini rag‘batlantirish hamda qo‘shimcha imtiyozlar berish to‘g‘risida takliflar kiritilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Unga ko‘ra, karantin choralarini o‘z jamoasida to‘laqonli ta’minlagan, o‘z xodimlariga emlash jarayonlarini samarali tashkil etgan tashkilotlar ijobiy tajribasini ommalashtirish belgilab berilgan. Shu bilan birga, xodimlarining emlanishini yetarlicha ta’minlagan oshxona, restoran, kafe, tungi klub va boshqa bir qator aholiga xizmat ko‘rsatish obyektlarini cheklangan muddatdan tashqari vaqtlarda ham ishlashga ruxsat berish amaliyoti joriy etilishi mumkin. Bu degani, agar jamoasi to‘liq emlangan bo‘lsa, soat 20:00 dan keyin ham biroz muddatga uzaytirish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z vaqtida ixtiyoriy ravishda emlangan xodimlarni ish beruvchi tomonidan rag‘batlantirish, emlanishni asossiz ravishda rad etgan xodimlarni esa mehnat qonunchiligida ko‘rsatilgan tartibda choralarni, ya’ni ishdan vaqtincha chetlatib turish bo‘yicha tavsiyalar berib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2021-yilning 28-iyunidan respublika bo‘yicha ko‘ngilochar obyektlar — restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter o‘yinlari markazlari hamda umumiy ovqatlanish obyektlari — kafe, oshxona va choyxonalarning ishlashiga soat 08:00 dan 20:00 gacha ruxsat berilgan edi.
Ushbu cheklovlarga qo‘shimcha kiritildi va 20-iyuldan boshlab umumiy ovqatlanish obyektlari — restoran, kafe, oshxona va choyxonalarni soat 08:00 dan 20:00 gacha faqatgina ochiq havoda ishlashiga ruxsat berilishi belgilandi.
Mavzuga doir: Oliy Majlis deputatlari ovqatlanish maskanlari bo‘yicha cheklovlarni yengillashtirishni taklif qildi
Izoh (0)