O‘zbekiston may oyida 1,2 milliard dollarlik oltin eksport qilgandi, iyun oyida esa eksport hajmi keskin pasayib, 191 million dollarni tashkil etdi, deya xabar berdi Davlat statistika qo‘mitasiga tayanib Spot.
Aksar mamlakatlarda oltin qazib oluvchilar uni o‘zlari eksport qiladi, ammo O‘zbekistonda yagona sotuvchi bu Markaziy bank hisoblanadi. U oltinni ishlab chiqaruvchilardan sotib oladi (masalan, Navoiy kon metallurgiya kombinati) va boshqa mamlakatlarga (asosan, Shveysariyaga) eksport qiladi.
Aprel oyida Markaziy bank mutasaddilari narxlar ko‘tarilganda yana oltin eksport qilishni boshlashi haqida ma’lum qilgandi. May oyida oltin unsiyasi 1900 dollarga ko‘tarilishi bilan O‘zbekiston uni sotishni boshladi. Iyun oyida uning narxi yana tusha boshladi. Shunga qaramay O‘zbekiston oltinni oyning dastlabki kunlarida sotishga muvaffaq bo‘ldi.
Bundan avval O‘zbekiston oltin zaxirasi bo‘yicha dunyoda 17-o‘rinni egallagani, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi qariyb 1,4 milliard dollarga kamaygani hamda O‘zbekiston eng ko‘p oltin qazib oluvchi mamlakatlar top-10 taligiga kirgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)