Belgiyada bir vaqtning o‘zida koronavirusning ikkita — “britancha” (alfa) va “janubiy afrikacha” (beta) shtammlarini yuqtirib olgan ayol vafot etdi, deb yozadi “RBK”.

Foto: “RIA Novosti”

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 90 yoshli ayol mart oyidayoq Belgiyaning Alst shahrida kasalxonaga yotqizilgan. O‘sha kuni unga COVID-19’ning alfa-varianti tashxisi qo‘yilgan, ayolning ahvoli tezlik bilan yomonlashgan, besh kun o‘tib esa vafot etgan.

Shifokorlar ayol ham alfa, ham beta shtammlari tashuvchisi ekanini aniqladi. O‘sha vaqtda virusning ikkala varianti ham Belgiyada aylanib yurgan, shu sababli ayol virusning ikki xil shtammini turli odamlardan yuqtirgan bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyi boshida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirus variantlari endi grek alifbosi harflari bilan belgilanishini, bundan maqsad — ushbu shtammlar birinchi marta aniqlangan mamlakatlarni diskriminatsiya qilmaslik ekanini ma’lum qildi.

Buyuk Britaniya shtammi 2020-yil oxirida paydo bo‘lgan. Mutaxassislar “britancha” shtamm bilan kasallangan bemorlarda kasallikning og‘ir bosqichlarigacha bormasligi, biroq kasallikning boshqalarga yuqish ehtimoli yuqori ekanini bildirgan.

Hindiston shtammi esa mamlakatda apreldan buyon COVID-19 inqirozini vujudga keltirgan, kasallik asoratlari oqibatida vafot etganlar soni ham keskin oshgan.