Afg‘onistondan harbiy kontingentning asosiy qismi olib chiqib ketilganidan keyin Afg‘onistonda qariyb 650 nafar amerikalik harbiy xizmatchi qoladi. Bu haqda Associated Press rasmiy shaxslardan iborat manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Foto: Getty Images

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda qoladigan harbiylar diplomatlarning xavfsizligini ta’minlaydi. Yana bir necha yuzlab harbiy xizmatchilar Kobul aeroportida qolib, Turkiyaga xavfsizlikni ta’minlashda ko‘maklashadi.

AP manbalariga ko‘ra, Amerika va xalqaro kuchlarning Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi 4-iyulga qadar yuz beradi.

Iyun oyi boshida AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarining uchdan bir qismini olib chiqib ketgani xabar berilgandi. Shuningdek, Afg‘onistondagi NATO missiyasi tugagandan so‘ng Turkiya harbiy kuchlari Kobul aeroporti xavfsizligini ta’minlashda yetakchi rolni egallashi haqida AQSh va Turkiya prezidentlari Jo Bayden va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on kelishib olgan edi.

Avvalroq “Tolibon” Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradagi hududini egallab olgani hamda tojik-afg‘on chegarasidagi vaziyat keskin deb baholanayotgani haqida xabar berilgandi. Keyinroq Afg‘onistonda hukumat qo‘shinlari “Tolibon” jangarilarini mamlakat shimolidagi bir nechta tumanlardan siqib chiqargani ma’lum bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlanganini e’lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar mintaqada ularning oldiga qo‘yilgan barcha maqsadlarga erishgan. Qurolli kuchlarni 11-sentabrgacha to‘liq chiqarib ketish rejalashtirilgan. Amerika va NATO mamlakatlari qo‘shinlari 29-apreldan chiqib ketishni boshladi. Ayni vaqtda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Afg‘onistondan qo‘shinlar chiqarib ketilgach, mamlakatda hokimiyat tepasiga “Tolibon” jangarilari kelishi mumkinligini istisno qilmadi.

Shuningdek, Amerika razvedkasi Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib ketish jarayoni tugaganidan so‘ng olti oy o‘tib Afg‘oniston hukumati qulashi mumkin, degan fikrda.